Shukur Sa’dulla



Shukur Sa’dulla - shoir, dramaturg, nosir, tarjimon va noshir, kichkintoylarning ruhiy olami va yosh xususiyatlarini chuqur bilgan, insonning kelajak taqdiriga, hayot yo‘liga ko‘p hollarda bolalagidayoq tamal toshi qo‘yilishi dolzarb masala ekanligini uqtira olgan noyob qalb egasidir.

Bolalik qisqa muddatda kechsa-da, uning taassurotlari, yodi umrbod esda qoladi. Jizzaxdagi Narimonov nomli maktabda o‘qib yurganidayoq badiiy adabiyotga ishtiyoqi kuchli bo‘lgan Sh.Sa’dulla o‘z ijodini 30-yillardan boshlaydi. 1932-yilda bosmadan chiqqan «Hayqiriq» nomli ilk to‘plami yosh shoirning kelajagiga umid va ishonch uyg‘otadi. Shundan keyin ketma-ket «Uch ayiq», «Ayyor chumchuq», «Sen nima qilding?», «Shohista», «Dumsiz tulkilar» to‘plamlari e’lon qilinadi.

Kichkintoylarning ruhiy olami va yosh xususiyatlarini chuqur bilgan Sh.Sa’dulla asarlarining katta qismini syujetli, voqeaband she’rlar tashkil etadi.

Sinchiklab ko‘zdan kechirilsa, Sh.Sa’dulla she’rlaridagi voqeabandlik xalq og‘zaki ijodining samarali ta’siri natijasi ekanini fahmlash qiyin emas. Darhaqiqat, shoir qator xalq ertaklarini qayta ishlab, «Dumsiz tulkilar», «Ikki sandiq», «Uch tulki», «Qarg‘avoy», «Tulki bilan Turna» nomlari ostida chop ettiradi. O‘zi ham «Ikki donishmand», «Ayyor chumchuq», «Laqma it», «Och bo‘ri, sho‘x qo‘zi va qirchang‘i» kabi talay ertaklar yaratadi.

Adibning «Kachal polvon», «Yoriltosh» asarlari ham xalq og‘zaki ijodidan ruhlanib yozilgan. Kezi kelganda, shoirning «Tulki bilan g‘ozlar», «Mitti», «Uloqcha», «Bola bilan to‘rg‘ay», «Chuchvara qaynaydi», «To‘rt fasl» kabi she’rlariga tarbiyaviy ruhni nihoyatda ustalik bilan singdirgani holda «Ozoda», «Mening ayam», «Dastyor qiz» singari ayrim asarlarida quruq pand-nasihat darajasiga tushirib, qo‘yganini ham ta’kidlash zarur.

Adibning «Komandirning boshidan kechirganlari», «Kachal polvon», «Aziz qishlog‘im» qissalari o‘zbek va rus tillarida qayta-qayta nashr qilindi. «Yoriltosh», «Afsonani yenggan qiz» ertak-pesalari uzoq yillar teatrlarimiz sahnasidan tushmadi.

Sh.Sa’dulla ko‘p qirrali ijodkor edi. Jahon va rus adabiyotining namoyandalaridan G.X.Andersenning qator ertaklari, A.Pushkin, S.Marshak, S.Mixalkov, K.Chukovskiyning she’r va ertaklari, L.Tolstoy, B.Jitkov, V.Oseyevalarning qissa va hikoyalari Shukur Sa’dulla tarjimasida o‘qib kelinmoqda.

Manba: arboblar.uz


Uzpedia.uz