Shoislom Shomuhamedov (1921-2007)



Shomuhamedov Shoislom Mahmudovich (1921.16.4, Toshkent - 2007) — sharqshunos-eronshunos olim. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1978), filologiya fanlari doktori (1968), professor (1970). 2-jahon urushi qatnashchisi (1941—42).

O‘rta Osiyo universiteti sharq fakultetini tugatgan (1952). Shu universitetda o‘qituvchi, dotsent (1958—60), sharq fakulteti dekani (1960—72), universitetning ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori (1972—85), Sharq fakulteti (1991 yildan Toshkent sharqshunoslik instituti) xorijiy sharq mamlakatlari adabiyoti kafedrasi mudiri (1966—72), kafedra professori (1985 yildan)bo‘lib ishlagan.

Shoislom Shomuhamedov olim, shoir va tarjimon sifatida mumtoz va hozirgi zamon eron adabiyoti bo‘yicha tadqiqotlar, o‘quv qo‘llanmalari, fors-tojik adabiyoti klassiklari asarlaridan tarjimalar va uning o‘z qalamiga mansub she’rlar, hikoyalar to‘plamlaridan iborat 90 ga yaqin kitob yaratdi.

Shoislom Shomuhamedov tarjimon sifatida o‘nlab sharq shoirlari asarlarining o‘zbek xalqi ma’naviy mulkiga aylanishiga ulkan hissa qo‘shdi. Xususan, Firdavsiy «Shohnoma»sining 3 jildli yangi tarjimasi va nashri (1975—79) bevosita Shoislom Shomuhamedovning rahbarligi va ishtirokida amalga oshirildi. U hind, arab, rus, ozarbayjon, tojik, turkman shoirlari asarlaridan ham ko‘plab namunalarni o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Shoislom Shomuhamedov shoir va yozuvchi sifatida bolalar hamda kattalarga atalgan, axloqiy-ta’limiy, ijtimoiy-falsafiy, ma’rifiy g‘oyalarni targ‘ib etuvchi o‘nga yaqin she’riy va nasriy asarlarini nashr ettirgan.

Firdavsiy nomidagi xalqaro mukofot laureati (1973), «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan (1998).



Uzpedia.uz