TABIIY NITRATLAR
TABIIY NITRATLAR – minerallar sinfi, azot kislotasining tabiiy tuzlari. Tabiiy nitratlarning asosiy minerallari; natriyli, kaliyli, ammoniyli selitralar, darapskit, nitromagnezit, nitrokaltsit, nitrobarit, gerxardtit, likazit, buttgenbaxit. Strukturasi tabiiy karbonatlarnikiga o’xshash, lekin barqarorligi kam. Tabiiy nitratlar, odatda xiralashgan tuzsimon massalar, yupqa qoplama dog’lar sifatida va po’stloqchalar kurinishida uchraydi. Barcha selitralar suvda yaxshi eriydi, sovitish xususiyatiga ega. Tabiatda Tabiiy nitratlar, asosan, 2 yo’l bilan: biogen va quyosh radiasiyasi yoki chaqmoq chaqish ta’sirida atmosferadagi azotning oksidlanishi natijasida hosil bo’ladi. Tabiiy nitratlar quruq-issiq iqlim sharoitida to’planadi, aks holda ular suvda tez erib ketadi. Konlari Hindiston, Jazoir, Italiya, AQSh, Vengriya va boshqa mamlakatlarda bor. Chilida Tabiiy nitratlar galogenid, sulfat, selenat va ba’zi iodatlar bilan assosiasiyada uchraydi. Bu konlarda kaliy va natriy selitrasi asosiy zaxiralarni tashkil qiladi. Ishqorli Tabiiy nitratlar azotli organik jismlar va ishqorli tuzlar (masalan, tog’ jinslari darzliklari va bushliklarida kaliy va natriy selitralarining uyumlari)ning o’zaro ta’siri natijasida hosil bo’ladi. Hozirgi davrda Tabiiy nitratlar cheklangan miqdorda qazib olinadi, chunki azot birikmalarining asosiy massasi kimyoviy yo’l bilan olinadi. Tabiiy nitratlarning ko’p tarqalganlari — natriy va kaliy selitralari, asosan, azot kislotasi ishlab chiqarishda ishlatiladi. Tabiiy nitratlardan azotli o’g’itlar tayyorlashda foydalaniladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz