Shovqin temirni ham sindiradi yoxud ko‘rinmas og‘u
Yaqinda oilamiz bilan bir qarindoshimizning to‘yiga bordik. Nikoh bazmi hashamatli to‘yxonalardan birida o‘tdi. Albatta, bu yurtimiz boyligi, xalqimiz farovonligi oshib, topish-tutishimizga qut-baraka kirayotganidan dalolatdir. Sobiq ittifoq davrida esa bunday to‘ylar tushimizga ham kirmagan. Biroq men o‘rtaga tashlamoqchi bo‘layotgan masala bu haqda emas. Meni o‘ylantirayotgan, hatto tashvilantirayotgan muammo mana shunday go‘zal to‘ylarimizga yarashmayotgan, ularning yanada go‘zal va osoyishta o‘tishiga rahna solayotgan bir jihat haqidadir.
Ehtimol, bu masala ayrim kishilarga judda oddiy va jo‘n bo‘lib tuyular Lekin muammoga jiddiy yondashilsa, to‘y-hashamlardagi ortiqcha shovqinlarning inson salomatligiga ko‘rsatadigan zarari ilmiy jihatdan o‘rganilsa, ko‘pchilik mening fikrimni quvvatlashi tabiiy.
Albatta, to‘y marosimlari karnay-surnay bilan, hofizu raqqosalar ishtirokida chiroyli o‘tadi. Biroq bu o‘rinda me’yor buziladigan bo‘lsa, qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarish holati ro‘y beradi. Biz ham yuqorida aytganim — qarindoshimizning to‘yida musiqa sadosi nihoyatda yuqoriligidan yuragimizni hovuchlab o‘tirdik. Sababi tovush kuchaytirgich shunday sozlangan ekanki, akustik karnaylardan yigirma metr uzoqda o‘tirganimizga qaramay, musiqa ritmi zarbining haddan ziyod balandligi nafaqat asabga, hatto yurak urishimizga ham ta’sir qila boshladi.
Qo‘limdagi mobil telefoni orqali shovqin darajasini o‘lchab ko‘rib, hayratim oshib ketdi – musiqa shovqini 115-120 detsibllni ko‘rsatib turardi. Kelin-kuyov endigina kirib kelgan chog‘da chiqib ketish noqulay bo‘lgani uchun bir soatdan kamroq o‘tirib, boshqa joydagi to‘yga ham borishimiz zarurligini bahona qilishimizga to‘g‘ri keldi. Quloqning zing‘illagani ancha vaqtgacha bezovta qilib turdi. Bunday holat yoshim ellikka borgani bois faqat menda bo‘ldimi desam, yoshgina kelinim ham bezovta bo‘lganini aytib qoldi.
Oradan bir necha kun o‘tgach, boshqa joydagi to‘yxonada ham shu ahvolni kuzatdik. Qo‘limdagi telefonga qarasam, eshik oldida shovqin darajasi 110 detsibellni, zal o‘rtasida esa 120 detsibellni ko‘rsatdi. Nihoyat ushbu maqolani yozishga jazm qildim.
Xo‘sh, shovqinning o‘zi nima? Uning haddan ziyod yuqoriligi xavotir uyg‘otadimi yoki yo‘qmi? Agar uyg‘otsa, u nima bilan izohlanadi? Shovqin qadimdan odamlar e’tiborida bo‘lgan. Olimlar uning salomatlikka ta’sirini ko‘p o‘rganishgan, shovqindan himoyalanish borasida jiddiy tadqiqotlar olib borishgan. Manbaalarga ko‘ra, o‘rta asrlarda hatto shovqindan jazolash vositasi sifatida ham foydalanilgan.
Shovqinni o‘lchash birligi sifatida «detsibell» (dB) qabul qilingan. Odatda 20-30 dB shovqin darajasi inson sog‘ligi uchun zararsiz. Biroq 80 dB va undan ortiq daraja baland tovushlar hisoblanadi. 130 detsibelldan ortiq shovqin esa insonga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. 150 detsibell esa chidab bo‘lmaydigan darajada og‘riq paydo qiladi. 180 dB darajadagi shovqin metall buyumlarning urinishiga sabab bo‘larkan. Bunday buyumlar vaqt o‘tgach, arzimas ta’sir ostida sinib ketishi mumkin. 190 dB tovush metall sinchlardagi ulama joylarni qo‘porib yuborishi mumkin ekan.
Uzoq muddat yuqori darajadagi tovush ta’siri ostida bo‘lish eshitish qobiliyati pasayishiga olib keladi. Bunga ba’zan kimyoviy zaharlanish kabi asta-sekin va doimiy ta’sir etuvchi hayot uchun xavfli omil sifatida qaraladi. Baland tovushli musiqa ham inson uchun zararli ekani olimlar tomonidan isbotlangan. Masalan, hozirgi zamonaviy musiqa ishqibozi bo‘lgan yoshlarning yigirma foizida eshitish qobiliyati sakson besh yoshdagi qariyalarning eshitish qobiliyatiga tenglashib qolgan. Baland tovushli shovqin insonning ko‘rish bilan bog‘liq a’zolariga salbiy ta’sir etib, ko‘z ravshanligi va uning reflektiv faoliyatini pasaytiradi. Bu esa turli kasalliklarni keltirib chiqarib, inson ruhiyatining buzilishi, asab quvvatining ortiqcha sarflanishiga olib keladi. Natijada ichki toliqish va noxush kayfiyat yuzaga keladi. Ba’zi manbalarda shovqin inson umrini qisqartiruvchi, uni tez qarituvchi omil sifatida baholanadi.
Ilmiy manbalarga ko‘ra bir necha soat ortiqcha shovqinli muhitda bo‘lish bir necha kungacha o‘zining salbiy ta’sirini saqlab qolib, mehnat faoliyati pasayishiga sabab bo‘lar ekan. Demak, oddiy hisoblarga ko‘ra aytish mumkinki, har hafta bir marta shovqin-suronli to‘ylarda bo‘lish hafta davomidagi mehnat faoliyati unumdorligi pasayishiga olib keladi.
Yana bir holatga e’tibor qaratish zarur. Tovush to‘lqin sifatida tarqaladi. Uning qanchalik uzoqqa borishi bu to‘lqinning qanday bosim bilan tarqalishiga bog‘liq. Bu bosim yo‘lida duch kelgan barcha narsaga ta’sir etadi, uni ham o‘z to‘lqiniga mos ravishda tebratishga harakat qiladi. Buni yuqorida so‘z yuritilgan to‘yxonada o‘tirib ham bilish mumkin. Musiqa taralayotgan paytda bo‘sh likopchani oling va uni tovush kelayotgan tomonga yuzasini qarama-qarshi holda ushlab turing. Shunda likopchani ushlab turgan qo‘lingiz orqali tovush bosimi ta’sirini sezasiz. Xuddi shu kabi tovush bosimi bizning tanamizga ham ta’sir etadi. Hozir Yevropaning yirik ilmiy muassasalarida bunday bosim inson tanasining ichki a’zolariga qanday ta’sir etishi o‘rganilmoqda. Lekin oddiygina mikrotebranishlar ichki a’zolarga (ayniqsa homilador ayollarning homilasiga) ham ta’sir ko‘rsatishini e’tibordan soqit qilib bo‘lmaydi. Mana shuning uchun ham xorijdagi to‘ylarda musiqa tovushi baland qilib qo‘yilmaydi. Ularda musiqa ovozi yonidagi odamning gapini eshitib bo‘lmaydigan darajaga yetkazilmaydi. Bunga madaniyat belgisi sifatida qaraladi.
Xo‘sh, baland tovushli musiqadan kim manfaatdor? Menimcha, o‘ta shovqin-suronli marosimni kelin-kuyov va to‘y egalari ham xohlamasa kerak. Chunki bir-birini eshita olmasa, imo-ishora bilan gaplashsa, bu kimga ham yoqadi? Bundan faqat hofizlar va marosimni olib boruvchilar manfaatdor. Katta quvvatli tovush kuchaytirgich xonanda ovozidagi nuqsonni sezdirmaydi, davradagi mayda-chuyda gaplarni bosib yuborib, hammani xohlasa-xohlamasa eshitishga majbur qiladi.
Yaqinda xorijlik bir mehmonni udumlarimiz bilan tanishtirish uchun nahor oshiga olib bordim. To‘yda radiokarnayga yaqinroq joyda o‘tirib qoldik. Mehmon o‘shanda aytgan gap sira yodimdan chiqmaydi: «Nima uchun o‘zingizni qiynoqqa solasiz, bu juda zarar-ku?!». O‘zimni eshitmaganga olib, mavzuni boshqa yoqqa burib yubordim. Keyin o‘ylanib qoldim: xo‘sh, nega o‘zimizni qiynaymiz? O‘z salomatligimizga e’tiborsiz bo‘lamiz? To‘ylarni shovqin-suronli musiqalarsiz o‘tkazib bo‘lmaydimi?
Men va tengqurlarim chorak asr avval to‘ylarimizni o‘tkazganda o‘sha vaqtlar urf bo‘lgan 30 vatt, nari borsa 50 vattli tovush kuchaytirgichlardan foydalanilgan. Aksariyat to‘ylar ochiq hovlilarda bo‘lganini inobatga olsak, 30-50 vattli tovush kuchaytirgichlardan hozir bemalol yirik zallarda ham foydalanish mumkin. Bundan ortig‘i ortiqcha. Hozirgi hofizlar foydalanayotgan ovoz kuchaytirgichlar 30-50 vatt u yoqda tursin, hatto ming vattdan ham yuqoriligini tasavvur etsangiz, aqlu hush boshdan uchadi...
Meni bir narsa taajjubga soladi: nega biz bu holni bila turib, indamas tomoshabin bo‘lib qolayapmiz? To‘g‘ri, ko‘pchiligimiz shovqin-suronli baland musiqaning salomatlikka zarari xususida muayyan ma’lumotga ega emasmiz. Lekin shu sohaga mutasaddi bo‘lgan mutaxassislar, akustika bo‘yicha ishlovchi olimlar, sanitariya nazorati rahbarlari, tibbiyot mutasaddilari nega jim! Hozirgi to‘ylar salmog‘ini hisobga oling: har yili qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz shovqin og‘usi ta’sirida o‘z salomatliklarini boy berayotganlarini e’tiborsiz qoldirib bo‘ladimi?
Men akustika sohasida mutaxassis bo‘lmasam-da, maktab va oliy ta’lim dargohida fizikadan olgan saboqlarimga asoslanib, aytamanki, sirtdan qaraganda, to‘ylardagi ortiqcha shovqinlar bezarar tuyulishi mumkin. Lekin uning ko‘rinmas qismi o‘rganilsa, ko‘pchilikning fikri o‘zgarishi tabiiy. Hozir jahon jamoatchiligi semirib ketish tendentsiyasi, va shuningdek, gen muhandisligi asosida yetishtirilgan oziq-ovqat mahsulotlarining zarari, ularning bepushtlikka olib kelishi xususida keng mulohaza yuritmoqda. Shunday ekan, ortiqcha shovqinga qarshi ham kurash zarur emasmi?
Mening nazarimda, eng avvalo, keng jamoatchilik, ayniqsa sanitar-vrachlar, akustik olimlar va boshqa tegishli mutaxassislar e’tiborini jalb etgan holda bu masala ilmiy jihatdan atroflicha o‘rganib chiqilishi zarur.
Qolaversa, to‘ylarga xizmat ko‘rsatuvchi san’atkorlar qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tayotganda (litsenziya olayotganda) ularga 50 vattdan ortmagan quvvatli kuchaytirgichlardan foydalanish majburiyati yuklanishi zarur. Muayyan quvvat chegarasidan ortiq bo‘lgan (100 vattdan yuqori) kuchaytirgichlardan foydalangan xonandalar guruhiga jarima belgilashning qonuniy asoslari ishlab chiqilishi maqsadga muvofiq.
Ayni chog‘da, mahalliy hokimlik idoralari bilan hamkorlikda mahalla va mavzelarda, madaniyat saroylari va ma’rifat muassasalarda keng qamrovli tushuntirish ishlari yo‘lga qo‘yilsa, zarur samaraga erishish mumkin, deb o‘ylayman. Nihoyat to‘yxonalarni loyihalash hujjatlarini tayyorlashda xonalarning ichki pardozida shovqinni yutuvchi qoplamalar ko‘zda tutilishiga e’tibor berish va buning uchun zarur me’yorlar belgilanishi lozim, deb o‘ylayman.
Bu choralar to‘ylarimizning yanada chiroyli va mazmunli o‘tishiga hissa qo‘shadi, odamlarning kayfiyati buzilishi oldini olib, to‘ylarimizning saviyasini ham oshirishi shubhasiz. Bir paytlar to‘ylarni yarim tungacha davom ettirmasdan kechasi soat o‘n birgacha o‘tkazish yuzasidan zarur choralar ko‘rilib, ijobiy natijaga erishilgani hammaga ayon-ku! O‘ylaymanki, to‘ylardagi ortiqcha shovqinning oldini olishda ham shunday samaraga erishish mumkin.
Abdushukur Abdullayev,
texnika fanlari nomzodi
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 29-sonidan olindi.
Uzpedia.uz