Sharbat qanday qilib daraxt bo’ylab yuqoriga ko’tariladi?
Odam va hayvonlar tanasida qon aylanishiga uni haydaydigan kuchli nasos — yurak sababchi bo’ladi. Shunday hilib, organizmning har bir hujayrasi o’z hayot faoliyati uchun zarur bo’lgan moddalarni oladi. Daraxtning har bir qismi ichdan ozuqa moddalari eritmasi — o’simlik sharbati bilan yuvilib turadi. Ammo hech bir daraxtning yuragi yo’q. U holda qanday qilib sharbat daraxt bo’ylab yuqoriga ko’tariladi? Fan to shu kungacha bu savolga aniq javob bera olgani yo’q. Mavjud nazariyalarning birortasi ham bu savolga to’la va aniq javob bera olmayapti. Shuning uchun olimlar, sharbatning daraxt bo’ylab balandlikka ko’tarilishi bir vaqtning o’zida amal qiladigan bir nechta kuchga bog’liq, degan fikrni ilgari surishmoqda. Osmos bosimi nazariyasi keng tarqalgandir. Barcha tirik organizmlarda ozuqa moddalar eritmasi hujayralarga yupqa qobiq — membrana orqali o’tadi. Buning sababi shuki, membrananing turli joylarida erigan moddalar miqdori turlichadir, demak, fizika qonunlariga ko’ra, moddalar hamma joyda tenglashishga harakat qiladi. Shunday qilib, moddalarning yig’ilishi har xil bo’lgan sari ko’p miqdordagi suyuqlik membrana orqali o’tadi. O’simliklar hayoti uchun zarur bo’lgan suv va mineral tuzlar tuproqda mavjuddir. Ularning tarkibi, daraxtlarning ildizidagiga nisbatan zichroq bo’lgani uchun osmos bosimi ro’y beradi. Ushbu bosim erigan tuzlari ham bo’lgan namlikni daraxt ichiga kirishga majbur etadi. Shuning natijasida sharbat ildiz bo’ylab yuqoriga ko’tarila boshlaydi va yaproqlargacha yetib boradi. Mineral tuzlar eritmalarni o’tkazayotgan daraxtlar hujayralarida qoladi. Oshiqcha suv esa yaproqlardan bug’lanib ketadi. Bu borada boshqa bir faraz ham bor. Unga ko’ra, sharbat, birinchidan, bug’lanish, ikkinchidan esa, suvning “kogeziyasi” natijasida tepaga qarab oqadi. Bir zarraning boshqasiga yopishib qolishiga sabab bo’ladigan kuch kogeziya deb ataladi. Ushbu nazariyaga ko’ra, yaproqlardagi suv bug’langan paytda ularning hujayrasida vakuum hosil bo’ladi va u tuproqdagi namni tortib ola boshlaydi. Kogeziya esa tana bo’ylab yuqoriga ko’tarilgan suv zarralarini ushlab turadi. Bu hol oqimning uzluksiz bo’lishiga yordam beradi.
Manba
Mo’jiza kitobning 1-jildi
Uzpedia.uz