TAJRIBA



TAJRIBA — voqelikni amaliy jihatdan hissiy-empirik bilish jarayoni. Tajriba keng ma’noda — o’quv, malaka va bilimning birligidan iborat. Shuningdek, falsafada bilishning empirik usullaridan biri — eksperiment usuli ham Tajriba deb ataladi. Tajriba qadimdan falsafa tarixida muhim tadqiqot ob’yekti bo’lib kelgan. Sharq falsafasida biror narsadagi muayyan xossa yoki xususiyatni tekshirib ko’rish maqsadida o’tkazilgan sinov ham Tajriba deb atalgan. Abu Rayhon Beruniy Tajribani eksperiment va kuzatish bilan bog’lab tushuntirish tarafdori bo’lgan. U Ibn Sino bilan munozarada fikran faraz qilib ko’rishga nisbatan amaliy eksperiment ishonchliroq ma’lumot berishini ta’kidlab, fikriy mulohazalar og’izdan-og’izga o’tish bilan o’zgarib borishi va asl ma’nosini yo’qotishi mumkin deb, amaliy T.ning ahamiyatini yuqori qo’ygan. Empirizm va sensualizm vakillari bilimlarimizning eng ishonchli va yagona manbai hissiy ma’lumotlardir, deb hisoblashgan. Ularning fikricha, bilimlarda sezgilardan ilgari bo’lgan narsalarning o’zi yo’q, hamma bilimlar eng avvalo sezgilar orqali xreil qilinadi. Idealistik empirizm namoyandalari D. Yum, J. Berkli Tajriba asosida ob’yektiv reallik yotishini inkor etish asosida uni sezgilar majmuasidan iborat deb bilishgan. F. Bekon, Gobbs, Lokk, Didro, Gelvesiylar esa Tajribaning manbai moddiy olam deb materialistik empirizm nuktai nazarida turishgan. Ratsionalizm vakillari Dekart, Spinoza, Leybnis fikricha, olamni mantiqiy bilishda Tajribaga ehtiyoj yo’q, chunki Tajriba uzuq-yuluq, bir tomonlama, sayoz va yuzaki, nomukammal bilimlarni beradi. Bunday bilimlarni sistemalashtirish, umumlashtirish, chuqurlashtirish uchun akliy tafakkur kerak bo’ladi deb, bilishda Tajribaning rolini kamsitishadi. I. Kant Tajribani tushunishda rasionalizmni ham, empirizmni ham jiddiy tanqid qilgan. Uning fikricha, odamlar mushohadaning shunday bir aprior (tajribagacha bo’lgan) shakliga egaki, uning yordamida sezgilar orqali olingan ma’lumotlar sintez qilinadi va ular tasavvurdagi bo’yicha qat’iy tartibga solinadi. Gegel bilishni ko’p bosqichli deb tushunadi, u olamning bilish jarayonida erishgan natijalari bilan qo’ygan maqsadi o’rtasida doimo farq bo’ladi, ya’ni erishilgan natijalar maqsadga etmaydi, oqibatda biluvchi istagan narsa bilan erishgan natijani taqqoslash asosida predmetga qarash ham o’zgarib boradi va shu tarzda predmet haqidagi yangi bilimlar paydo bo’ladi, ana shu yangi bilimlarning hosil bo’lish jarayoni Tajribadir, deb hisoblaydi. Pragmatist va instrumentalistlar fikricha, Tajriba narsalardan “instrumental” ma’noda foydalanishdir, ekzistentsialistlar Tajribani sub’yektning bevosita ichki kechinmalari dunyosi sifatida talqin etadi, neopozitivistlar Tajribani sub’yekt ongining turli holatlari deb hisoblashadi. Markscha faylasuflar nazarida, Tajriba praktika (amaliyot) kategoriyasiga mansubdir. Kishilarning hayoti mobaynida orttirgan bilimlari, o’quv va malakalari majmuasi bo’lgan Tajriba avloddan avlodga o’tib boradi. Tajriba fanni boyitishning, nazariya va amaliyotni rivojlantirishning muhim vositasi bo’lib xizmat qiladi. Baxtiyor To’raev.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz