Sharg`un
Shargʻun (1952 - 1971-yillarda Toqchiyon) — Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi shahar (1973-yildan). Hisor togʻlarining yon bagʻrida, oʻrtacha 450 m balandlikda, viloyat markazi (Termiz)dan 193 km uzoklikda joylashgan. Tuman markazi (Sariosiyo) gacha 8 km. Transport yoʻli stansiyasi. Shahar yonidan Shargʻun daryosi oqib oʻtadi. Aholisi 12 ming kishiga yaqin (2005). Asosan, koʻmir konida ishlovchilar yashaydi. Sh. 1947-yilda Toqchiyon posyolkasi sifatida vujudga keldi. shahrida koʻmir shaxtasi, avtokorxona, qurilish korxonasi, 2 savdo tashkiloti, 2 aksiyadorlik jamiyati, kichik korxona va firmalar, 13 oʻquv muassasasi va boshqalar ishlab turibdi. 3 umumiy taʼlim maktabi, kasb-hunar kolleji, iqtidorli bolalar gimnaziyasi, maxsus maktab internat, bolalar musiqa maktabi, bolalar va oʻsmirlar markazi bor. 5 qutubxona, madaniyat uyi, madaniyat va istirohat bogʻi, 2 kasalxona, qishloq vrachlik ambulatoriyasi aholiga xizmat koʻrsatadi.
uz.wikipedia.org