Shakl yasalishi




Shakl yasalishi - soʻzning u yoki bu grammatik maʼno ifodalovchi shaklining hosil qilinishi; shunday shaklning hosil boʻlishi (qiyoslang: Soʻz yasalishi). Mas, oʻzbek tilida Shakl yasalishining quyidagi usullari bor: analitik usul, sintetik usul.Shakl yasalishining analitik usuli yordamchi soʻzlar vositasida keldiradi. Chunonchi, oʻqib koʻrmoq, gʻovlab ketmoq, kun sayin soʻz shakllari koʻr, ket, sayin yordamchilari vositasida yasalmoqda. Shakl yasalishining sintetik usuli maxsus shakl yasovchi affikslar vositasida amalga oshadi.

Shakl yasovchi affikslar soʻzning grammatik maʼno ifodalovchi shaklini yoki biror grammatik vazifaga xoslangan shaklini yasaydi. Bunday affikslar asosiy xususiyatlariga koʻra 2 ga boʻlinadi: 1) kategorial shakl yasovchi affikslar — maʼlum soʻz turkumidagi biror grammatik kategoriyaga xos shakl yasaydi. Mas, otlardagi koʻplik, egalik, kelishik shaklini yasovchi, feʼlning mayl, zamon, shaxsson, nisbat shaklini yasovchi, sifat va ravishlardagi daraja shaklini yasovchi affikslar kategorial shakl yasovchi affikslardir; 2) nokategorial (funksional) shakl yasovchi affikslar — grammatik kategoriyaga oid boʻlmagan maʼnoni ifodalovchi, maʼlum sintaktik vazifaga xoslangan soʻz shaklini hosil kiladi. Mas, otlar va olmoshlarga qoʻshilib, xoslik ifodalovchi niki affiksi, otlardagi erkalash va kichraytirish, hurmat va oʻxshatish shakllarini hosil qiluvchi cha, chak, choq, loq, xon, gina va boshqa affikslar, feʼlning sifatdosh, ravishdosh, harakat nomi shakllarini yasovchi affikslar (gan, gach, guncha va boshqalar) ana shu turdagi affikslardir. Oʻtgan asrning 80y.larigacha boʻlgan oʻzbekcha lingvistik adabiyotlarda soʻz yasovchilardan boshqa affikslar shakl yasovchi va soʻz oʻzgartiruvchi affikslar tarzida 2 ga ajratilgan.

Shakl yasalishi va shakl yasovchi affikslar morfologiyada oʻrganiladi.

Adabiyot




Azim Hojiyev.



uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz