Shodmon Otabek. Qo‘shnilar yoxud odamlarning mehr quyoshi



Yon qo‘shni — jon qo‘shni (O‘zbek xalq maqoli)

Qo‘ldosh aka odaticha qo‘lida tokqaychi, boshyalang, tomorqasida kuymalanib yurgan edi, nogoh devor ortidan qo‘shnilarning gangur-gunguri qulog‘iga chalindi. Ko‘p o‘tmay shovqin kuchaydi: dahanaki jang yetilib kelayotgani aniq edi.

U beixtiyor qaddini rostlab, quloq soldi: devor-darmiyon qo‘shnisi Bashirali tug‘ishgan akasi bilan tortishayotibdi.

Xurram aka ukasini qora tortib, shu yerga imorat solyapti. Yangi rejaga ko‘ra Bashiraliga tegishli tomorqaning bir qismi endi akasiga o‘tishi lozim. “Hoynahoy, janjal shu tomorqadan chiqqan-ov, — deya o‘zicha taxmin qildi Qo‘ldosh aka. — Bashirali-ku g‘irt jinni (odamlar bejiz uning ismiga “jinni” so‘zini qo‘shib aytishmaydi), ko‘ziga qon to‘lsa otasiniyam tanimaydi. Ammo Xurram aka og‘irlik qilsa bo‘lardi. Harqalay, ukasining fe’lini biladi-ku. Aslida shu yerga ko‘chib kelib chakki qilyapti. Harna bo‘lsayam, jigarim deganda. Mana endi, “uzoqdagi kishnashar, yaqindagi tishlashar” deganlariday...”

Hayal o‘tmay devor ortidan daraxtlarning qarsillab singani eshitildi. Bashirali har bolta urganda “ix, ix” deya bor zahar-zug‘umini to‘kib solardi. Qo‘ldosh aka haligi taxmini to‘g‘ri chiqqanini fahmladi. Shoshib tokqaychini beliga qistirdiyu mojaro bo‘layotgan tomon oshiqdi. Borib devordan mo‘raladiyu bir zum hayratdan serrayib turib qoldi. Bashirali gullab-yashnab turgan mevali bog‘ni qiyratib kesar, boyoqish Xurram aka ko‘zlariga ishonmay, bir chetda tushimmi-o‘ngimmi deya mung‘ayib qarab turardi.

Qo‘ldosh aka devordan oshib o‘tguncha yana bir necha qimmatli daqiqa o‘tdi. Bolta har urilganda ichida bir nima chirt-chirt uzilib tushayotgandek seskanar edi. Kesilayotgan daraxtlarning aksariyatini Qo‘ldosh aka o‘z qo‘li bilan payvandlagandi.

— To‘xta! To‘xta deyman! — Qo‘ldosh aka jon holatda yugurib kelib, Bashiralining qo‘liga yopishdi va boltani tortib oldi. — Esingni yedingmi? Daraxtda nima gunoh? Uvolidan qo‘rqmaysanmi?

Ayovsiz, qiyratib kesilgan yosh nihollar yerda yotar, omon qolgan ikki-uch tup olma, behi ko‘chatlari bu ko‘ngilsiz mojarodan afsuslangandek bahor shabadasida xomush bosh chayqab turardi. Noxush manzaradan Qo‘ldosh akaning yuragi to‘lib ketdi. Bashiraliga g‘azab bilan o‘qraydi-yu, ichidan xuruj qilib ketgan alamini bazo‘r tutib qoldi. U qo‘shnisining fe’lini yaxshi bilar, unga tanbeh berish devorga gapirish bilan teng edi.

Qo‘ldosh aka hamon behol-behush turgan Xurram akani uyiga yetaklab ketdi. Bir piyola choy ustida kesilgan bog‘ni qayta tiklab berajagini aytib, yangi qo‘shnisiga dalda berdi. Hozirgina bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsizlik haqida churq etib og‘iz ochishmadi. Qo‘ldosh aka, garchi janjalning asl sababini bilmasa-da, Bashiralining bu qilmishi ichqoralik, baxillik ekanini aniq sezdi. Ha, uka mevali bog‘ining bir qismi akaga o‘tib qolishini istamasdi.

Qo‘ldosh aka yaxshi bog‘bon. Keyinchalik u o‘sha kesilgan bog‘ni beminnat qayta tiklab berdi. Xurram aka tug‘ishgan ukasidan topmagan oqibatini yangi qo‘shnisidan topdi.

Falakning gardishi bilan bu orada yana bir g‘alati voqea sodir bo‘ldi: Bashiralining bog‘i... qurib qoldi. Allaqanday sirli bir kasallik tegdimi yoki boshqa sababdanmi, harqalay, mevali daraxtlar birin-ketin, yaproq yozar-yozmas so‘lib, qovjiradi. Qo‘ni-qo‘shnilarning xayoliga lop etib xalqning dono maqoli keldi: baxilning bog‘i ko‘karmas!

Bashirali faqat baxilgina emas, xudbin, itfe’l kimsa edi. Bog‘idan chiqqan hosilni bola-chaqasiga ham yedirib-ichirmay, qishga asrab, uzoq joylarga borib qimmatga pullardi. Uning fe’l-atvorini yaxshi bilgan mahalla ahli “balodan hazar” deya undan nariroq yurishardi. Bashirali shunda ham bilganidan qolmasdi. Suv tanqis mahal odamlar navbat bilan tomorqasini sug‘orsa, u surbetlik bilan xohlagan vaqtda suvni navbatsiz egallab olardi. Mabodo qo‘shnilardan birontasining tovug‘i yoki mol-holi adashib tomorqasiga o‘tib qolsa, sog‘ chiqmas, ba’zan umuman qaytib chiqmasdi. Eng achinarlisi, xotini va bolalarining fe’l-atvorida ham Bashiralining ta’siri yaqqol sezilib turar, har bir oila a’zosi qonida xudbinlik, manfaatparastlik bor edi. Qishloqda yengil mashina hali unchalik rasm bo‘lmagan kezlarda Bashirali yap-yangi “Volga”sini ko‘z-ko‘z qilib minardi. Xurram aka og‘ir betob bo‘lib qolganda Bashiralidan akasini doktorga olib borishni iltijo qilishadi. Bashirali ko‘nmaydi. Orada yana ko‘ngilsizlik bo‘ladi. Xurram aka bandachilik qilganda Bashirali azaga ham kirmaydi. Ammo mahallada Qo‘ldosh akaga o‘xshagan saxovatli, oliyhimmat, diyonatli odamlar ko‘p edi. Ular hamisha bir-birining joniga ora kirishadi, to‘y-hasham, ma’raka-marosimlarning boshida turishadi. Ayniqsa, yolg‘izqo‘l, nochor kishilarga alohida himmat ko‘rsatishadi.

Farishtalar yaxshi gapga ham, yomon gapga ham omin dermish. Bashirali keyinchalik rostdan ham aynib, ming azobda o‘lib ketdi.

Bu uzuq-yuluq voqea-tafsilotlar bolaligimdan bir xotira sifatida ong-shuurimga mahkam o‘rnashib qolgan. Nazarimda, Qo‘ldosh aka bilan Bashirali ikki xil odam, ikki xil olam, ezgulik va qabohatning jonli timsoli edi. Yaxshilik va yomonlikning nima ekanligini ilk bor ana shu qo‘shnilarning ikki xil hayot tarziga guvoh bo‘lib bilib olganman.

Mahalla! Qo‘shnichilik!.. Aslida men shu haqda gapirmoqchi edim.

Albatta, hech kim qo‘shnisining Bashiraliga o‘xshashini istamaydi. Qo‘shning yomon bo‘lsa, ko‘chib qutulasan degan naql bor. Boshqa joyga ko‘chadigan odam birinchi galda qo‘shnisining kimligini so‘rab-surishtiradi. Yangi uy bilan qutlagani kelganlar albatta birinchi galda “Qalay, qo‘shnilaring yaxshimi?” deydi. Axir, “Hovli olma, qo‘shni ol!” deb bejiz aytishmagan.

Odamzotning boshida yaxshi-yomon kunlar bor. Maqolda aytilganidek, “Uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qo‘shni yaxshi”. Ammo shu oddiy haqiqatni bilgan holda qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlariga hamma vaqt ham jiddiy ahamiyat beravermaymiz. Gap faqat Bashiraliga o‘xshagan kimsalarda emas. Sir emas, goho duppa-durust, o‘qigan, tushungan odamlar ham bir joyda turib, yon qo‘shnisining dardu quvonchidan yiroq yashaydilar. Bu hol ayniqsa shaharlarda yaqqol seziladi.

Shahar hayotining o‘ziga xos, murakkab tomonlari bor. Shaharda odamlar birmuncha biqiq, o‘z kundalik tashvishlariga ko‘milgan holda yashaydi. Globallashuv davrining shiddatli oqimi shaharda yaqqolroq seziladi. Vaqt tig‘iz. Asablar tarang. Eng zarur ishlarga ham ulgurish qiyin. Oylab, yillab eng yaqin odamlarimizning holidan xabar ololmaymiz. Xat yozishni-ku butkul unutib qo‘yganmiz. Zo‘r kelsa telefon, telegramma kabi zamonaviy vositalarni ishga solamiz. Shunday ekan, o‘zimizdan ortib qo‘shnimiz bilan kirdi-chiqdi qilish mushkuldek ko‘rinadi.

Darhaqiqat, bitta “dom”da yashab turib (“Dom” deganimiz axir butun bir mahalla!) bir umr bir-birini tanimaydigan, bir-biri bilan qiziqmaydigan odamlar ham juda ko‘p.

Yangi “dom”ga ko‘chib o‘tganimizdan keyin bir-ikki yil o‘tgach, qo‘shni yo‘lakdagi bir xonadonda mehmon bo‘lishga to‘g‘ri keldi. Gurung avjida ikki hamsuhbat bir-biriga qo‘shnisidan shikoyat qila ketdi. Bolalarning sho‘xligiyu devor ortidan taraqa-turuqning tinmasligi — hamma-hammasini to‘kib solishdi. Keyin siz qaysi yo‘lakda, nechanchi xonadonda turasiz, deya o‘zaro surishtirishga tushishdiyu ikkisiyam bir-biriga tikilgancha hang-mang bo‘lib qoldi. Ma’lum bo‘lishicha, ular devor-darmiyon qo‘shni bo‘lib, halitdan buyon o‘zlarini bir-biriga yomonlashayotgan ekan. Oldiniga rosa kulishdik, keyin xijolat chekib, jim bo‘lib qoldik. Nazarimda, hamma bu kulgining zamiridagi achchiq haqiqatni o‘ylar edi. Bular-ku bir-birlarini bilmay-tanimay shunday “qovun tushirishdi”. Ammo ba’zan bir yo‘lakda yashab, har kuni zinapoyada, ostonada yuzma-yuz kelishsa ham payti kelganda zarracha bir-biriga haddi sig‘maydigan qo‘shnilar bor.

Bir kuni yo‘lakdagi qo‘shnilardan birining yuragi yomon bo‘lib qoldi. “Tez yordam” hadeganda kelavermadi. Ko‘ngilsizlikdan ko‘pchilik boxabar bo‘ldi. Xuddi shu yo‘lakda bir do‘xtir ham yashardi. Ammo hech kim unga uchray qolishni maslahat bermadi. Haligi qo‘shni ham bunga botinmadi. Chunki o‘sha do‘xtir hech kim bilan qo‘shnichilik qilmas, hech qachon birinchi bo‘lib birovga salom bermas, hatto salomga zo‘rg‘a alik olar, birovga mundoq ochiq chehra bilan boqqanini hech kim ko‘rmagan edi. Tabiiy, bunday kimsaga og‘iz ochib dard aytish oson emasdi.

Qishloqdagi odamlar bir-biri bilan ancha sinashta bo‘ladi, yetti yashardan yetmish yashargacha hamma bir-birini taniydi, muomala-munosabatlar samimiy. Butun turish-turmushing, kechmishing hammaning ko‘z oldida, oshkora...

Shaharda-chi? Aytaylik, yangi “dom” qurib bitkazildi. Bir-birini yetti uxlab tushida ko‘rmagan, mutlaqo notanish, kasbi-kori, fe’lu atvori har xil odamlar endi bir joyda yashay boshlaydilar. Agar “dom”da loaqal bir-ikkita odamlarning boshini qovushtiradigan, diyonatli kishilar bo‘lsa, nur ustiga nur. Bunday “dom”da fayz bo‘ladi, atrofda dov-daraxtlar yashnab turadi.

Ko‘rinyaptiki, hamma narsa odamlarning, qo‘ni-qo‘shnilarning o‘ziga bog‘liq. Axir odamning taftini odam oladi, deb bejiz aytishmagan. Odamzot qaerda yashamasin, yaxshi kishilar, yaxshi qo‘ni-qo‘shnilarning mehr-oqibatiga muhtoj bo‘ladi. Agar kishi yaxshilar orasida yashayotganini his qilib tursa, bunday odamning hayoti zavqli, mazmunli o‘tadi.

Bizning yo‘lakda ajoyib bir oila yashaydi. Men bu oilaga har jihatdan havas qilaman. Nihoyatda ahil-totuv yashashadi, bolalari bir-biridan aqlli, odobli. Shunday oila bilan devor-darmiyon qo‘shni bo‘lganimizni katta omad deb bilaman. Biz tez-tez kirdi-chiqdi qilib turamiz. Shunisi diqqatga sazovorki, bu qo‘shnimiz oldin yashagan joyidagi qo‘shnilar bilan ham aloqani uzmagan, ular bilan xuddi tug‘ishgan qarindoshlardek yaqin bo‘lib qolishgan. Bayramlar, har xil oilaviy tantana-marosimlarda albatta bir-birlarini yo‘qlashadi. Shu qo‘shnimiz bahonasida juda ko‘p ajoyib xonadonlar, yaxshi odamlar bilan tanishib, do‘stlashdik, bordi-keldi qiladigan bo‘ldik.

Oqibatsiz qarindoshdan oqibatli begona yaxshi, deganlari shu bo‘lsa kerak-da. Shunday hayotiy-ibratli voqea-hodisalar xayolimdan o‘tganda beixtiyor sevimli shoirimiz Erkin Vohidovning mana bu misralarini eslayman:

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 14-sonidan olindi.



Uzpedia.uz