Sharipov Kongratbay
Sharipov Kongratbay Avezimbetovich (24-mart, 1963-yil, Qoʻngʻirot tumani, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, OʻzSSR) — oʻzbekistonlik olim, texnika fanlari doktori, professor, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori (2019-yildan), 2019-yil Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari, 2017-yil Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori, 2017—2019-yillar – Toshkent shahar Olmazor tumani kengashi deputati.
Biografiyasi
Kongratbay Sharipov 1963-yil 24-martda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoʻngʻirot tumanida xizmatchi oilasida tugʻilgan. 1980-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoʻngʻirot tumanidagi Pushkin nomidagi oʻrta maktabni tamomlagan. 1980—1981-yillarda Qoʻngʻirot paxtachilik sovxozida avtomexanik boʻlib ishlagan. 1981-yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash fakultetiga oʻqishga kirgan.
1986—1987-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoʻngʻirot paxtachilik sovxozida mexanizator boʻlib ishlagan. 1988-yilda V. P. Goryachkin nomidagi Moskva qishloq xoʻjaligi muhandislari institutida oʻqituvchi boʻlib ishlagan, 1989—1992-yillarda esa kunduzgi boʻlimda aspiranturada oʻqigan. 1992-yildan texnika fanlari nomzodi. 1992-yil 20-yanvarda 05.20.03 – „Qishloq xoʻjaligi mashinalarini ishlatish, taʼmirlash va qayta tiklash“ ixtisosligi boʻyicha „Ultrafiltratsiya orqali sanoat moylarini qayta tiklash“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
2005-yil 22-martda 05.05.03 – „Avtomobillar va traktorlar“ ixtisosligi boʻyicha „Oʻzbekiston sharoitida foydalanilgan avtomobil va traktor motor moylarini qayta tiklashning yangi tamoyillari“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan va texnika fanlari doktori ilmiy darajasi Toshkent avtomobil yoʻllar instituti qoshidagi malaka komissiyasi tomonidan berilgan.
1995-yilda „Traktor va avtomobillar“ kafedrasi dotsenti ilmiy unvonini olgan.
1992—2003-yillarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti „Traktor va avtomobillar“ kafedrasi oʻquv ustasi, assistenti, dotsenti, „Agrosanoat majmuasining resurs tejovchi texnika va texnologiyalari“ muammoli tadqiqot laboratoriyasi mudiri (2002—2003) lavozimlarida ishlagan.), qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash fakulteti dekan oʻrinbosari (2001—2002).
2003-yildan 2007-yil avgust oyi oxirigacha Toshkent DEU Markazi bosh direktori lavozimida ishlagan (2005—2008-yillarda „Avtomobillar va avtomobil texnologiyalari“ kafedrasi professori lavozimida yarim stavkada ishlagan).
2007-yilning avgustidan 2009-yilning yanvarigacha TOSHAFUS Oʻzbekiston—Koreya qoʻshma korxonasi bosh direktori lavozimida ishlagan.
2009-yilning yanvar-iyul oylarida „GM Uzbekistan“ bosh menejeri lavozimida ishlagan.
2009-yil iyuldan 2010-yil sentyabrgacha Toshkentdagi Turin politexnika universiteti rektori lavozimida ishlagan.
2010-yil oktyabr oyidan Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida moliya va iqtisod boʻyicha birinchi prorektor lavozimida ishlab kelgan.
2017-yil avgustidan 2019-yilgacha Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori lavozimida ishlagan.
2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari lavozimida ishlagan.
2019-yil noyabr oyidan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori lavozimida ishlab kelmoqda.
Kongratbay Avezimbetovich Sharipov 1 nafar fan doktori (DSc) va 6 nafar falsafa doktori (PhD) tayyorlagan. Kongratbay Sharipov 450 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi, 8 ta darslik, jumladan, 14 ta yakka va hammualiflikda monografiyalar nashr ettirgan va keng jamoatchilik eʼtirofiga sazovor boʻlgan. Xorijiy jurnallarda 70 ta maqola, jumladan, yuqori martabali jurnallarda 188 ta, milliy jurnallarda 201 ta maqolasi chop etilgan. Scopus, ScienceDirect va Web of Science jurnallarida 2 ta maqola chop etgan. Iqtisodiyot boʻyicha 50 dan ortiq ilmiy maqolalari chop etilgan.
Kongratbay Avezimbetovich Sharipov 2018—2020-yillarda 56 nafar kadr buyurtmachilari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydi, 56 ta ilmiy-tadqiqot institutlarining ilmiy rahbarlari hamda 10 nafar doktorantlarni ishga olgan.
Manbalar
uz.wikipedia.org