TABRIZ MINIATYURA MAKTABI



TABRIZ MINIATYURA MAKTABI — o’rta asrlarda Tabrizda shakllangan tasviriy san’atdagi uslubiy yo’nalish. Ilk namunalari 13-asr oxiri — 14-asrlarga mansub. Eng rivojlangan davri 16-asrning 30—40 yillariga to’g’ri keladi. Tabriz miniatyura maktabi san’atiga dastlabki davrda Sharq va G’arb mamlakatlari, ayniqsa, Xitoy miniatyurasining ta’siri kuchli bo’lgan. Keyinchalik bu san’at an’analari ijodiy o’zlashtirilib, yangi obraz tuzilishi, ranglar gammasiga ega bo’lgan uslub yaratilgan. 14-asrda, ayniqsa, 16-asrda Tabriz kitobat san’atinit muhim markaziga aylangan. 15-asrda markaz Hirotga ko’chiriladi, Hirot miniatyura maktabining shakllanishiga kuchli ta’sir ko’rsatgan. 16-asrda Tabriz safaviylarning markaziga aylangach, tasviriy san’at yana yuksaldi. Sulton Muhammad Tabriziy boshchiligidagi mahalliy rassomlarga Kamoliddin Behzodning bosh qilib tayinlanishi, Hirot miniatyurasi an’analari bilan Tabriz miniatyura maktabi an’analarining qo’shilib ketishi yuksak darajadagi kitobat san’atini yuzaga keltirdi: badiiy shakl mukammallashdi, ko’p shaklli murakkab kompozisiyalar yuzaga keldi, asarlar epik xarakterga ega bo’ldi, tasvirda me’moriy manzara keng o’rin egalladi, yangi serhasham bezaklari, nafis ritmi va yorqin bo’yoqlar tuzilishi o’z navbatida miniatyuraning ta’sirchanligi va jozibasini oshirdi. An’anaviy ishqiy, mifologik mavzular o’rnini saroy hayotini aks ettirishga intilish egalladi, mavzu doirasining kengayishi bilan rasmlarda demokratik ohanglar, xalq va uning urf-odatlari, real kundalik hayoti va tabiat manzaralari ham o’z aksini topdi, alohida varaqlarda asarlar yaratildi, dabdabali portret yuzaga keldi. Sulton Muhammad, Og’a Mirak, Qosim Ali, Mir Sayd Ali va boshqalar Tabriz miniatyura maktabining yirik vakillaridir. Tabriz miniatyura maktabi namoyandalari “Shohnoma” (1524, Sankt Peterburg), Nizomiyning “Xamsa”si (15-asr oxiri — 16-asr, Istanbuldagi To’pqopu saroyida), Rashiduddinning “Jomi’attavorix” (1528-29, Rossiya milliy kutubxonasida) va boshqa qo’lyozma kitoblarni badiiy bezagan. Tabriz miniatyura maktabi o’rnini Isfahon miniatyura maktabi egalladi. Biroq Tabriz miniatyura maktabi Eron, Turkiya, Hindiston miniatyura san’atiga yana ko’p yillar davomida ta’sir ko’rsatgan. Elmira Ismoilova.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz