Shoshlik allomalar



“Nasab” arabcha so‘z bo‘lib, kelib chiqish, nasl-nasab, sulola, ajdod ma’nolarini anglatadi. Islom ahlining ko‘payishi, arab xalqlarining ajam xalqlari bilan qo‘shilib ketishi nasablarni o‘rganish haqidagi ilmning dunyoga kelishiga zamin yaratdi. Uning asoschisi nasab ilmining imomi Hishom ibn Muhammad ibn Soib al-Kilabiy (vafoti hijriy 204 (milodiy 820) yil)dir.

Shu an’ana davomchisi “Al-Ansob” muallifi — toj al-islom Abu Sa’d Abdulkarim ibn Muhammad ibn Mansur at-Tamimiy as-Sam’oniy al-Marvaziy al-Hofiz hijriy 506 (milodiy 1113) yilning sha’bon oyida Marvda dunyoga kelganlar. (Hijriy 562 (milodiy 1167) yilda Marvda vafot etganlar). Tamim qabilasining bir tarmog‘i hisoblangan sam’oniylardan bo‘lganliklari uchun bu zotga As-Sam’oniy nisbati berilgan.

“Al-Ansob”, shubhasiz, qomusiy bilimlar sohibi As-Sam’oniy ijodining barkamol namunasidir. Bu nodir durdona o‘rta asrlar geografik manzarasini tiklashga hissa qo‘shuvchi ulkan solnoma o‘laroq islom manfaatlari yo‘lida jonbozlik ko‘rsatgan bir qator shayxlar, muhaddislar, muarrixlar va adiblar haqida ma’lumot berishi bilan ilm-fan tarixida beqiyos o‘rin tutadi.

Musulmon olamida VIII — XII asrlarda mashhur bo‘lgan ulamolar haqida muxtasar ma’lumot beruvchi asarning O‘zbekiston hududida yashab o‘tgan allomalarga oid ma’lumotlaridan tanlangan tarjimasi hijriy 1408 (milodiy 1988) yilda Bayrut (Livan)ning “Dor al-jinon” matbaasida chop etilgan 5 juzlik nashri asosida amalga oshirildi.

“Nasabnoma” (“Al-Ansob”) muallifi bergan ma’lumotlar aniqligi, ishonchli manbalarga tayanganligi bilan diqqatni tortadi. Jumladan, asarda joy nomlari bilan bog‘liq atamalar masalasida bahsli fikrlar tug‘ilishining oldi olinib, ularning yozuv shakliga alohida e’tibor berilgan, bu so‘zlarning o‘qilishi ham maxsus transkriptsion tamoyillar asosida izohlangan. Abdulg‘afur Razzoq Buxoriy va Komiljon Rahimovlar g‘ayrati bilan arab tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan mazkur asar Abduxoliq Fijduvoniy tavalludining 900 yilligi munosabati bilan 2003 yilda “Buxoro” nashriyotida chop etildi (Abdulkarim as-Sam’oniy. Nasabnoma (Al-Ansob). Arab tilidan Hoji Abdulg‘afur Razzoq Buxoriy va Komiljon Rahimovlar tarjimasi. “Buxoro” nashriyoti, 2003).

Qadrli mushtariy! Ma’lumingizkim, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 2 apreldagi “Toshkent shahrining 2200 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmoniga binoan, joriy yilda mamlakatimizning muazzam poytaxti Toshkent shahrining 2200 yilligi keng miqyosda tantana qilinadi. E’tiboringizga havola etilayotgan — Abdulkarim as-Sam’oniyning “Al-Ansob” asaridan olingan o‘z zamonasida musulmon Sharqi ilm-fani rivojida beqiyos o‘rin tutgan shoshlik allomalar haqidagi qimmatli mulohazalar Sizning ko‘hna Shosh tarixiga oid tasavvuringizni boyitishiga, ma’naviy olamingizga ko‘rk bo‘lib qo‘shilishiga ishonamiz!

* * *

Al-Odamiy —Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad Odam al-Odamiy ash-Shoshiy (X asr)Shosh ahlidan. Bobolarining ismlari Odam bo‘lganligi uchun bu kishiga “Al-Odamiy” nisbati berilgan. Ilm talabida Iroq va Hijozda bo‘lganlar. Habib ibn Mug‘ira ash-Shoshiy, Homid ibn Dovud ash-Shoshiy, Ubaydulloh ibn Vosil al-Buxoriy, Abu Hotam Muhammad ibn Idris ar-Roziy va Muhammad ibn Abdulloh al-Muqridan ta’lim olganlar. O‘zlaridan esa Abul Fazl Muhammad ibn Muhammad ash-Shoshiy, Abu Ja’far Muhammad ibn Ali al-Fazzol va Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad al-Ishtixaniy hadis rivoyat qilganlar.




Al-Usbonikatiy — Usbonikat — Movarounnahrdagi shahar bo‘lib, Isfijob yaqinida joylashgan.




Abu Nasr Ahmad ibn Zohir al-Usbonikatiy shu shahardan bo‘lib, adib, fozil, ishonchli muhaddis, qalblari yaxshi amallar qilishga moyil edi. Faqih Abu Muhammad Abdulloh ibn Muhammad al-Kalobodiy al-Buxoriy as-Sibadmuniydanhadis rivoyat qilganlar. O‘zlaridan esa Abu Sa’d al-Idrisiy al-Hofiz hadis rivoyat qilganlar va aytadilar: “Ahmad al-Usbonikatiy Samarqandda yashar edilar. Hijriy 360 (milodiy 972) yildan keyin Samarqandda vafot etganlar”.




Abu Ali Husayn ibn Muhammad al-Faqih al-Usbonikatiy ham shu shahardan bo‘lib, yuqorida nomlari zikr qilingan adibning jiyanlari. Bu kishi faqih, fozil va hisob (matematika) ilmiga mohir edilar. Samarqand olimlaridan ta’lim olib, faqih bo‘lganlar. Keyinchalik o‘z shaharlari Usbonikatga jo‘nab ketganlar. Samarqandga kelib, tijorat bilan ham shug‘ullanar edilar. Hijriy 370 (milodiy 981) yildan keyin Usbonikatda vafot etganlar.




Abul Hasan Said ibn Hotam al-Faqih al-Usbonikatiy Samarqandda yashar edilar. Shayx, fozil, taqvodor, parhezkor va faqih edilar. Samarqandda uzoq muddat yashaganlar. O‘g‘illari Hasan shu yerda tug‘ilgan. Samarqandda faqih Abul Hasan ar-Rahbiydan ta’lim olganlar. Shayx Abdulloh ibn Muhammad as-Samarqandiydan hadis rivoyat qilganlar. O‘zlaridan esa Abu Sa’d Abdurahmon al-Idrisiy ta’lim olganlar. Hijriy 380 (milodiy 991) yildan oldin turk yurtlariga chiqib ketib, keyinchalik Usbonikatga qaytib kelganlar va shu yerda vafot etganlar.




Zafar ibn Lays al-Usbonikatiy Isfijob shahridan. Faqih va muhaddis edilar. Qozi Muhammad ibn Aslamdan hadis rivoyat qilganlar. Hijriy 320 (milodiy 933) yildan keyin vafot etganlar.




Abu Bakr Muhammad ibn Sufyon al-Usbonikatiy al-Faqih Nasafda ancha muddat hokim bo‘lganlar. Parhezkor, taqvodor, pokiza va fozil hokim edilar. Bu kishi haqida Abu Sa’d al-Idrisiy “Tarixi Nasaf” kitoblarida zikr qilib quyidagicha aytganlar: “U kishi fiqh ilmini Abu Bakr Ahmad ibn Hasan al-Forisiydan olganlar. Yirik faqihlardan edilar. Shosh muftisi faqih Abul Hasan Ali ibn Zakariyodan eshitdim. U aytar edi: “Abu Bakr al-Forisiyning birorta shogirdi undan fiqh va kalom ilmini Abu Bakr al-Usbonikatiydek yaxshi o‘rgangan emas. Agar kishilar devor orqasidan Abu Bakr al-Usbonikatiyning ovozini eshitsalar, Abu Bakr al-Forisiy gapirayapti, deb o‘ylar edilar”. Hijriy 375 yoki 376 (milodiy 986 yoki 987) yili Sug‘dda vafot etganlar.




Al-Iyloqiy— Iyloq (Ohangaron vodiysi) —Shoshdan o‘n farsax uzoqlikdagi shahar. Bu yerga kelganlar bunday so‘lim va toza shaharni ko‘rmaganlar. Suv vodiydan kelgan. Uning tog‘larida tilla va kumush bor. Bu yerdan ko‘p olim va imomlar yetishib chiqqanlar. Ularning mashhurlaridan:




Abu Rabi Tohir ibn Abdulloh al-Iyloqiy buyuk fiqhshunos edilar. Marvda Abu Bakr Abdulloh ibn Ahmad al-Marvaziy, Nishopurda Abu Tohir Muhammad ibn-Mahmash az-Ziyodiy va Buxoroda olim Abu Abdulloh Husayn ibn Hasan al-Haliymiy qo‘llarida fiqh ilmidan ta’lim olganlar. Shosh ahli bu kishidan fiqh ilmidan ta’lim olgan. Abu Naim Abdulmalik ibn Hasan al-Azhariydan hadis rivoyat qilganlar. Hijriy 465 (milodiy 1073) yili 96 yoshda vafot etganlar.




Fiqhshunos Abu Abdulloh Muhammad ibn Dovud al-Iyloqiy — Iyloq ahlidan. Xurosonda Hasan ibn Mas’uddan, Marvda Ar-Ravzdan, Nishopurda Muhammad ibn Yahyodan fiqh ilmidan ta’lim olganlar. Chiroyli siyratli bu kishi ko‘p xayrli ish qiluvchi va kishilarning hojatlarini chiqarishga doimo moyil edilar. Biz bilan Marvga kelib, mening madrasamda bir necha muddat yashadilar. Men u kishidan hadisdan dars olgandim. Hijriy 539 (milodiy 1145) yilda vafot etganlar va Sinjdonda dafn qilinganlar.




Yana shu qishloqlik Abu Salama Nasr ibn Muhammad ash-Shoshiy as-Sufiy al-Iyloqiy Shoshda turardilar. Fozil, yaxshi xulqli, hoji, muhaddis edilar. Kishilar bu zotdan hadis yozib olardilar. Imom al-Buxoriyning do‘stlari Abdurahmon ibn Muhammad al-Buxoriy va Haysam ibn Kulayb ash-Shoshiydan hadis rivoyat qilganlar. Hijriy 370 (milodiy 981) yilda vafot etganlar.




Al-Boriskatiy — Boriskat — Shosh shaharlaridan.




Abu Ahmad ash-Shoshiy al-Boriskatiy shu shahardan. Abd ibn Humayd al-Keshiy (vaf. 249/864)dan hadis rivoyat qilganlar. U kishidan Abul Fazl ibn Muhammad ash-Shoshiy hadis rivoyat qilganlar.




Al-Borobiy— Borob (yoki “Forob”deb ham aytiladi) — Sirdaryo ortidagi nohiya.




Abu Zakariyo Yahyo ibn Ahmad al-Adib al-Borobiy — Borob ahlidan. Bu kishi nahv ilmi sohibi, arab tili bilimdoni va adib edilar. “Al-Masodiru fi al-lug‘a” (Tilshunoslikdagi o‘zaklar) kitobining tuzuvchisi. Abu Abdurahmon Abdulloh ibn Ubaydulloh al-Buxoriydan hadis rivoyat qilganlar. O‘zlaridan esa Isfijobda Hasan ibn Mansur al-Muqri hadis rivoyat qilganlar.




Al-Biskatiy — Biskat (hozirgi Piskent) — Shoshdagi taniqli shahar. Bu shahardan bir guruh ulamolar yetishib chiqqanlar.




Abu Ibrohim Ismoil ibn Ahmad al-Biskatiy ash-Shoshiy faqih edilar. Ilm olish maqsadida Marvga kelib, Abu Nasr Ahmad al-Anmotiy al-Marvaziydan ta’lim olganlar. O‘zlaridan esa Abu Turob Ismoil ibn Tohir an-Nasafiy ta’lim olganlar. Hijriy 400 (milodiy 1010) yildan keyin vafot etganlar.




Al-Binkatiy —Binkat (hozirgi Bekobod) — Shosh qishloqlaridan.




Abu Said Haysam ibn Kulayb ash-Shoshiy al-Binkatiy shu qishloqdan. Bu kishi asli termizlik bo‘lib, Binkat qishlog‘ida yashab, shu yerda qolib ketganlar. Shuning uchun shu nisbat berilgan. U kishi adabiyotni Abu Muhammad Abdulloh ibn Muhammad al-Qutabiydan o‘rgangan bo‘lib, eng yaxshi she’rlarni yodlar edilar. “Al-Musnad al-kabir” kitobini jamlaganlar. Abu Iso Muhammad ibn Iso at-Termiziy, Abbos ibn Muhammad ad-Duvariy, Iso ibn Ahmad al-Asqaloniy kabi Xuroson va Iroq olimlaridan dars olganlar. O‘zlaridan esa Abul Fazl Mansur ibn Nasr al-Kog‘aziy hadis rivoyat qilganlar. Hijriy 350 (milodiy 962) yilda vafot etganlar.




At-Tunkatiy— Tunkat — Shosh shaharlaridan. Sirdaryo ortida joylashgan bu shahardan ko‘p ilm ahli yetishib chiqqan.




Abu Lays Nasr ibn Hasan at-Tunkatiy shu qishloqdan. U kishini “Abul Fath” deb ham aytganlar. Farb mamlakatlarida bo‘lganlar va Andalus (Ispaniya) shahrida bir necha muddat yashaganlar. Mashhur tijoratchi ham edilar. U kishi o‘sha yerlik olimlardan dars olardilar va Muslim ibn Hajjojning “Sahih ul-Muslim” kitobidan dars berardilar. O‘zlaridan ko‘p olimlar dars olganlar. Umrlarining oxirigacha Nishopurda yashaganlar. Odamlar suv ichsinlar deb jome masjidida quduq qazganlar. Ko‘p xayrli ishlarga bosh-qosh bo‘lganlar. Nasr ibn Hasan ash-Shoshiy aytadilar: “Bir kun kemada dengizda sayr qildim. Dengizning qirg‘og‘iga yetib borganimda, toshdan yasalgan, suvdan ko‘tarilgan, ammo qo‘li egri bir suratga duch keldim. Unda: “Bu yerdan o‘tma! Chunki chumolilar seni yeydi”, — deb yozilgan edi. U kishi hijriy 406 (milodiy 1016) yilda tug‘ilib, hijriy 486 (milodiy 1094) yilning zulqa’da oyida Nishopurda vafot etganlar va “Hayrat” qabristonida dafn qilinganlar.




Abu Ja’far Halim ibn Umar al-Buxoriy at-Tunkatiy Buxoro ahlidan bo‘lib, Tunkat qishlog‘ida yashaganlar. Imom al-Buxoriydan hadis rivoyat qilganlar. Hijriy 313 (milodiy 926) yilda vafot etganlar.




Al-Xarashkatiy — Xarashkat — Shosh shaharlaridan. Bu shahardan ko‘p olimlar chiqqan.




Bulardan Abu Said Sa’d ibn Abdurahmon al-Xarash­katiy Yusuf ibn Ya’qub al-Qozi, Muhammad ibn Abdulloh al-Hazramiydan hadis rivoyat qilganlar. Hijriy 340 (milodiy 952) yilda vafot etganlar.




«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 16-sonidan olindi.






Uzpedia.uz