Sharif Yusupov. Xonning so‘nggi ilinji (ikkinchi maqola)
Sinxron jadvalga ko‘ra, haj mavsumi 1877 yili 16 dekabrdan, 1878 yili esa 5 dekabrdan boshlangan. 1877 yilgi haj mavsumiga yetib borish uchun Xudoyorxon ixtiyorida 45 kun muddat bo‘lgan. Bu muddat ichida ham xon bemalol Makkai mukarramaga yetib borishi mumkin edi, deb o‘ylaymiz. Ammo, bir tarafdan, «Turkiston viloyatining gazeti»da 1878 yil 21 iyulda bosilgan xabarda xonning hayotiga oid ancha tafsilotlar berilganiga qaramay, uning oldingi yili hajda bo‘lganligi xususida hech narsa deyilmaydi. Ikkinchidan, Umidiy-Havoiy Xudoyorxonning imperatorga, Turkiston general-gubernatoriga, shuningdek, farzandlariga yozgan xatlarini Istanbulga keltirib, Rossiya elchixonasiga topshirgan. Og‘a Abdurahim 1878 yili haj ziyoratiga borganida, Jiddada xon bilan uchrashgani haqida yozadi. Binobarin, xon 1878 yili Makkai mukarramani va Madinai munavvarani ziyorat qilib, Makkadagi haram yaqinida yashayotgan davrdan boshlab fojiali hodisalarni boshdan kechiradi. Haj mavsumi 1878 yili dekabrning ikkinchi yarmigacha davom etganini hisobga olsak, xon haram yaqinida Sodiq sarkor tomonidan ikki tishi sindirilgach, bir-ikki oy chamasi Sodiq sarkor ustidan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish mojarosi bilan ovora bo‘lib qolgan, keyin bilagiga yomon yara chiqqach, olti oy chamasi Makka tabiblari tomonidan davolangan. Shifo topilmagach, Bo‘mbayga yo‘l olgunicha u yerda besh oy davolangani, undan Iroqda ma’lum muddat yashaganini hisobga olsak, Xudoyorxon Hindistonga 1879 yili borganligi haqidagi arxiv materiallariga to‘la ishonish kerak bo‘ladi.Zotan, Orenburg general-gubernatori Krijanovskiy huzuridagi xos xodim, haqiqiy davlat maslahatchisi Bekchurin 1880 yil 14 yanvarda fon Kaufmanga yozgan maktubida o‘sha kunlarda Makkadan O‘rta Osiyoga, o‘z yurtlariga qaytib kelayotgan ba’zi ziyoratchilar Xudoyorxonni yaqinda Bo‘mbayda ko‘rganliklarini, u nomini o‘zgartirib, boshqa hojilar bilan birgalikda Jiddadan dengiz orqali o‘tib, Hindistonga borganini aytganlari xususida ma’lumot beradi. Maktub oxirida: «Ular (hojilar) Bo‘mbay orqali o‘tishgan va menga aytishlaricha, Xudoyorxonni shaxsan ko‘rishgan, uning huzurida Farg‘ona viloyatidan ketgan 11 nafar qo‘qonlik ham bor ekan», deyiladi. Bekchurin inglizlar Xudoyorxonni o‘z homiyliklariga olib, Bo‘mbay yaqinidan joy berishibdi va ular Afg‘onistonni bosib olgudek bo‘lsalar, uni shu yurtga vassal qilib tayinlab, Kobul shahriga jo‘natmoqchi ekanliklari haqidagi xabarni ham o‘sha hojilardan eshitganligini ma’lum qiladi. Maktubni olgan fon Kaufmanni Xudoyorxonning Afg‘oniston taxtiga Angliyaning vassali sifatida chiqarilish ehtimoli jilla ham tashvishga solmaydi, shekilli. U maktubni qabul qiladiyu Peterburgdagi tegishli amaldorlar bilan yozishmalar olib borish orqali Bekchurin ma’lumotlari haqiqatga qanchalik muvofiqligini aniqlashga shoshilmaydi. Oradan sakkiz oy o‘tgach, fon Kaufman huzuridagi xos xodim haqiqiy davlat maslahatchisi Mirza Hakim Umidov (general-gubernator idorasi xodimlari uni Karl Karlovich deb ataganlar) tomonidan berilgan yozma ma’lumotnomani olgach, general-gubernator jiddiy xavotirga tushadi va poytaxt idoralari ila zudlik bilan aloqa bog‘laydi. Zotan, Umidovning ma’lumotnomasi Qo‘qon xonligini qayta tiklash va taxtga Xudoyorxonning o‘zini yoki farzandlaridan birini chiqarish yo‘lida jiddiy harakat borligidan dalolat berardi.Tadqiqotchilardan atigi bir kishi, ya’ni Akmal Akram 1992 yili «Turkiston» gazetasida bosilgan maqolasida Umidovning ma’lumotnomasiga murojaat etib, uning bayonini bergan. Lekin bu bayonda jiddiy noaniqlik va xatolarga ham yo‘l qo‘yilgan. Chunonchi, Bag‘dodda yashayotgan Xudoyorxonning 300 tilla qarzini Bo‘mbaydagi bir savdogar vositasida hokim tomonidan yuborilgan odam to‘lab, xonni o‘zi bilan birga Bo‘mbayga olib ketganligi haqidagi voqea A.Akram bayonida go‘yo Xudoyorxon 300 tilla qarz emas-u uning oldiga Bo‘mbaydan odam yuborgan savdogar xondan qarzdor edi, tarzida beriladi. Umidov ma’lumotnomasidagi xonning Rossiyada ta’lim olayotgan o‘g‘li to‘g‘risidagi qaydni izohlar ekan, A.Akram bu o‘g‘ilni O‘rmonbek deb ko‘rsatadi. Vaholanki, bu yerda gap xonning 1875-1880 yillar orasida Vladimirda surgunda yashagan o‘g‘li Nasriddinxon haqida bormoqda. O‘rmonbekka kelsak, u 1875-1879 yillar orasida xonning sevikli xotini Og‘acha oyim va uning o‘g‘li Fansurullobek bilan birgalikda Turkiston shahrida yashab, so‘ngra Toshkentga ko‘chib kelib, oradan oz vaqt o‘tgach, og‘ir sil kasalidan vafot etgani o‘sha davr manbalarida aniq aks ettirilgan. Ana shu va boshqa ba’zi kamchiliklarni hisobga olib, Umidov ma’lumotnomasining Respublika Markaziy arxivida saqlanayotgan to‘la matnini keltirmoqchimiz:«Orenburgdan qochganidan so‘ng Xudoyor Kobul orqali Bag‘dod shahriga borgan va muqaddas joylarni ziyorat qilgach, yana shu shaharga qaytib, ancha uzoq muddat unda yashagan. Bo‘mbayda yashab turuvchi bir qo‘qonlik savdogar Bag‘dodga maxsus odam yuborib, iltijo qilgani sababli Xudoyor o‘sha maxsus yuborilgan odamga o‘zining 300 tilla (kumush hisobida 1200 so‘m) qarzini to‘lattirib, shu yil boshida Bo‘mbay shahriga jo‘nagan. Shahar hokimi tomonidan izzat-ikrom bilan kutib olingan Xudoyor hokim farmoyishiga ko‘ra avvaldan o‘zi uchun tayyorlatib qo‘yilgan binoga kelib tushgan, hokim unikiga tashrif buyurgan. Bu uchrashuv chog‘ida Xudoyor shahar hokimiga Rossiya hukumati ustidan shikoyat qilgan va qudratli Angliyadan homiylik hamda himoya kutayotganini aytgan. Hokim markaziy hukumatga ma’lum qilganidan so‘ng Xudoyor Londonga jo‘natilgan va u yerda o‘z shaxsiga zo‘r qiziqish va o‘z ahvoliga hamdardlikni ko‘rgan. Saroyda o‘tkazilgan rasmiy qabul marosimida sobiq xon qirolicha Viktoriya huzurida Rossiya hukumatiga keskin norozilik bildirib, taxminan quyidagi so‘zlarni aytgan:Xonlikdagi tartibsizliklar tufayli ruslarning huzuriga o‘z ixtiyori bilan kelganida ruslar zo‘ravonlik bilan uni erkidan judo qilishgan, yashash uchun Orenburgga jo‘natishgan, so‘ngra Xudoyorxonga tobe’ xonlikni asossiz ravishda egallab olishganki, bu erksizlikdan u qochib ketgan va huquqlari poymol etilgani uchun o‘zini himoya qilishni hamda haq-huquqlarini qayta tiklashni Britaniya hukumatidan va kuch-qudrati hamma yoqqa mashhur ajoyib qirolichadan iltijo qiladi. Xudoyorxonning bu qat’iy noroziligi hazrati oliyalari tomonidan shu voqea yuzasidan maxsus tayinlangan majlisda xorijiy davlatlarning 12 nafar vakili ishtirokida tinglangan.Yuqorida aytilgan ma’nodagi o‘z qat’iy noroziligining dalili sifatida xon uchta hujjatni taqdim etgan (hujjatlar qay mazmunda ekanligi ma’lum emas). Shu masala yuzasidan Senat va Peterburg kabinetlari orasida muzokaralar olib borilgan va Xudoyorning keskin noroziligiga Rossiya hukumati quyidagicha tushuntirish bergan emish: Xudoyor xonlik lavozimidan o‘z xalqi tomonidan mahrum etilgan. U xonlik hududidan ruslar huzuriga boshpana so‘rab kelgan, shuning natijasida, yashash uchun Orenburgga yuborilgan, u yerdan noma’lum joyga yashiringan. Uning o‘g‘li yuqori lavozimlarga mo‘ljallangan turk shahzodalari chet ellarda ta’lim olayotganlari singari Rossiyada tarbiyalanmoqda. Britaniya hukumati Peterburgning bunday javobidan qoniqqanmi-yo‘qmi, ma’lum emas. Lekin Angliya qirolichasi muzokaralar orqali yoki Britaniya qurolli kuchi bilan Xudoyorga yoki uning o‘g‘illariga xonlik mavqeini tiklab berishni va’da qilgan. Erkalatilgan va to‘la umidlantirilgan Xudoyor Londondan Bo‘mbayga qaytib kelib, hozirda o‘ziga hukumat tomonidan ajratilgan binoda yashamoqda. Inglizlar xazinasidan oladigan oyligidan tashqari yana har kecha-kunduz uchun 60 rupiydan olmoqda.Bayon etilganlarni ma’lum qilar ekan, bo‘mbaylik savdogar Bo‘mbaydan uch oy ilgari yo‘lga chiqqanini va o‘zi bergan ma’lumot mahalliy vaqtli matbuotda Britaniyadan olingan yangi xabarlar sifatida chop etilganligini qo‘shimcha qildi.Umidov, 19 sentabr 1880 yil, Toshkent».Umidov ma’lumotnomasi hoshiyasida fon Kaufmanning o‘sha yil 24 sentyabrdagi rezolyutsiyasi bo‘lib, unda shu faktlarni tekshirib ko‘rish buyurilgan.Oradan yana ikki oy o‘tgach, Turkiston general-gubernatori Rossiya tashqi ishlar vaziri N.K.Girsga shu ma’lumotnoma yuzasidan quyidagicha xat yozadi:«Mening farmoyishimda turguvchi haqiqiy davlat maslahatchisi Umidov yaqinda Qo‘qonga Bo‘mbaydan kelgan savdogarlar tomonidan o‘ziga ma’lum qilingan sobiq Qo‘qon xoni Xudoyor haqidagi ma’lumotlarni menga taqdim etdi.Janob Umidov yozma bayonoti nusxasini yuborar ekanman, Siz oliy hazratdan, Xudoyorxon xususida Angliya hukumati bilan qandaydir yozishmalar bo‘lganmi-yo‘qmi ekanidan, shuningdek Siz oliy hazrat janob Umidovning eslatilgan ma’lumotida ko‘rsatilgan ba’zi faktlarni, chunonchi, Xudoyorxonning Londonga borganligi, u yerda kutib olinganligi, shuningdek, Xudoyorxonning Bo‘mbaydagi hozirgi ahvoli (agar u chindan ham Bo‘mbayda bo‘lsa) haqidagi faktlarni tekshirib ko‘rish mumkinmi ekanidan meni bexabar qoldirmasligingizni o‘tinib so‘rash sharafiga noyilman», deb yozgach, «Sobiq Qo‘qon xoni Xudoyor haqida haqiqiy davlat maslahatchisi Umidov tomonidan bildirilgan ma’lumotlar» deya biz yuqorida keltirgan ma’lumotnomaning to‘la matnini ilova qiladi. Xullas, Angliya hukumati bilan sobiq Qo‘qon xonining munosabatlariga Turkiston general-gubernatori darhol qiziqib qoladi va undagi eng muhim nuqtalarni Peterburgdagi shu sohaga mutasaddi yirik amaldorlar orqali aniqlash taraddudiga tushadi. Lekin shunisi ham borki, Respublika Markaziy arxividagi general-gubernatorlik fondida fon Kaufmanning bu maktubiga N.K.Girs tomonidan berilgan javob xatiga duch kelmadik. Buning sababi aniq emas. Balki imperator a’yonlari bu gapning shov-shuvga aylanib ketishidan cho‘chigandir, balki javob kelganu biror sabab bilan yo‘qolgan yoki biror kishi bilmas burchakda saqlanib yotgandir. Harqalay, shamol bo‘lmasa, daraxtning shoxi qimirlamaganidek, Umidov ma’lumotnomasida kamoli jiddiyat bilan bildirilgan bu voqealarning mustahkam asosi bor.Xudoyorxondan bir necha yil avval Buxoro xonligi hukmfarmosi amir Muzaffar ham o‘z yurtini rus bosqinchilaridan ozod etishda yordam berishni so‘rab Angliya hukumatiga murojaat etganligi tarixdan ma’lum. Lekin amir Muzaffar qirolicha Viktoriyaga emas, balki Buyuk Britaniyaning Hindistondagi oliy komissariga Abbosxoja degan odamni elchi sifatida yuborgan va u orqali o‘z maxfiy maktubini ham jo‘natgan edi. Maktubda, jumladan, quyidagi gaplar yozilgan: «... bir guruh rus toifasidagi odamlar bu yerni (Buxoro amirligi hududlarini demoqchi) o‘z tasarrufiga olishga kirishdilar va ikki tomon o‘rtasida jang boshlandi. Islom ahli urush mahoratining yetishmasligi tufayli bosqinchilikka qarshi chiqa olmadi va natijada ayrim qit’alarni ruslar bosib oldilar, taqdir taqozosi bilan u yerlar rus qo‘li ostiga o‘tib qoldi... Hozirgi vaqtda Islom ahli ruslardan qutula oladilar va xalq manfaati yo‘lida yordam so‘rab, Sizga murojaat etadilar. Hozir har bir harakat qulay vaziyatga bog‘liq... Siz bizning istaklarimizni qabul etish bilan xalqimizning manfaatlarini inobatga olgan bo‘lasiz».Fors tilida bitilgan bu maktubni o‘zbekchaga o‘girib, faksimile bilan birga «Tafakkur»ning 1999 yil 1-sonida e’lon qildirgan professor N.Ismatullaev xatni 1870 yilga mansub deb hisoblaydi. Ammo maktubga hech qanday javob ham, Britaniya imperiyasi bilan Buxoro amirligi munosabatlarida biror ijobiy o‘zgarish ham bo‘lmaydi.Xo‘sh, buning sababi nimada? Nega Bo‘mbayda ham, Londonda ham sobiq Qo‘qon xonini dabdabayu as’asa bilan kutib olgan, unga dunyo-dunyo va’dalar bergan ingliz hukmdorlari Buxoro amiriga nomiga bo‘lsa ham bir diplomatik maktub yuborishni lozim ko‘rmaydilar? Bizningcha, buning sababi ancha ilgariga, amir Muzaffarning otasi amir Nasrullo Buxoro xonligida hukmfarmolik qilgan XIX asrning 40-yillari boshiga borib taqaladi. Rossiya imperatori Nikolay I 1842 yili Amir Nasrullo Qo‘qon xonligini bosib olib, butun xonlik hududlarini amirlikning bir qismi deya e’lon qilib, Qo‘qonga Ibrohim xayol degan no‘noq bir kishini noib qilib, tayinlaganida uni tabriklab, xos elchi orqali maktub jo‘natgani, amirning qo‘ltig‘iga suv purkab, uning yana ham haddan oshishiga sababchi bo‘lganligi ma’lum. Shundan so‘ng amir Nasrullo Rossiya imperiyasiga xush yoqadigan ishlarni qila boshlagan bir paytda, ya’ni 1842 yilning ikkinchi yarmida Angliya hukumati O‘rta Osiyodagi uch xonlikning Rossiyaga tobe’ qilinishi oldini olish tadbirini ko‘radi.Bu tadbir xonliklarning har uchovini ham Rossiya bosqiniga qarshi kurashda hamjihat qilishni, eng zamonaviy qurollar bilan ta’minlab, undan keyin urushga kiritishni ko‘zda tutar edi. Shu maqsadda Angliya yirik harbiy mutaxassislar bo‘lmish polkovnik Stoddart va kapitan Konnolini maxfiy vakil sifatida O‘rta Osiyoga yuboradi. Angliyalik vakillar Qo‘qonda Sheralixon va Xivada Alloqulixon bilan uchrashib, ularga Londonning rejalarini ma’qullatadilar. Biroq Buxoroga borganda ish chappasidan ketadi.Suratda: Xudoyorxonning o‘g‘illari: Muhammad Aminbek (oldingi qatorda, chapda ikkinchi), Ibn Yaminbek (ikkinchi qatorda, chapdan uchinchi), Sayid Umarbek (chapdan to‘rtinchi), Fansurullobek (chapdan oxirgi), va jiyani Nazirbek (oldingi qatorda, chapdan ikkinchi). Qolganlari nevaralari.
Uzpedia.uz