Shamsulaimma Halvoniy (Halvoiy)
Shamsulaimma Halvoniy (Halvoiy) — (?—1058) — buxorolik alloma va muhaddis.
Abdulaziz ibn Ahmad ibn Nasr ibn Solih Shamsulaimma al-Halvoiy al-Buxoriy buyuk muhaddis, ulkan faqih, mashkur mujtahid, valiyulloh boʻlgan. Unga „Shamsulaimma“, yaʼni Imomlar quyoshi degan unvon berilgan edi. Zarnujiyning „Taʼlim ul-mutaalim“ kitobida yozilishicha, Shamsulaimma Halvoniyning otasi faqir kishi bo‘lib, holvapazlik kasbi bilan rizq-ro‘zini topgan va farzandini tarbiya etgan. Shu sababli Abdulaziz ibn Ahmad ibn Nasr ibn Solihga Halvoniy degan nom ham berilgan.
As Samʼoniyning „Nasabnoma“ kitobida keltirilishicha, Shamsul-aimma fiqh ilmini Qozi Abu Ali Husayn ibn Hizr an Nasafiydan, hadis ilmini esa Abu Abdulloh al-G‘unjor al-Hofiz al-Buxoriy va Abu Sahl Ahmad ibn Muhammad al-Buxoriydan o‘rgangan. Shamsulaimma katta hajmli „Al Mabsut“, shuningdek, „Kitobi navodir“ va boshqa asarlar muallifidir. Zahabiyning „Siyaru aʼlomin-nubalo“ asarida yozilishicha, alloma Shamsulaimma al-Halvoiy hanafiylar peshvosi va o‘z diyorida raʼy tarafdorlarining raisi hisoblangan. Shamsulaimma Halvoniy haqida A.Sh. Juzjoniy oʻzining „Islom huquqshunosligi“ kitobida maʼlumot berib oʻtgan.
„Tuhfat uz-zoirin“da asarida yozilishicha, Shamsulaimma 1058-yil Keshda vafot etgan. Lekin uning jasadini Kesh shahridan Buxoroga olib keladilar va Buxoro shahri ichidagi Gulobodda dafn qiladilar. Juzjoniyning yozishicha, Shamsulaimmadan Faxrul islom Bazdaviy, Sadrul islom Abul-yusr, Shamsulaimma Bakr ibn Muhammad Zarajariy kabi ustozlardan taʼlim olgan. Oʻzbekiston mustaqilligi yillarida Hazrat Halvoniyning jasadi Buxoro shahridagi Shoh Axsaviy jomeʼsining janubiy tomoniga qayta ko‘milgan. Mazkur masjid imom-xatibi Hoji Hayit Shirinov tashabbusi bilan bu ziyoratgoh obod qilingan.
Manbalar
uz.wikipedia.org