Sh. Rashidov tumani





Sharof Rashidov tumani (Sobiq nomi Jizzax tumani ) — Jizzax viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentyabrda tashkil etilgan. Shimolda viloyatning Forish, Zafarobod, Paxtakor tumanlari, gʻarbda Gʻallaorol tumani, sharqda Zarbdor, Zomin tumanlari, janubida Baxmal tumani bilan chegaradosh. Maydoni 1,44 ming km. Aholisi 142,3 ming kishi (2001). Sharof Rashidov tumanida 13 qishloq fuqarolari yigʻini (Gandumtosh, Ittifoq, Oxunboboyev, Oqoltin, Paxtaobod, Ravot, Samarqandquduq, Tokchilik, Uchtepa, Xayrobod, Qulama, Qoʻshbarmoq, Hamzaobod) bor. Markazi — Uchtepa qishlogʻi.

Tabiati Sharof Rashidov tumani relyefi past-tekislik, qir va togʻlardan iborat. Gʻarbida Qoʻytosh va janubida Molguzar togʻ tizmalari joylashgan. Foydali qazilmalardan volfram, ohaktosh va b. bor. Iqlimi keskin kontinental. Iyulning oʻrtacha temperaturasi 28—30°, yanvarniki —2 dan —4° gacha, Yiliga oʻrtacha 425 mm yogʻin tushadi. Vegetatsiya davri 210—215 kun. Asosan boʻz, och boʻz tuproqlar tarqalgan. Tuman Sangzor daryosi va Tuyatortar kanali orqali Zarafshondan sugʻoriladi. Sharof Rashidov tumanidan Ravotsoy va bir necha kichik soylar oqib oʻtadi. Yovvoyi oʻsimliklardan yantoq, shoʻra, shuvoq, qiyoq qamish, yulgʻun, gʻumay, ituzum va b. oʻsadi. Bahorda qirlardan yaylov sifatida foydalaniladi. Yovvoyi hayvonlardan tulki, boʻri, chiyaboʻri, quyon, kalamush, toshbaqa, ilon, kaltakesak, qushlardan kaptar, qargʻa, mayna, chugʻurchiq, kalxat yashaydi.

Aholisi asosan oʻzbeklar; shuningdek, qozoq, eroniy, tojik, loʻli, qirgʻiz, rus, boshqalar yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km ga 98,8 kishi toʻgʻri keladi.

Xoʻjaligi



Tuman, asosan paxta yetishtirishga ixtisoslashgan. Gʻallachilik, bogʻdorchilik, sabzavotchilik bilan ham shugʻullaniladi. Jami ekin mayd. 41,1 ming ga, shu jumladan gʻalla ekinlari 22 ming ga, paxta 12 ming ga, sabzavot 882. ga, poliz ekinlari 1,3 ming ga, yem-xashak ekinlari 3,4 ming ga, bogʻlar 648 ga, tokzorlar 329 ga yerni tashkil qiladi. Barcha xoʻjaliklarda 25,1 ming qora mol, 40,6 ming qoʻy va echki, 1,5 ming ot bor.

Tumanda „Jizzax don mahsulotlari“ aksiyadorlik jamiyati, shuningdek, Uchtepa non kombinati va mahsulotlarni qadoqlash korxonasi faoliyat koʻrsatadi. 4 avtokorxona mavjud. Uchtepa yengil sanoat va kasb-hunar kollejlari (500 talaba), litsey, 2 musiqa maktabi, 52 umumiy taʼlim maktabi (33,4 ming oʻquvchi), 40 jamoat va bolalar kutubxonalari (392 ming kitobga ega), muzey, stadion bor. 3 qishloq kasalxonasi, maxsus dispanser, 2 qishloq vrachlik punkti, 32 feldsher-akusherlik punkti boʻlib, ularda 166 vrach, 898 oʻrta tibbiy xodim ishlaydi. „Jizzax ovozi“ tuman gazetasi chiqadi (adadi 2000).

Manbalar





uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz