Швайнштайгер, Бастиан




Bastian Schweinsteiger (talaffuzi:  Bastian Shvaynshtayger , nemischa talaffuzi: [ˈbasti̯an ˈʃvaɪ̯nʃtaɪ̯ɡɐ] ( tinglang); 1984-yil 1-avgust, Kolbermoor, Bavariya) — nemis futbolchisi, markaziy yarim himoyachi ampluasida oʻynagan. Oʻzining pozitsiyasi boʻyicha eng yaxshi nemis futbolchilaridan biri boʻlgan. Uning nomi „Bayern Munich“ futbol klubi shon-sharaf zalidan joy olgan.

Schweinsteiger „Bayern Munich“ futbol klubi tarbiyalanuvchisi boʻlib, asosiy jamoaga oʻtganidan keyin 13 mavsumni oʻtkazgan. Bu vaqt ichida sakkiz marta Germaniya chempioni, yetti marta Germaniya kubogi sohibi, shuningdek, UEFA Chempionlar ligasi, klublar o‘rtasidagi jahon chempionati va UEFA Superkubogi g‘olibiga aylangan. 2012–2013-yilgi mavsumda futbolchi „Bayern Munich“ futbol klubi bilan treblga erishgan. 2015-yilda Schweinsteiger Angliyaning „Manchester United“ futbol klubiga oʻtgan, ammo bu klubning asosiy futbolchisiga aylana olmadi. Keyinchalik Bastian AQShdagi „Chicago Fire“ futbol klubiga oʻtib, bu klubda uch mavsum oʻtkazadi, 2019-yil oktyabr oyida futbolchilik faoliyatini yakunlaydi. Shundan soʻng Schweinsteiger ARD teleradiokompaniyasida televizion mutaxassis sifatida ishlay boshlagan.

Bastian Schweinsteiger 2004-yildan 2016-yilgacha Germaniya milliy futbol terma jamoasining asosiy tarkibida oʻynagan. Jamoa tarkibida 121 ta oʻyin oʻtkazib, ushbu jamoa tarixidagi eng koʻp oʻyinlar oʻtkazgan futbolchilar orasida toʻrtinchi oʻrinni qayd etgan. Bastian toʻrtta Yevropa chempionati va uchta jahon chempionatida ishtirok etgan, 2014-yilda jahon chempioni boʻlgan. Shundan keyin futbolchi terma jamoa sardori etib tayinlanadi va 2016-yilning avgustida terma jamoadagi faoliyatini yakunlaydi.

Tarjimayi holi



Bastian Schweinsteiger 1984-yil 1-avgust kuni Kolbermoor shahrida tavallud topgan. Bastian Alfred va Monica Schweinsteigerlarning ikkinchi farzandi boʻlib, akasi Tobias ham professional futbolchi boʻlgan. Otasi sport doʻkonida sotuvchilik, shuningdek, togʻ changʻi sporti bilan shugʻullangan. Alfred togʻ changʻi sportining gigant slalom turi boʻyicha Germaniya changʻi assotsiatsiyasining asosiy tarkibida boʻlgan, biroq jarohati tufayli professional faoliyatini yakunlashga majbur boʻlgan. Bastianning tog‘ chang‘i sayyohlik bazasiga egalik qilgan Hans ismli amakisi ham bor boʻlgan boʻlib, shu sababdan Schweinsteiger bolaligidan changʻi sportiga qiziqa boshlaydi, ammo bu bilan cheklanib qolmagan. Bastian xokkey, basketbol, ​​tennis, golf va futbol oʻynab, ushbu sport turlarining har birida yaxshi natijalarga erishgan. Keyinchalik otasi Bastianning bolalikdan sport bilan shugʻullanishi futboldagi faoliyatida yordam berganini aytgan: changʻi sporti tufayli koordinatsiyasi rivojlandi va golf tufayli esa aqliy qobiliyatlari oshdi.

Vaqt oʻtishi bilan futbol yosh Bastianning sevimli mashgʻulotlari orasida asosiy oʻrinni egallaydi. Toʻrt yildan koʻp boʻlmagan vaqt ichida futbolchi bolalar jamoasida mashq qila boshlaydi. Bastianning birinchi futbol klubi Oberaudorf boʻlib, bu klubga akasi bilan birga qabul qilingan. Bolalar oʻrtasidagi futbol musobaqalarida Bastian yuqori koʻrsatkichlari bilan ajralib turgan, bu esa unga yuqori darajadagi futbol klubi „Rosenheim 1860“ jamoasiga oʻtish imkonini berdi. Schweinsteigerning iqtidori oʻshandayoq sezilgan, ammo bundan tashqari futbolchining irodasi, fidoyiligi va jamoaviy ruhi murabbiylarni oʻziga jalb qilgandi. Bastian Schweinsteiger haqidagi biografik kitob muallifi Lyudvig Krammer taʼkidlaganidek, futbolchi bolaligidan oʻzining yetakchilik fazilatlari bilan ajralib turgan. Hatto yoshi kattaroq jamoada ham Schweinsteiger gʻalaba qozonish gʻayrati bilan boshqalarni ruhlantira olardi. Koʻrgazmali mashgʻulotlarning birida Bastianni boʻlajak jamoadoshi Mats Hummelsning otasi, „Bayern Munich“ futbol klubining yoshlar jamoasi murabbiyasi Herman Hummels payqab qoladi. Murabbiy Myunxen klubi rahbariyatiga yosh futbolchi haqida maʼlum qiladi, natijada „Bayern Munich“ futbol klubining muxlisi boʻlgan Bastian 14 yoshida ikkinchi marta jamoasini oʻzgartiradi.

Shaxsiy hayoti



Bastian musiqa, do‘stlar bilan uchrashish, sayohat qilish va kitob o‘qishni o‘zining sevimli mashg‘ulotlari deb biladi. Schweinsteiger basketbolni ham yaxshi ko‘radi, tez-tez „Bayern Munich“ basketbol jamoasining o‘yinlarida qatnashgan. Bastian togʻ changʻichisi Felix Neureuther bilan bolalikdan doʻst, yana nemis professional basketbolchisi Steffen Hamann bilan ham. Futbolchi bir marta basketbol to‘pining halqaga tushishini taqlid qilgan holda golini nishonlagan.

2007-yildan 2014-yil iyuligacha Bastian nemis modeli Sarah Brandner bilan uchrashgan. 2014-yil sentyabr oyida Schweinsteiger serbiyalik tennischi Ana Ivanovich bilan uchrashishni boshlaydi. 2016-yil 12-iyulda juftlik Venetsiyada turmush qurishgan. Nikoh marosimi Palazzo Cavalli-Franchetti saroyida bo‘lib o‘tgan. 2018-yil 19-martda oʻgʻli Luka tugʻiladi. 2019-yil 30-avgustda o‘g‘li Leon tug‘ilgan. 2023-yil fevralda oila uchinchi farzand kutayotganligini maʼlum qilishadi. 2023-yil mayida juftlikning uchinchi oʻgʻli tugʻilgan.

Uning familiyasi Schweinsteig so‘zidan olingan bo‘lib, „cho‘chqa katagi“ (Schwein „cho‘chqa“ + stige „katak“) degan ma’noni bildiradi. Bastian Schweinsteiger faoliyatining dastlabki yillarida ingliz tilidagi matbuot va muxlislar uning familiyasini „choʻchqaboqar“ (inglizcha: pig-climber) deb noto‘g‘ri tarjima qilishgan, Schweinsteigerning Myunxendagi kolbasa ishlab chiqaruvchi korxonasiga qarshi da’vosi matbuot xabarlarida keng yoritilgan, sababi korxona o‘z mahsulotlarini „Shvayni“ deb nomlagan. Ba’zan matbuotda Bastian ismi o‘rniga, Sebastyan nomi noto‘g‘ri ko‘rsatilgan.

2015-yilda Xitoyning „Dragon in Dreams“ nomli o‘yinchoq ishlab chiqaruvchi korxonasi yuzi Schweinsteigerga oʻxshash Vermaxt askari qoʻgʻirchogʻini ishlab chiqargan, korxona qo‘g‘irchoqni ishlab chiqarishda ehtimol, futbolchining qiyofasidan foydalangan boʻlishi mumkin. Qo‘g‘irchoq „Bastian“ nomi bilan sotilgan. Bu esa ommaviy axborot vositalarida juda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi, ammo oʻyinchoq ishlab chiqaruvchi korxona bu o‘xshashlikni shunchaki tasodif, qo‘g‘irchoqda „oddiy nemis“ tasvirlangan deb hisoblashgan. Boʻlib oʻtgan sud jarayonidan so‘ng qo‘g‘irchoq sotuvdan olib tashlangan.

Schweinsteiger 2019-yil oktyabr oyida sportni tark etganidan bir necha kun o‘tgach, ARD teleradiokompaniyasi Bastianni 2022-yilda Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga qadar keyingi uch yil davomida futbol o‘yinlarini translyatsiya qilish bo‘yicha mutaxassis bo‘lganini e’lon qiladi. 2020-yil Amazon Prime Video videoservisida Bastian Schweinsteiger haqida Til Schweigerning „Schw31ns7eiger Memories: Von Anfang bis Legende“ hujjatli filmi chiqqan. Film nomidagi raqamlar Schweinsteigerning „Bayern Munich“ klubidagi 31 va milliy terma jamoadagi 7 raqamlariga ishora qilingan.

Futbolchilik faoliyati



FC Bayern Munich



Jamoasini o‘zgartirganiga qaramay, Bastian ota-onasi bilan „Bayern Munich“ futbol klubining mashg‘ulot majmuasidan 90 km uzoqlikdagi Oberaudorfda yashashda davom etdi. Bu esa qiyinchilik tug‘dirar, dastlab onasi mashgʻulotga futbolchini olib borgan, keyinchalik esa klub yoshlar jamoasi futbolchilari uchun alohida mikroavtobus oladi. „Bayern Munich“ futbol klubining yoshlar jamoasidagi o‘ynashdan tashqari, Bastian oddiy maktabga ham qatnar, u yerda asosan matematikani yaxshi oʻzlashtirgan. Maktabni tamomlagach, futbolchi klub yotoqxonasiga joylashadi. Myunxen klubdagi faoliyatining boshida Bastianning bosh murabbiysi Stephan Beckenbauer boʻlgan. 2001-yilda jamoasi bilan birgalikda 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Germaniya chempionatida g‘olib chiqqan. Bu vaqtda Bastianga Germaniyaning boshqa bir klubi „Hamburger SV“ qiziqish bildirgan, ammo futbolchi oʻz klubida qolishga qaror qiladi. Bir yil o‘tib, Bastian yana Germaniya chempionati g‘olibiga aylandi, bu safar ushbu hodisa 19 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida oʻtkazilgan musobaqada sodir bo‘ldi. Soʻngra Schweinsteiger „Bayern Munich II“ futbol klubini boshqargan murabbiy Hermann Gerland bilan ishlay boshladi. Ushbu murabbiyning kuchli talabi va qat’iyligi bilan ajralib turishi Bastian Schweinsteigerda taassurot qoldirgan. 2002-yil 2-martida Bastian „Bayern Munich II“ futbol klubida debyut oʻyinini oʻtkazdi, yaʼni o‘yin oxirida zaxiradan maydonga tushgan. Bastian Schweinsteigerning navbatdagi o‘yini bor-yo‘g‘i ikki oydan soʻng bo‘lib o‘tdi, ammo shundan so‘ng murabbiy futbolchiga ishonch bildirib, tez-tez oʻyinga qoʻya boshlaydi.

2002-yil kuzida „Bayern Munich“ 2002–2003-yilgi Chempionlar ligasining guruh bosqichida samarasiz o‘yin ko‘rsatdi. Beshta o‘yindan so‘ng nemis klubi bor-yo‘g‘i bitta ochko to‘playdi, shu bois ham klub o‘z guruhida oxirgi o‘rinni egallagan. Aynan shu pallada Bastian asosiy tarkibga o‘tgan va 13-noyabr kuni guruh bosqichining so‘nggi o‘yinida Fransiyaning „Lans“ klubi jamoasiga qarshi o‘yinda ilk bor jamoaning asosiy tarkibida maydonga tushdi. Jamoa bosh murabbiysi Ottmar Hitzfeld futbolchini ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida oʻyinga tushirgan. Uchrashuv 3:3 hisobidagi durang bilan yakunlandi, ammo „Bayern Munich“ baribir guruhdan chiqa olmaydi. Dastlab Bastian oʻzining oʻrni boʻlgan yarim himoya markazida emas, balki asosan qanotlarda o‘ynagan, chunki oʻz pozitsiyasida raqobat kuchli boʻlgandi. 2002-yil 7-dekabrda „VfB Stuttgart“ bilan boʻlgan uchrashuvda Bundesligadagi debyutini oʻtkazib, soʻngra o‘zining birinchi professional shartnomasini imzolaydi. Fevral oyi boshida Germaniya kubogi doirasidagi „FC Köln“ jamoasiga qarshi o‘yinda Bastian Myunxen klubi safida o‘zining birinchi golini urdi, uning urgan gol o‘sha uchrashuvda uchinchi gol bo‘lib, yakuniy hisob 8:0 bilan tugaydi. Hitzfeld murabbiyligida Schweinsteiger sportchi jihatidan o‘sdi, chunki murabbiy futbolchiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lgan. Oʻzining 1-mavsumida klubning asosiy tarkibida boʻlgan Bastian 14 ta o‘yin o‘tkazdi, shuningdek, ikkita turnir Germaniya kubogi va Germaniya chempionati g‘olibiga aylandi.

2003–2004-yilgi mavsumda jamoa Chempionlar ligasining guruh bosqichidan chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Nimchorak finalda esa „Real Madrid“ bilan to‘qnash keldi. Ispaniya klubiga qarshi birinchi o‘yinda Bastian maydonga tushmadi, zaxirada qolgan, ikkinchi o‘yinda esa 0:1 hisobi qayd etilganida oʻyinga tushirilgan. Yosh nemis oʻyinda paydo bo‘lishiga qaramay, uchrashuvda boshqa gol kiritilmaydi, shu sababli klub turnirni tark etadi. Mag‘lubiyatga qaramasdan, Schweinsteiger uchun bu o‘yin hal qiluvchi o‘yinlardan biriga aylandi. Keyinchalik Bastian Schweinsteigerning o‘zi ham tan olishicha, o‘sha o‘yindan soʻngra o‘ziga boʻlgan ishonchni his qildi, chunki jamoadagilar hatto qiyin vaziyatda ham unga ishonch bildira boshladilar. Bastian futbolchi sifatida o‘sishiga qaramasdan, „Bayern Munich“ futbol klubi muvaffaqiyatsizlikka uchrayverardi. Germaniya kubogida klub chorak final bosqichidagi o‘yinini yakunlaydi, „Werder Bremen futbol klubi chempion bo‘ldi. Salbiy natijalar tufayli Hitzfeld ishdan bo‘shatildi va uning o‘rnini Felix Magath egallaydi. Yangi murabbiy darhol Bastiannni oʻyinga jalb qilishni boshlamaydi, shu tufayli futbolchi hatto unga qiziqish bildirgan „Bayer 04 Leverkusen“ futbol klubiga oʻtish uchun muzokaralarni boshlaydi, ammo klub boshqaruvi raisi Karl-Heinz Rummenigge Schweinsteigerni qo‘yib yuborishdan bosh tortdi. Soʻngra Bastian Schweinsteigerning o‘zi Myunxen jamoasi tarkibida o‘ynashni xohlayotganini tan olgan. Murabbiy bilan munosabatlaridagi ilk qiyinchiliklarga qaramay, murabbiy va futbolchi umumiy til topishdi.

Schweinsteigerning maydondagi oʻrni Hitzfeld murabbiyligida ham, Magath boshqaruvida ham nomutanosib boʻlgan, bu murabbiylar futbolchini markaziy hujumchi va markaziy himoyachidan tashqari deyarli barcha pozitsiyalarda oʻynatishdi. 2008–2009-yilda klubga Magathning o‘rniga olingan yangi murabbiy Jürgen Klinsmann 3-4-2-1 sxemasida Ze Roberto bilan birga Bastianni qanot o‘yinchisi sifatida yoki yarim himoyachi sifatida oʻynatishni afzal ko‘rdi. Yangi murabbiy jamoa ishonchini qozona olmadi. Chempionlar ligasida kub Ispaniyaning „Barcelona“ jamoasiga ikki uchrashuvda 1:5 hisobida imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, milliy chempionatda ham natijalar qoniqarsiz edi. Natijada klubda keyingi mavsumda Chempionlar ligasiga chiqa olmaslik xavfi paydo boʻldi, shu sababdan Klinsmann ishdan bo‘shatildi. Jupp Heynckes vaqtincha bosh murabbiy etib tayinlandi, oldin Bastian bilan klubning ikkinchi jamoasida ishlagan Hermann Gerland esa murabbiyning yordamchisiga aylandi. „Borussia Mönchengladbach“ futbol klubiga qarshi yangi murabbiy boshchiligidagi birinchi o‘yinda Schweinsteiger hisobni ochgan va buning evaziga „Bayern Munich“ 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Heynckes qo‘l ostida jamoaning natijalari yaxshilandi, Myunxen klubi chempionatda ikkinchi o‘rinni egallaydi. Franck Ribéry bilan birga Bastian ham o‘zini eng yaxshi tomondan ko‘rsatdi. Heynckes avvalgi murabbiylardan farqli o‘laroq, futbolchidan Mark van Bommel bilan juftlikda markazda foydalangan.

Mavsum yakunida Heynckes o‘z lavozimini tark etdi, Louis van Gaal bosh murabbiy etib tayinlandi. Dastlab murabbiy Schweinsteigerni qanotga qaytardi, ammo qanot yarim himoyachisi Arjen Robben sotib olganidan so‘ng yana Bastianni maydon markaziga o‘tkazgan. Gollandiyalik murabbiy qo‘l ostida klub 2009–2010-yilgi mavsumni omadsiz boshlaydi, biroq Schweinsteiger va van Bommelning maydon markazidagi muvaffaqiyatli hamkorligi tufayli vaziyat barqarorlashdi. Mavsum oxirida „Bayern Munich“ chempionlikni qo‘lga kiritish bilan birga Germaniya kubogini ham qo‘lga kiritdi, finalda Schweinsteigerning o‘zi ham „Werder“ darvozasiga gol urdi. Bundan tashqari, Myunxen klubi Chempionlar ligasi finaliga chiqdi va unda Italiyaning „Inter“ jamoasi bilan to‘qnash keldi. Ammo bu o‘yinda „Bayern Munich“ 0:2 hisobida mag‘lubiyatga uchraydi. Myunxen klubining sobiq futbolchisi Paul Breitner ta’kidlaganidek, turli pozitsiyalarda o‘ynash Schweinsteigerga markaziy yarim himoyachi sifatlarini oshirish imkonini berdi, shu tufayli futbolchi o‘yinni turli rakurslardan kuzatishi mumkin edi. 2010-yilning yozida „Real Madrid“, „Chelsea“ va „Juventus“ Schweinsteigerning transferiga qiziqish bildirishgan, biroq Bastian „Bayern Munich“ bilan shartnomasini 2016-yilgacha uzaytirdi. 2010–2011-yilgi mavsumda Schweinsteiger asosan pleymeyker vazifasini bajardi va muhim gollarni urdi. Germaniya kubogining 2-bosqichida „Werder“ga qarshi o‘yindagi ikkita golni ham futbolchining oʻzi urdi va buning evaziga „Bayern Munich“ g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga chiqib oladi.

2011-yil 2-noyabrida Schweinsteiger Chempionlar ligasi guruh bosqichi doirasida „Napoli“ jamoasiga qarshi o‘yinda (3:2 hisobida g‘alaba qozongan) oʻmrov suyagini sindirib oladi, shu sababli 2011-yilning oxirigacha safdan chiqadi. 2012-yil 8-fevralida Germaniya kubogi chorak finalida „Stuttgart“ futbol kulbiga qarshi o‘yinda (hisob 2:0) yana jarohat olib, bir necha hafta o‘ynay olmaydi. 2012-yil 25-aprelida Chempionlar ligasi yarim finalida „Bayern Munich“ „Real Madrid“ bilan to‘qnash keldi. Ikki o‘yindan so‘ng hisob tenglashdi, shu sababli ikkinchi o‘yinda dastlab qo‘shimcha bo‘limga, keyin esa penaltilar seriyasiga o‘tildi. Schweinsteiger oxirida chiqib, o‘z zarbasini golga aylantirdi va klubni 2012-yilgi Chempionlar ligasi finaliga olib chiqdi. „Bayern Munich“ futbol klubining uy stadionida boʻlib oʻtgan uchrashuvda jamoa „Chelsea“ bilan toʻqnashdi. Oʻyin davomida g‘olibni aniqlanmaydi, o‘yin penaltilar seriyasiga qadar davom etgan. Beshinchi bo‘lib Petr Čech darvozasiga zarba bergan Schweinsteiger gol ura olmaydi, shundan so‘ng „Bayern Munich“ darvozasiga gol urgan Didier Drogba „Chelsea“ga g‘alaba keltirdi. 2012–2013 yilgi mavsumda Bastian jamoaga yangi kelgan Javi Martínez bilan birga markaziy yarim himoyachi sifatida o‘ynashda davom etdi. 2012-yil 29-sentyabrda „Werder“ bilan oʻyinda Schweinsteiger „Bayern Munich“ safidagi 400-uchrashuvini o‘tkazdi. 2013-yil 6-aprel kuni futbolchi Frankfurtning „Eintracht“ klubi darvozasiga gol urdi, bu yagona gol jamoaning oʻyinda g‘alaba qozonishiga va Bundesliga chempionligini qo‘lga kiritishiga sabab boʻlgan. Bundan tashqari, klub ketma-ket ikkinchi marta Chempionlar ligasi finaliga chiqishga muvaffaq bo‘ldi, unda Myunxen klubi Dortmundning „Borussia“ klubini 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Natijada Bastian ilk bor Chempionlar ligasida g‘alaba qozongan. 1-iyun kuni „Bayern Munich“ Germaniya kubogini ham qo‘lga kiritdi. Shunday qilib, 2012–2013-yilgi mavsum „Bayern Munich“ va Schweinsteiger uchun „trebl“ bilan yakunlandi.

2013–2014-yilgi mavsum oldidan Bastian to‘pig‘idan jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan. 2013-yil 9-avgustda futbolchi Bundesligadagi 300-uchrashuvini o‘tkazdi, keyin „Bayern Munich“ o‘z uyida „Borussia Mönchengladbach“ni 3:1 hisobida mag‘lub etgan. Shundan soʻng Schweinsteiger birinchi marta UEFA superkubogini qo‘lga kiritdi, „Bayern Munich“ Angliyaning „Chelsea“ jamoasini penaltilar seriyasida mag‘lub etgan, ammo futbolchining o‘zi jarohati tufayli bu o‘yinda ishtirok etmagan. Soʻngra ushbu o‘yinlari uchun futbolchi Germaniyada yilning eng yaxshi futbolchisi deb tan olingan. 2013-yilning noyabrida Schweinsteiger to‘pig‘idagi davom etayotgan muammolar tufayli yana operatsiya qilinishi ma’lum bo‘ladi. Fevral oyi boshida futbolchi operatsiyadan so‘ng jamoa bilan mashg‘ulotlarga qaytdi. Mart oyi oxirida Bastian yana „Bayern Munich“ bilan muddatidan avval chempionlikni qo‘lga kiritdi. 2013–2014-yilgi Chempionlar ligasi chorak finalida „Manchester United“ jamoasiga qarshi birinchi o‘yinda Schweinsteiger gol urib, hisobni tenglashtirdi (1:1), ammo keyinroq oʻyindan chetlatilgan. Bastian jarohati sabab Germaniya kubogi uchun 17-may kuni bo‘lib o‘tgan final o‘yinni o‘tkazib yuborgan, bu o‘yinda „Bayern Munich“ Dortmundning „Borussia“ klubini qo‘shimcha bo‘limlarda 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Schweinsteiger yettinchi marotaba Germaniya kubogini qoʻlga kiritdi.

Tizzasidagi muammolar tufayli Bastian 2014–2015-yilgi mavsum startini o‘tkazib yubordi. Birinchi marta furbolchi maydonga faqat noyabr oyida qaytgan. O‘sha mavsumda klub yana Bundesligada g‘alaba qozondi, ammo bu kubok o‘sha mavsumda ushbu klub uchun yagona sovrin boʻlib qoldi. 23-may kuni „Mainz 05“ futbol klubiga qarshi o‘yin (hisob 2:0) Schweinsteigerning „Bayern Munich“ safidagi 500-o‘yini bo‘ldi va bu oʻyinda futbolchi gol urdi. Bu o‘yin Bastian uchun jamoasidagi oxirgisi bo‘lgan. „Bayern Munich“ futbol klubidagi 17 yillik faoliyatidan so‘ng futbolchi 2015-yilning yozida klubni tark etdi. Myunxen jamoasning so‘nggi mavsumlarida Schweinsteiger mukammal formada boʻlmay, ko‘plab jarohatlari mavjud edi, bu esa futbolchining klubnii tark etish haqidagi yakuniy qaroriga asosiy sabablardan biri boʻlgandi. Shuningdek, jamoa bosh murabbiysi Pep Guardiolaning asosiy tarkibni tanlash borasidagi qarori ham o‘z ta’sirini o‘tkazgan, murabbiyning talablarini tezkor futbolchilar yaxshiroq qondirishgan boʻlib, ular orasida Schweinsteiger yo‘q edi.

Manchester United F.C.



2015-yil 13-iyulda Bastian Schweinsteiger Angliyaning „Manchester United“ klubiga o'tishi rasman eʼlon qilindi, futbolchi ushbu jamoa bilan uch yillik shartnoma imzolaydi. Germaniyalik yarim himoyachi ushbu klubni foydali shartnomasi hamda avvalroq „Bayern Munich“ni boshqargan murabbiy Louis van Gaal bilan qayta ishlash imkoniyati tufayli tanlagan. Bastian Myunxen klubi muxlislari bilan xayrlashmoqchi bo‘lganiga qaramay, o‘sha paytda buning uchun qulay imkoniyat topilmaydi. Dastlab Manchester jamoasida futbolchiga 23-raqami berilgan, ammo mavsumning rasmiy boshlanishidan oldin futbolchi o‘z raqamini „Bayern Munich“da ishlatgan 31-raqamiga o‘zgartirdi. Eng yaxshi holatida boʻlmagan Schweinsteigerni murabbiy yana eng yaxshi holatiga qaytarishga qaror qiladi va futbolchiga chuqur ishonch bildiradi. Biroq mavsumga tayyorgarlik ancha omadsiz kechdi: Bastian ko‘plab mayda jarohatlar va mushaklardagi og‘riqlarga ega edi, shu sababli futbolchi „Tottenham Hotspur“ futbol klubiga qarshi birinchi o‘yinida zaxirada qoldi. O‘sha o‘yinda Schweinsteiger, yaʼni ikkinchi bo‘limda Michael Carrick oʻrniga maydonga tushirildi va „qizil iblislar“ safida rasmiy debyutini oʻtkazdi.

Bastian „Manchester United“ futbol klubida o‘ynagan birinchi nemis bo‘lgan. Keyinchalik futbolchi bir muncha vaqt asosiy tarkibdan joy olishga muvaffaq bo‘ldi. 28-noyabr kuni Bastian „Leicester City“ futbol klubiga qarshi o‘yinda (1:1) hisobni tenglashtirib, klubdagi ilk golini urdi, shundan so‘ng klub muxlislari futbolchini klubdagi oyning eng yaxshi futbolchisi deb e’tirof etishgan. Biroq kelajakda futbolchini omadsiz davr kutayotgandi. „Manchester United“ futbol klubi 2015–2016-yilgi mavsumda „Wolfsburg“ futbol klubi tomonidan Chempionlar ligasidan chiqarib yuborilganidan so‘ng, bosh murabbiy van Gaal Schweinsteigerni klubning muvaffaqiyatsiz o‘yini uchun aybdorlardan biri deb atagan va nemis „endi oldingidek emas“ligini taʼkidlaydi. 7-dekabr kuni Angliya futbol assotsiatsiyasi Bastianni „West Ham United“ futbol klubiga qarshi o‘yinda Winston Reid bilan to‘qnashuvi uchun uchta o‘yinga diskvalifikatsiya qilgan. Mavsum oxirida futbolchi Manchester klubi tarkibida o‘zining birinchi va yagona sovrini Angliya kubogini qo‘lga kiritdi, oʻshanda klub ushbu turnir finalida „Crystal Palace“ futbol klubini 2:1 hisobida mag‘lub etgandi . Kubokni qo‘lga kiritganiga qaramay, Louis van Gaal mavsum oxirida ishdan bo‘shatildi.

Yangi murabbiy etib José Mourinho tayinlandi, murabbiy klubga kelganidan so‘ng, Schweinsteigerni jamoaning asosiy o‘yinchisi sifatida mutlaqo hisoblamasligini qat’iy ta’kidlaydi. Avvaliga murabbiy Bastianni yozda „Galatasaroy“ bilan o‘rtoqlik o‘yiniga olib bormaydi va avgust oyi boshida Bastian asosiy tarkibdan butunlay chetlashtirildi, shu paytdan boshlab futbolchi yoshlar jamoasida shug‘ullanishi kerak edi. Mourinho futbolchini klubdagi eng kuchsiz yarim himoyachi deb hisoblagan, ammo Schweinsteiger baribir jamoani tark etmaydi. Bu murabbiy va futbolchi o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilamaydi, lekin Bastian har doim provokatsiyalarga qaramay, imzolangan shartnoma talablarini bajarishga va o‘zini xushmuomalalik bilan tutishga harakat qilgan. Mourinho boshchiligida Schweinsteiger Angliya Premyer-ligasi o‘yinlariga bor-yo‘g‘i to‘rt marta asosiy tarkibga kiritilgan, biroq futbolchi hech qachon maydonga tushirilmagan. Ammo boshqa turnirlarda Schweinsteiger hali ham bir nechta o‘yin o‘tkazgan va hatto gol ham urgan. O‘sha mavsumda nemis futbolchisiga faoliyatini davom ettirishi mumkin bo‘lgan variant Amerika ligasi — MLSga o‘tish bo‘lib tuyulgan. Futbolchi 2017-yil mart oyida ushbu ligaga bordi. Manchesterdan ketganidan so‘ng, bosh murabbiy Mourinho ochiqchasiga Bastian bilan bog‘liq vaziyatdan afsusda ekanligini tan oladi, sababi yaqindan muloqot qilish va futbolchining xatti-harakatlarini kuzatishi Bastian haqidagi fikrini o‘zgartirgandi.

Chicago Fire FC



2017-yil 21-mart kuni AQShning „Chicago Fire“ futbol klubi Schweinsteigerni belgilangan o‘yinchi qoidasiga (inglizcha: The Designated Player Rule, „Beckham qoidasi“) ko‘ra transfer qilganini e’lon qildi. Futbolchi ligadagi eng ko‘p maosh oluvchi futbolchilardan biriga aylandi. 1-aprel kuni Bastian yangi klubida debyut uchrashuvini o‘tkazdi, „Montréal Impact“ bilan uchrashuv 2:2 hisobidagi durang natija qayd etilgan va Schweinsteigerning o‘zi gollardan birini kiritgandi. Bastianning Chikagodagi birinchi mavsumida bu klub ligadagi 16 o‘yindan 10 tasida g‘alaba qozondi va nemisning o‘zi jamoaning asosiy o‘yinchilaridan biriga aylandi. Schweinsteiger MLSda ko‘pchilik futbolchilarning jismoniy holati yaxshi, biroq ularning o‘yin haqidagi tushunchasi zaifroq ekanligini ta’kidlaydi. Aynan Bastian o‘z jamoasining o‘yinini boshqarishi kerak boʻlgan. Futbolchi 2017-yilda MLS yulduzlari o‘yinida ishtirok etib, bu o‘yin penaltilar seriyasida raqib „Real Madrid“ning g‘alabasi bilan tugagan. 2018-yilning yanvarida Bastian klub bilan shartnomasini bir yilga uzaytirdi. AQShdagi ikkinchi mavsumida futbolchi asosan erkin himoyachi sifatida oʻynatilgan. Ushbu mavsumda „Chicago Fire“ jamoasi Schweinsteigerning sobiq jamoasi „Bayern Munich“ bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazgan. Bu uchrashuv 2018-yil 28-avgust kuni „Allianz Arena“ stadionida bo‘lib o‘tdi, nemis klubi bilan oʻyinni Bastian xayrlashish maqsadida o‘tkazgani, chunki futbolchiga „Bayern Munich“dan ketganidan keyin bu imkoniyat taqdim etilmagandi. Bavariyaliklar 4:0 hisobida g‘alaba qozonishdi, Schweinsteiger esa boʻlimlar boʻyicha har bir jamoada oʻyin o‘tkazib, gol urgan. Bastianning MLSdagi uchinchi mavsumi tugaganidan so‘ng, 2019-yil 8-oktyabrda oʻzining futbolchilik faoliyatini tugatganini e’lon qildi.

Germaniya milliy futbol terma jamoasi



Schweinsteiger 2004-yilda Germaniya milliy futbol terma jamoasida ilk o‘yinini o‘tkazgan. Vengriyaga qarshi o‘yin Germaniyaning 0:2 hisobidagi mag‘lubiyati bilan tugaydi.Futbolchi 21 yoshgacha bo‘lgan Germaniya terma jamoasi tarkibida yoshlar jamoalari o‘rtasidagi Yevropa chempionatida o‘ynaganidan so‘ng, Bastian 2004-yilgi Yevropa chempionati uchun asosiy jamoaga chaqirildi, ammo futbolchi Germaniyaning pley-offga chiqishiga yordam bera olmaydi .

Terma jamoadagi debyutidan bir yil o‘tib, Schweinsteiger terma jamoadagi ilk golini, Rossiya bilan o‘rtoqlik uchrashuvida urishga muvaffaq bo‘lgan. 10 kun o‘tgach, 2005-yil 18-iyunda futbolchi birinchi marta rasmiy turnirdagi o‘yinda gol urdi va bu uning jamoasiga Konfederatsiyalar kubogida Tunisni 3:0 hisobida mag‘lub etishga yordam berdi. Keyinchalik Bastian 2006-yilgi jahon chempionati uchun jamoa tarkibiga kiritildi. Germaniya Portugaliya bilan uchinchi o‘rin uchun o‘yinda ishtirok etdi, unda Schweinsteiger asosiy rollardan birini o‘ynaydi: futbolchi ikkita gol urishga muvaffaq bo‘lgan, buning natijasida nemis jamoasi 3:1 hisobida g‘alaba qozondi va o‘z maydonida bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Bastian o‘sha uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan. Gollarning biri Schweinsteiger ishtirokida kiritilgan: futbolchining zarbasidan so‘ng portugaliyalik Armando Petit to‘pni o‘z darvozasiga kiritib qoʻygan.

2008-yilgi Yevropa chempionatida Schweinsteiger Xorvatiya terma jamoasi bilan guruh bosqichidagi o‘yinning antiqahramoniga aylandi, yaʼni futbolchi oʻyindan chetlatildi va o‘yinning o‘zi esa 1:2 hisobidagi mag‘lubiyat bilan yakunlandi. Turnirning chorak finalida Portugaliyaga qarshi o‘yinda Bastian o‘z jamoasi tomonidan kiritilgan barcha uchta golda ishtirok etgan: futbolchi gol uradi va ikkita golli uzatmani amalga oshirgan hamda Germaniyaga 3:2 hisobida g‘alaba qozonish imkonini bergan. Turkiya bilan yarim finalda Schweinsteiger yana gol urdi, nemislar 3:2 hisobida g‘alaba qozondi va turnir finaliga chiqdi, ammo bu uchrashuvda Ispaniya jamoasi g‘alaba qozondi. 2009-yil iyun oyida Bastian birinchi marta Germaniya terma jamoasi sardori sifatida maydonga tushdi, bu Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida sodir bo‘lgan.

2010-yilgi jahon chempionatidan oldin terma jamoa sardori va asosiy yarim himoyachisi Michael Ballack jarohat olgan, uning o‘rniga aynan Schweinsteiger kelishi kerak boʻlgandi. Natijada Bastian ushbu turnirda jamoasining barcha yetti o‘yinida maydonga tushdi va xuddi ikki yil avval, 2008-yilgi Yevropa chemiponatidagi kabi Germaniya Ispaniyaga mag‘lub bo‘ldi, ammo bu safar mag‘lubiyat yarim final bosqichida yuz bergan. Bronza medallari uchun Urugvayga qarshi kechgan bahsda nemislar 3:2 hisobida gʻalaba qozongan. O‘sha o‘yinda Philipp Lahm yo‘qligi sababli aynan Schweinsteiger o‘z jamoasi sardori boʻlgandi. Futbolchi 2010-yilgi jahon chempionatida muxlislarning eng yaxshi futbolchilar ramziy terma jamoasi tarkibiga kiritilgan.

2011–2012-yilgi mavsumda Bastian jarohati tufayli ko‘plab o‘yinlarni o‘tkazib yubordi, hatto futbolchining bo‘lajak Yevropa chempionatidagi ishtiroki ham so‘roq ostida qolgan, ammo yakunda futbolchi o‘z terma jamoasi o‘yinlarida qatnasha oldi. Biroq Schweinsteiger jarohatdan to‘liq forig‘ bo‘lishga ulgurmaydi, shuning uchun ham ba’zida futbolchi yaxshi o‘yin ko‘rsata olmagan. Umuman olganda, 2012-yilgi Yevropa chempionatida Bastian Schweinsteiger beshta uchrashuv o‘tkazib, bitta ham gol ura olmaydi. Germaniya yarim finalga chiqishga muvaffaq bo‘ldi, ammo yarim finalda Mario Balotellining dubli evaziga Italiya jamoasi g‘alaba qozonib, finalga yo‘l olgan. 2013-yil 15-oktyabrda Bastian milliy terma jamoadagi 100-uchrashuvini o‘tkazgan, bu uchrashuvda nemislar Shvetsiyani mag‘lub etishgan.

2014-yilgi Jahon chempionatidan oldin Schweinsteiger eng yaxshi holatida boʻlgan, pay yallig‘lanishi tufayli bo‘lajak turnirga deyarli tayyorlana olmaydi va shuning uchun futbolchining turnirga chaqirilishi masalasiga shubha bilan qaralgan. Guruh bosqichining birinchi o‘yinida portugaliyaliklarga qarshi o‘yinda futbolchi zaxirada qolgan, ammo yakunda Germaniya 4:0 hisobida g‘alaba qozondi. Ushbu bosqichning Gana jamoasiga qarshi o‘tkazilgan ikkinchi o‘yini nemislarning 2:2 hisobidagi durang bilan tugagan va Schweinsteiger oʻyin oxirida zaxiradan maydonga ilk bor tushirildi. AQShga qarshi uchinchi o‘yinda Bastian asosiy tarkibda maydonga tushdi, Germaniya Thomas Müllerning goli evaziga minimal g‘alabaga erishgan. Keyinchalik Germaniya terma jamoasi nimchorak finalda Jazoirni, chorak finalda Fransiyani va yarim finalda Braziliyani mag‘lub etgan. Natijada nemislar finalga chiqishga muvaffaq bo‘lishdi, bu finalda raqib sifatida Argentina duch kelishdi. Finalda Schweinsteiger o‘z jamoasining eng yaxshi o‘yinchilaridan biri bo‘lgan va Mario Götzening qo‘shimcha daqiqalarda kiritgan goli evaziga Germaniya o‘yinda g‘alaba qozonib, jahon chempioni boʻlgan. Chorak finaldan to turnirning oxirigacha Bastian o‘z terma jamoasining barcha o‘yinlarida boshidan oxirigacha ishtirok etgan.

Philipp Lahm ketganidan keyin UEFA Yevropa chempionati 2016 saralash turniri boshlanishidan oldin Schweinsteiger Germaniya terma jamoasining yangi sardori etib tayinlandi. 2016-yil mart oyida futbolchi terma jamoa bilan mashg‘ulot paytida jarohat oladi, shu sababli klub mavsumining qolgan qismini o‘tkazib yubordi, ammo Yevropa chempionati boshlanishiga qadar tuzalib ketadi va yakuniy tarkibga kiritiladi. Ukrainaga qarshi dastlabki o‘yinda (2:0) Schweinsteiger qo‘shib berilgan vaqtning so‘nggi daqiqalarida gol urgan. Italiya bilan nimchorak final o‘yinida penaltilar seriyasida futbolchi zarbasini golga aylantira olmadi, ammo Germaniya baribir gʻalaba qozondi. Fransiyaga qarshi yarim finalda Schweinsteiger Patrice Evraga qarshi kurashda o‘z jarima maydonchasi ichida qo‘li bilan o‘ynaydi, shu tufayli nemislar darvozasiga penalti belgilangan va uni Antoine Griezmann golga aylantirdi. Germaniya bu o‘yinda 0:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan. 2016-yil 29-iyulida Bastian Schweinsteiger terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. 31-avgust kuni Germaniya va Finlandiya terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yini bo‘lib o‘tdi va bu nemis yarim himoyachisi uchun xayrlashuv uchrashuviga aylandi. Futbolchining o‘rniga jamoa sardori sifatida darvozabon Manuel Neuer tayinlandi.

Oʻyin uslubi



Schweinsteiger asosan maydon markazida o‘ynagan, lekin futbolchi yetarli darajada universal boʻlgani uchun, faoliyatining ayrim paytlarida yarim himoya qanotlarida ham o‘ynagan. „Bayern Munich“da o‘ynagan paytida futbolchi dunyoning eng yaxshi yarim himoyachilaridan biri hisoblangan. Schweinsteiger kuchli zarbaga ega bo‘lib, ba’zan uzoqdan darvozaga zarba berardi, shuningdek, futbolchi juda chidamli boʻlib, aniq va sifatli uzatmalarni ham bera olgan. Markaziy va qanot himoyachisi rolidan tashqari, futbolchi faoliyati davomida boshqa pozitsiyalarda ham, yaʼni himoyaviy yarim himoyachi, hujumkor yarim himoyachi, pleymeyker va o‘ng qanot himoyachisi sifatida oʻynatilgan. Schweinsteiger jismonan kuchli o‘yinchi boʻlib, texnikasi va ko‘rish qobiliyati yaxshi boʻlgan. Bastian Schweinsteiger maydon markazida o‘z jamoasining o‘yinini nazorat qilish va belgilash, jamoadoshlariga golli vaziyatlar yaratish qobiliyati bilan mashhur boʻlgan. Bastian yarim himoyaning „motori“ va „ruhlantiruvchisi“ deb atalgan. Hujum harakatlaridan tashqari, futbolchi jamoaga himoyada yordam bergan. „Chicago Fire“ futbol klubida Schweinsteiger o‘z futbolchilik faoliyatining yakuniy davrida uch himoyachi sxemasida ba’zan markaziy himoyachi yoki libero (erkin himoyachi) sifatida oʻynagan. Biroq bu pozitsiyalarda ham Bastianga nafaqat himoya, balki o‘yinni nazorat qilish, zarur bo‘lganda hujumlarni boshlash va oʻyinni nazorat qilishda to‘pni ushlab turish vazifasi yuklatilgan. Bastianning Chikagodagi murabbiysi Veljko Paunović Schweinsteiger faoliyatini tugatgandan so‘ng futbolchini „betakror, o‘ziga xos va mukammal futbolchi“ deb ataydi.

Yutuqlari



Jamoaviy yutuqlari



FC Bayern Munich

Manchester United F.C.

Germaniya milliy futbol terma jamoasi

Shaxsiy yutuqlari




Oʻyinlar statsitikasi



Klubdagi statistikasi




Milliy terma jamoadagi statistikasi




Galereya




Manbalar




Adabiyotlar




Havolalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz