Shukur Burhon: uning shirin tashvishlariyu ushalmagan orzulari
Shukur Burhonovning Qorabayiridan («Tohir va Zuhra» filmi), G‘ofiriyu («Boy ila xizmatchi» spektakli) Yo‘lchisidan («Qutlug‘ qon») hayratga kelib, u kishi bilan tanishish, suhbat qurish orzusida yurardik. Moskvada aspiranturada o‘qib yurgan kezlarim u bir qo‘ng‘iroq bilan menga yordam bergandek bo‘ldi.
Moskvaga, kinochilar anjumaniga tashrif buyurgan, sobiq ittifoqda shuhrat qozongan bu san'atkor ilmiy rahbarim, professor S.Ginzburgga mehmonxonadan telefon qilibdi:
- Hamidulla Akbarov degan aspirantning domlasi bo‘lasizmi?
- Ha, shunday.
- Qarasangiz bo‘lmaydimi, o‘ylaganini yozaveradimi?! Meni rosa do‘pposlabdi-ku «Iskusstvo kino» jurnalida. Yurtimizda meni tanimaydigan kishi yo‘q. Meni «Ulug‘begim»dan qanday nuqson topdiykin shogirdingiz?! - deya kuyunib so‘zlabdi Shukur aka.
- Xabarim yo‘q bu maqoladan. Yozganlarini oldimga ko‘tarib kelavermaydi. Boshqalar qatori matbuotda o‘qib qolaman, - deb javob bergan Semyon Sergeevich o‘sha jurnalni topib, «Poiski, naxodki, poteri» sarlavhali maqolamni o‘qigach, keyinroq menga xabar qildi. Arbatdagi uyiga taklif etdi va eshikdan kirishim bilan «xo-xo»lab kulib, quchoqlab tabrikladi, ham taajjubini bildirdi:
- Zo‘r maqola yozibsanu aytmaysan ham! Zo‘rlikka zo‘ru ammo ba'zilar ranjiganga ham o‘xshaydi. Sababini bilmayman. Sen Shukur Burhonovni maqtagansanu negadir u menga qo‘ng‘iroq qilib, xunobi chiqib, seni tartibga chaqirib qo‘yishimni talab etdi.
O‘sha kuni (bu yosh aspirant uchun katta voqea!) bir yosh kinoshunosning ilmiy rahbarini aniqlagan, uning uy telefonini topib, «Moskva» mehmonxonasidan qo‘ng‘iroq qilgan, o‘sha munaqqidga nisbatan «chora ko‘rish»ni taklif etgan. Tinib-tinchimaydigan Shukur akaga mehrim ortdi. Ajablanmang: bunday xatti-harakatda sodda bolalar kabi barchaning so‘ziga ishonaveradigan, arazlab yuradigan, lekin alamini bir maqtov so‘z, yupatish bilan unutadigan Shukur Burhonovning xarakteri namoyon bo‘lgandi. Uning dovrug‘i olamga taralganida ham, quvonganida, tashvishida, kundalik hayotida samimiy bolakay kabi edi.
U kishi bilan keyinchalik ko‘p muloqotda bo‘ldim. Lekin dastlabki uchrashuvda Shukur aka eski ginalarini eslamasmikinlar, koyimasmikinlar, suhbatlashishni istarmikinlar, degan mulohazalar, gumonlar ham yo‘q emasdi.
1971 yilning 12 yanvarida «Bahor» kontsert zalida dramaturgiya bo‘yicha yig‘ilish bo‘ldiyu, o‘sha yerda - bufet yoniga qo‘yilgan o‘rindiqlardan birida atrofga nazar tashlab o‘tirgan Shukur akani ko‘rib qoldik. Yonimda hamrohlarim - yosh teatrshunos Toir Islomov va kinoshunos Boriy Hasanov bo‘lgani sababli mashhur artistga yuzlanishga, salom-alikdan keyin suhbatlaridan bahramand bo‘lishga jur'at etdik. Shunda Shukur aka ochiq chehra bilan bir savol berdiki, haligi gumonlardan asar ham qolmadi.
- Siz ayting-chi, Said Ahmad o‘zining «Ufq» romaniga Shuhrat Abbosov bilan hamkorlikda yozgan stsenariyni o‘qidingizmi? - deb so‘rab qoldi Shukur aka menga qarab.
Gap «Muhabbat mojarosi» nomi bilan keyinchalik ekranlarda ko‘rsatilgan badiiy filmning adabiy asosi haqida ketayotgan edi.
- Yo‘q. Menga stsenariyni berishmadi. Men Shuhrat akaning sharqshunos olim P.Bulgakov bilan bitgan «Abu Rayhon Beruniy» stsenariysini o‘qidim. Ba'zi qusurlari borligidan qat'i nazar durust yozilgan.
- Yaxshini yaxshi, yomonni yomon deyish kerak-da, - deya gapini davom ettirdi Shukur aka. - Said Ahmadning «Ufq» romanini kinoga moslamoqchi bo‘lib shunchalik o‘zgartirib yuborish kerakmidi?! Uning o‘zi tayyor film-ku! Stsenariyda bachkana epizodlar bor. Ba'zilarini qabul qila olmadim. Bosh qahramon Mahkamning otasi rolini menga atashgan ekan. Eson uyimizga kelib, «Shu rolni o‘ynaysan, senga kinosinov ham kerak emas!» deb stsenariyni tashlab ketdi. O‘qisam, romandan asar ham qolmabdi. Ko‘nmadim.
Shu payt Saodat Qobulova ashulasini xirgoyi qilib Shukur akaga yuzlandi, uni nimalar bilandir tabrikladi. Fursat o‘tmay Sur'at Po‘latov quloch yozib keldi... Aktyor bizga qarab fikrini davom ettirdi:
- Bilasizmi, sizga bir sirni ochay: menga rol berishganida pesa yoki stsenariyni sizga o‘xshagan ikki-uch kishiga o‘qitib olaman. So‘ngra rolni olamanmi-yo‘qmi, hal etaman.
Shukur akaning bu gapini eshitib, mening maqolamni ham «Kimgadir o‘qitib olgan bo‘lsalar keragu» uning ruhidan, kinostsenariysidan emas, «kimningdir» sharhidan kelib chiqib xafa bo‘lganmikanlar, deb o‘ylab qoldim. Bu haqda emas, suhbatdoshim tanlagan mavzuga aloqador savol bermoqchi bo‘ldim:
- Shukur aka, rol puxta yozilmasa, uni sahnada, ekranda jonlantirib bo‘lmaydi-ku? Nega shunday hollarda rozilik bildirasiz? Kinodagi keyingi rollaringiz ayrim o‘rinlarda talab darajasida emasmikin? - deya arazchi Shukur Burhonovning izzat-nafsiga tegmaslik uchun ehtiyotlik bilan so‘radim.
- Siz meni yuzxotir qilayapsiz, o‘sha filmlardagi rollarim uchun koyimayapsiz, - dedi Shukur aka suhbatga jiddiy tus berib. - Aslida Aznavur polvon ham, filmdagi boshqa personajlar ham juda-juda bo‘sh. To‘g‘risini aytavering!
- Xo‘sh, bilgan ekansiz, shunday rollarni o‘ynashga nega rozi bo‘ldingiz?
- Komil aka (K.Yormatov) qo‘ymadi. Hadeb uyimizga kelib, «Shukur, bez tebya ya film snimat ne budu», deb turib oldi. Bir gal hatto sherik muallif Mixail Melkumovni boshlab keldi. Shunda men o‘sha «dyadya Misha»ga murojaat etib, «Mana bunday qilsa bo‘lmasmikin?!» deb stsenariyning bir epizodiga ishora qilganimni bilaman. Shunda Melkumov, «T? chto, toje stal pisatelem?!» deb kesatib, «xo-xo»lab kulib, masxara qilgandek bo‘ldi. Keyin ularning ishiga - stsenariy yozilishiga mutlaqo aralashmay qo‘ydim. Komil Yormatov esa, «Hech qachon men stsenariyni aynan ekranga ko‘chirmaganman. Suratga olish maydonchasida, montajda, ovoz yozishda u o‘zgaraveradi. Zo‘r bo‘ladi pirovardida» deb meni qistayverdi. Har gal suratga olish joyiga zo‘rma-zo‘raki borardim.
Bu suhbatdan keyin biroz fursat o‘tdi. Shukur akani yana ko‘rgim, kuyunib aytadigan hikoyalarini eshitgim keldi. O‘ylab qo‘ygan savollarim yo‘q ediyu, Shukur aka bilan bog‘liq voqealarni tushunib yetishni istardim. Chunonchi, nega Qorabotirni o‘ynashni istamagan? Aktyorning ekrandagi eng zo‘r roli bo‘lgan-ku! Nega Otelloni o‘ynamagan! Pesani qo‘yishga qodir bo‘lgan Mannon Uyg‘ur, Yetim Bobojonov kabi yuksak madaniyatli rejissyorlar bo‘lgan-ku! Ikkinchi darajali rollarni o‘ynashga qodir bo‘lgan, bu borada bir-biridan o‘tadigan aktyorlar ham bo‘lgan-ku!.. O‘sha damda sahnaga kirib kelgan yoshlar Shukur akaga ma'qulmikin? Bu haqda tajribali aktyorning o‘zi mening qistovimsiz mulohaza qilishini xohlar edim.
Bir gal xonadoniga namozshomdan keyin boribman. Eshikni uzoq taqillatdim. Bir-ikki daqiqa o‘tgach, eshik yonidagi uyning derazasida shu'la paydo bo‘ldi. Ovoz eshitildi:
- Hamidullamisiz?.. Mana kalit, ko‘cha eshikni ochib kiravering!- dedi Shukur akaning umr yo‘ldoshi Shakar opa bir shoda kalitni uzatib.
Qorong‘ida eshikni arang ochib, hovliga kirsam, men yo‘qlab kelgan odam ayvonda o‘tiribdi, xijolat bo‘ldim. Bevaqt kelibman. Yotgan odam kiyimini omonatgina kiyib, meni kutib o‘tirsa, mehmonni haydayolmay suhbatda ishtirok etishga majbur bo‘lsa... Shukur aka buni sezdi, chamasi, samimiyat bilan so‘zlay ketdi:
- Otelloni o‘ynagin, Shukur, deb qo‘yishmayapti. Abror Hidoyatovdek aktyor o‘ynagan-a! Qiyib qo‘ygan rolni. Dramaturgiya ham bir edi, unga loyiq rejissura ham. Og‘a (M.Uyg‘ur) matn ustida qattiq ishlardi. Aktyorlarni ham shunga o‘rgatardi. Uch yarim oy davomida «Gamlet»ni Mannon Uyg‘ur bilan birga o‘qiganmiz. Stol atrofida aktyorlar o‘tirar, asar o‘qilar, har bir jumlaning mag‘zi chaqilardi. Bunday olib qaraganda, - deydi Shukur aka dasturxondan non ushog‘ini terib olib, og‘ziga solarkan, - yutib yuborganmiz pesani. Gamletni Abror Hidoyatov ham o‘ynadi. Men ham kuchimni sinab ko‘rdim. O‘zimcha idrok etdim. Lekin ikkimiz ham Gamletning tentak, telba bir shaxs sifatida ko‘rsatilishiga qarshi edik.
- Shukur aka, siz bir vaqtlar o‘ynagan rollarni endilikda yoshlar o‘ynamoqda. Ularni ko‘rib, ko‘nglingiz to‘ladimi?
- Iste'dodli yoshlarni ko‘rib, quvonaman. Biri Narimon Latipov! U mening «nonimni yarimta» qilishi mumkin edi. Hamisha men bilan yurardi. Afsus, yosh ketdi. Turg‘un Xonto‘raevning izlanishlarini kuzatib boraman. «Shoh Edip»dan unga rol berish taklifini kiritdim. O‘ynayapti. Xuddi shu rolni Sa'dixon Tabibullaevga bermoqchi bo‘lganimizda, u hatto matn bilan tanishmay turib, «Yo‘q, bo‘lmaydi, menga to‘g‘ri kelmaydi» deb, rozi bo‘lmagan edi. Endi sahnada T.Xonto‘raev ijrosini ko‘rib, afsuslanib yuribdi. «O‘ynasam bo‘larkan, yaxshi rol ekan», deb qayta-qayta aytdi. Lekin xunob bo‘ladigan vaqtlarim ham bo‘ladi. Bir aktyor bir kunda o‘n soat uxlar ekan. Ajabo, u qachon o‘ylaydi, matn ustida ishlaydi, mizansahna haqida bosh qotiradi, qachon sherik personajlar bilan aloqa o‘rnatadi?! O‘n soat uxlaydigan kishi hech qachon aktyor bo‘la olmaydi. Yoki shunday aktyorlar bor, o‘zbek tilini bilmaydi. Teatrimizda ham shundaylar yo‘q emas. Bu qanday gap?! Aktyor hamma narsaga o‘zini uraverishi kerak emas. Sahna, mashq, jismoniy harakat bilan shug‘ullanish, o‘zini rolga tayyorlash aktyorning birinchi galdagi vazifasi, deb bilaman. Ba'zi aktyorlarga ichki intizom zarur. Ortiqcha yema, ortiqcha uxlama, vaqtni bekorga ketkazma, deging keladi. Bundaylar bilan birga spektaklda qatnashmayman. Men siz bilan o‘ynay olmayman, falonchi o‘ynay qolsin, deb o‘ziga aytaman.
Shukur aka bilan so‘nggi marta uchrashganimizda ham ayvonda xuftongacha suhbatlashib o‘tirdik. Ketgim kelmas edi. Mezbonni charchatib qo‘yishni ham istamasdim. Fotihadan keyin meni kuzatayotgan Shukur aka:
- Yoshing ulg‘ayib, borgan sari kinoga ko‘proq tushging kelar ekan: tasmada qolasan-da! Yana uch-to‘rt yil o‘ynasam o‘ynarman-da. Kecha Moskvaning bir gazetasini olib kelib berishdi. Unda meni juda katta rus aktyorlari bilan bir qatorda maqtashibdi-da, bunday iste'dodlar uchun ataylab stsenariylar yozilishi kerak, deb yakun yasashibdi. Balki to‘g‘ridir? Yozish kerakdir?
Bunday stsenariy yozilmadi. Afsus...
Hamidulla Akbarov“Ma’rifat” gazetasidan olindi.
Uzpedia.uz