She’riyat qanday paydo bo’lgan?
Eng avvalo, she’riyat nima o’zi? She’riyat — bu, maxsus shaklda yoziladigan va so’zlashiladigan teran his etilgan va teran ta’sir qiladigan til. She’rdagi qofiya uni nasrdan farqlab turadi. Bundan kelib chiqqan holda biz she’riyat qanday boshlanganini aniqlash imiz mumkin. To’g’ri, biz kim birinchi bo’lib va qachon she’r yaratganini hech qachon bila olmaymiz. Shunday bo’lsa-da, ibtidoiy odamlar hayoti haqida oz-moz bilganimiz tufayli she’riyat qanday boshlanganini taxmin qilishimiz mumkin. Odamzot hali til paydo bo’lmasidan ancha oldin turli maromdagi raqslarni ijro etgan. U tana — jismoniy xatti-harakatlarini bajargan, tovushlar chiqargan, alohida vaziyatlarda, masalan, jang yoki ov oldidan g’urillagan, qichqirgan. Xuddi shuningdek u turli usullar bilan qoqish mumkin bo’lgan nog’orani yaratgan. Va tez orada odamzot sohirona so’zlar bilan o’z ilohlariga murojaat qilish uchun tovushlar va nog’oraning maromli sadosidan foydalana boshlangan. Ayni chog’da minglab yillar davomida odamzotga o’z atrofida hamma joyda ko’rgan va eshitgani — suvdagi, shamoldagi, qushlar parvozidagi, hayvonlarning tartibli harakatidagi maromlar ta’sir o’tkazib keldi. Bu maromlardan ba’zilarini qayta idrok etishga uringan odamzot she’riy tasavvur — shuurga murojaat qiladi. So’ngra odamlar bu raqslar, qo’shiqlar, qarg’ishlarni asray boshladilar. Ularni bir avloddan boshqasiga yetkazdilar va ular bora-bora she’riyat turlariga aylandi. Miloddan avvalgi V asrda qadimgi Yunonistonda she’riy asarlar muayyan voqealar uchun maxsus yozilar, biroq ular hali ham musiqa va raqs bilan birgalikda ijro etilar edi. Keyinchalik yunonlar tomonidan she’riyatning alohida turi yaratildi, bunday she’riy asarlarda qahramonlik voqealari haqida hikoya qilinar yoki turfa odamlarning hayoti tasvirlanar edi.
Manba
Mo’jiza kitobning 3-jildi
Uzpedia.uz