Sharofitdinov Xurshid Shamsiddinovich
O‘zbek mumtoz adabiyoti bilan XX asr yangi adabiyotini bir-biriga bog‘lab turuvchi ko‘priklardan biri Shamsiddin Sharafiddin o‘g‘li Xurshiddir.
Xurshid 1892 yilning 10 mayida Toshkentda bog‘bon oilasida tavallud topgan. Madrasa va eski maktabda tahsil olgan. Mohir g‘azalnavis shoir, yetuk dramaturg va tarjimon Xurshidning ijodiy merosi ancha boy, serqirra va sermazmun bo‘lib, u hozir O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyida avaylab saqlanmoqda.
Xurshid 1960 yilda vafot etgan.
U asrimiz boshlaridan, aniqrog‘i, 1905-1906 yillardan boshlab jadid adabiyotining navqiron namoyandalaridan biri sifatida qalam tebrata boshlagan. Shu ma’noda u ma’rifatparvarlik ruhida «Eskilik va yangilik» degan dastlabki pesasini, keyinroq «Orif ila Ma’ruf», «Qora xotun», «Kichik askar» kabi pesalarini, «Layli va Majnun», «Farhod va Shirin», «Siyovush», «Oybonu» singari musiqiy drama librettolarini yaratgan. Uning, ayniqsa, Alisher Navoiy dostonlari asosida yaratilgan ikki dramasi o‘z davrida juda mashhur bo‘lgan. Xurshid qator opera librettolarini ham yozgan.
Xurshid tarjimon sifatida ham samarali ijod etgan. Xususan, Shillerning «Qaroqchilar», V.Shekspirning «Qora arab» («Otello»), U.Hojibekovning «Arshin mololan» kabi mashhur asarlarini o‘zbek tiliga ag‘dargan. Shuningdek, Sharqning buyuk shoirlaridan biri Hofiz Sheroziyning yuzga yaqin g‘azalini ona tiliga tarjima qilgan.
Bundan tashqari, u o‘zbek mumtoz adabiyotining yorqin namoyandalari Munis va Ogahiy kabi shoirlar devonlarini nashrga tayyorlagan. Xurshid yetuk g‘azalnavis shoirdir. Uning «Chorgoh», «Girya», «Bayot», «Ushshoq», «Segoh», «Dugoh», «Suvora» kabi kuylarga solingan ohangrabo she’rlari mashhur hofizlar tomonidan xamon ixlos bilan aytib kelinmoqda.
Manba: arboblar.uz
Uzpedia.uz