TABIIY GEOGRAFIK RAYONLASHTIRISH
TABIIY GEOGRAFIK RAYONLASHTIRISH — yer yuzasining ichki birligi va tabiatining o’ziga xos xususiyatiga ega hududiy bo’linmalari sistemasi. Tabiiy geografik rayonlashtirish — tabiiy geografiyaning sintez shakllaridan biri, ya’ni o’ziga xos ilmiy tadqiq qilish jarayonidir. Tabiiy geografik rayonlashtirishning ob’yekti — turli taksonomik qiymatga ega bo’lgan tabiiy hududiy komplekslar. Vazifasi esa, shu komplekslarni aniqlash, xaritaga tushirish va ma’lum tartib bilan tavsiflab berishdan iborat. Tabiiy geografik rayonlashtirish orqali geografik qobiqning tabiiy-hududiy komplekslarga tabaqalanish sabablari, ularning bir butunligi, chegaralari, strukturasi va ularda kechadigan tabiiy geografik jarayonlar aniqlanadi. Rayonlashtirish tabiiy muhitning barcha yoki deyarli barcha komponentlarini kamrab oluvchi belgilar majmui qamda relef, iqlim, tuproq va shu kabi aniq bir xususiy belgilari bo’yicha amalga oshiriladi. Har bir regionga zonal (yer yuzasiga tushadigan quyosh radiatsiyasining kenglik bo’ylab tarqalishi bilan belgilanadigan) va azonal (yer po’stining gipsometrik o’rni, uning tarkibi va harakati, dengiz va quruqliklarning nisbati) omillar ta’sir etadi. Tabiiy geografik rayonlashtirishning nazariy asosini hududiy tabiiy geografik differentsiatsiya qonuniyati tashkil etadi. Zonal belgilarga ko’ra tabiiy geografik mintaqalar, tabiiy geografik zonalar va tabiiy geografik kichik zonalar, azonal belgilarga kura tabiiy geografik o’lkalar va tabiiy geografik oblastlar ajratiladi. Raionlashtirishning so’nggi bosqichi — tabiiy geografik rayon bo’lib, u har ikki — zonal va azonal sharoitlarga mos bo’lishi kerak. Tabiiy geografik rayonlashtirishda ma’lum printsip va metodlar (komplekslilik printsipi, genetik birlilik, bir xillilik, hududiy umumiylik printsiplari va bosh omil metodi, landshaft tipologik xaritani tahlil qilib hududiy komplekslarni aniklash metodika amal qilinadi. Tabiiy geografik rayonlashtirishda aniqlangan tabiiy hududiy komplekslarni ma’lum bir tartib bilan xaritada aks ettirish va tavsiflab berishda taksonomik birliklar sxemasidan foydalaniladi. Masalan, O’rta Osiyo tabiiy geografik o’lkasini rayonlashtirishda quyidagi sxema qabul qilingan: o’lka — provintsiya — kichik provintsiya — okrug — rayon. Tabiiy geografik rayonlashtirish masshtabiga ko’ra 3 xil bo’ladi: mayda masshtabli (o’lka, zona, provintsiya kabi taksonomik birliklarni aniklash bilan bog’liq bo’lgan va masshtabi 1:1000 000 dan mayda bo’lgan rayonlashtirishlar), o’rta masshtabli (kichik provintsiya, okrug va rayon birliklari, masshtabi 1:1000 000 dan 1:100000 gacha) va yirik masshtabli rayonlashtirishlar (1:100000 va undan yirik masshtabli bo’lib, ko’proq kichik hududlarni tadqiq qilishda qo’llaniladi va bevosita dala sharoitida to’plangan ma’lumotlarga asoslanadi).
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz