Sergelidagi portlash
Sergelidagi portlash — Toshkent shahri, Sergeli tumani, „Quruvchilar“ dahasi hududida joylashgan Inter Logistics MCHJga qarashli omborxonada kelib chiqqan kuchli yongʻinga sabab boʻlgan portlash. Portlash 2023-yilning 28-sentyabr kuni soat 02:43 da kelib chiqqan. Soat 02:48 da FVBga qarashli 16 ta yongʻin-qutqaruv ekipaji va 3 avtonarvon yongʻin yeriga yetib kelgan. Yongʻin 18,4 gektar yer maydonida joylashgan omborxonaning taxminan 10 000 kv. metr qismini qamrab olgan. Sergeli tuman hokimligi aholidan oʻzlarini ehtiyot qilishini soʻragan.
Hodisa tafsilotlari
Sergeli tumani hududida joylashgan Inter Logistics MCHJga tegishli omborxona binosida 2023-yil 28-sentyabr kuni soat 02:43 da kuchli portlash yuz bergan. Yongʻinni oldini olish maqsadida milliy gvardiya otryadlari ham jalb etilgan. Yongʻinni soʻndirish ishlariga, shuningdek, mudofaa vazirligiga tegishli vertolyot ham jalb etilgan. Yongʻin tonggi soat 05:02 da toʻliq qurshab olingan. Yuz bergan portlash aeroport faoliyatiga taʼsir qilmagan.
Jabrlanganlar
Portlash natijasida 163 kishi turli darajada jarohat olgan. Shuningdek, omborxonaga yaqin boʻlgan koʻp qavatli uylarning birida istiqomat qiluvchi 15 yoshli maktab oʻquvchisining boshiga rom tushib ketishi oqibatida halok boʻlgani xabar qilindi.
Jinoiy ish qoʻzgʻatilishi
Sergeli tumanida yuz bergan portlash yuzasidan IIV Tergov departamenti tomonidan jinoiy ish ochilgan. Jinoiy ishga Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi „a“ hamda „b“ bandlari (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) asos qilib olingan. Portlash omborda saqlanayotgan kimyoviy moddalarning xavfsizlik qoidalariga amal qilinmasdan saqlanganligi tufayli kelib chiqqani xabar qilingan.
Galereya
Manbalar
uz.wikipedia.org