TABIAT
TABIAT — odamning paydo bo’lgunicha ham, odam ishtiroki bilan ham mavjud borliq. Umuman — bu dunyo, odam, koinot; mikromakromega dunyolar; jonsiz va jonli borliq. Tor ma’noda — tabiat fanlari o’rganadigan ob’yekt. Tabiat odamga, jamiyatga bog’liq bo’lmagan qonuniyatga bo’ysunadi. Odam Tabiatning bir qismi. Odam Tabiat qonunlarini o’zgartira olmaydi, faqat qrnunlardan foydalanib, Tabiat elementlarini, qismlarini o’zlashtirishi mumkin. Tabiat tushunchasi insoniyat jamiyati yashashi tabiiy sharoitlarining majmui sifatida ham qaraladi. Inson yashashi uchun mehnat qiladi, mehnat (masalan, dehqonchilik, qurilish, sanoat), miya faoliyati va boshqalar esa Tabiatning ba’zi jihatlarini o’zgartiradi. Odam tomonidan, ya’ni ijtimoiy mehnat jarayonida yaratiladigan moddiy boyliklar shartli ravishda “ikkinchi Tabiat”deyiladi. Masalan, vodoroddan urangacha bo’lgan 92 ta kimyoviy element tabiiydir, undan keyingi kashf etilganlari sun’iydir. Barcha sun’iy sintetik kimyoviy birikmalar, odam yaratayotgan atom va yadro energiyalari “ikkinchi Tabiat”ga kiradi. Odamning Tabiatga munosabati tarixda o’zgarib va rivojlanib bordi. Antik falsafada Tabiatga stixiyali kuchlar (Demokrit), ideal dunyoning in’ikosi (Platon), uyg’un jarayon (Pifagor), mukammallik (Aristotel) deb qaralgan. Diniy ta’limotlarda Tabiat ruhiy ibtidoning moddiy gavdalanishi deb hisoblangan va Xudo Tabiatdan yuqori turadi deb tushunilgan. Uyg’onish davrida Tabiatga hamma tabiiy uyg’unlik va mukammallikning yuzaga chiqishi sifatida karaldi. Yangi davrda Tabiatga bo’lgan munosabat Tabiatning ilmiy o’rganish ob’yektiga aylanishida katta rol o’ynadi. Tabiat ob’yekti fazo va vaqtda mavjud modda, materiyadir. Ular cheksiz ma’lum narsalarning (elementar zarralar, antizarralar, qum, tosh, tuproq, suv, havo, jonsiz va jonli mavjudot, planetalar, yulduzlar, galaktikalar va boshqa samoviy jismlar, fizik maydonlar) majmuidan iboratdir. Bir vaqtlar (fanning so’nggi ma’lumotlari bo’yicha bundan 20 mlrd. yil avval) bu jismlar boshqa ko’rinishda bo’lgan. Bo’lajak milliard yillarda u yana o’zgarib boradi. Tabiat odamning, jamiyatning vatani. Odamning hayoti Tabiatning, biosferaning uyg’un sharoitiga bog’liq. Bu sharoit salbiy tomonga o’zgartirilsa, odamning normal yashashiga putur etkaziladi, ekologik muammolar paydo bo’ladi. Ilmiy-texnika yutuqlaridan noto’g’ri foydalanish — biosferaning buzilishiga olib keladi. Binobarin Tabiatni puxta bilib, undan samarali foydalanish, unga to’g’ri va oqilona munosabatda bo’lish lozim. Insonning Tabiatga bunday munosabatda bo’lishida fan asosiy omil bo’lib kelmoqda. Yer va koinotda insonning faoliyati faollashmoqda. Koinotning uzoquzoq joylari (masalan, metagalaktikalari) da, Tabiat yuz berayotgan hodisalarni kengroq va chuqurroq bilish Tabiat haqidagi tasavvurlarni kengaytiradi. Omonulpa Fayzullayev.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz