Shamsulmulk
Shamsulmulk , Malik Shamsulmulk (Nasr) ibn Ibrohim Tamgʻachxon (1020 — 1080, Buxoro) — Qoraxoniylar hukmdori (1068—80).
Gʻarbiy qoraxoniylar xoqonligi asoschisi Ibrohim ibn Nasrning oʻgʻli. Saljukiylar sultoni Alp Arslonning bevaqt oʻlimidan keyin Sh.Termiz va Balxni qisqa muddat ishgʻol qilib turgan. Biroq tez orada Alp Arslonning vorisi Malikshoh bu shaharlarni oʻz davlatiga qayta qoʻshib olgan. Boshqa tarafdan Qodir Yusuf Tamgʻachxon va uning oʻgʻillari Sh.ka qarshi kurash olib borib, undan Sirdaryoning shimoli va Fargʻona vodiysini tortib olganlar. Sh. Movarounnahr, xususan, Buxoroda katta qurilishlar olib borgan.
"Buxoro tarixi" asarida keltirilishicha, Buxoro sh. va uning atroflarida qurilgan koʻplab meʼmoriy obidalar Sh. nomi bilan bogʻliqdir. U Buxorodagi Jome masjidini taʼmirlab, qayta qurgan (1069). Karmana yaqinidagi Choʻli Malikda hashamatli karvonsaroy va rabot (qarang Raboti Malik) va Hazora qishlogʻida Deggaroniy masjidini ham Sh. qurdirgan.
Adabiyotlar
Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1966.
uz.wikipedia.org