Seitnebi Abduramanov
Seitnebi Abduramanov (qrim tatarcha: Seitnebi Abduramanov, Сеитнеби Абдураманов; 1914-yil 15-fevral, Buyuk Qaralez qishlogʻi, Bogʻchasaroy tumani, Qrim — 1987-yil 15-dekabr, Namangan shahri, Oʻzbekiston SSR) — uchala darajadagi „Shuhrat“ ordeni sohibi, 1232-oʻqchi polki vzvod komandiri yordamchisi (1-Belorus fronti, 69-armiya, 370-oʻqchi diviziyasi), katta serjant.
Tarjimayi holi
Seitnebi Abduramanov 1914-yil 15-fevral Qrimdagi Bogʻchasaroy tumani, Buyuk Qaralez qishlogʻi dehqon oilasida tavallud topgan. Millat qrim tatar. 1936-yilda harbiy xizmatga safarbar qilingan. Harbiy xizmatni oʻtab boʻlgach, tuman moliya boʻlimi inspektori sifatida faoliyat yuritgan. 1941-yilda qayta harbiy xizmatga safarbar etilib, Qizil armiyaning kichik komandirlarni tayyorlash maktabiga joʻnatiladi. 1941-yil iyundan urushda ishtirok eta boshlaydi. Bu paytda Abduramanov Novograd-Volinsk (Ukrainadagi Jitomir viloyati) shahridagi artilleriya qismida harbiy xizmatni oʻtayotgandi. Janubiy-gʻarbiy frontda, Stalingrad yaqinidagi jangda qurshovda qolishi tufayli bir necha marta kontuziya va jarohatlar olgan. 1944-yil 20-oktyabr Polshadagi harbiy harakatlar payti, yaʼni kunduzgi vaqtda Abduramanov dushman haqida qimmatli maʼlumotga ega boʻlgan josusni asirga oladi. Bu jasorati uchun III darajali „Shuhrat“ ordeni bilan taqdirlanadi. 1945-yil yanvarda Germaniyadagi janglarda koʻrsatgan mardligi uchun II darajali „Shuhrat“ ordeni bilan taqdirlangan. 1945-yil aprelda Zelxov va Lipa aholi punktlaridagi jangda koʻrsatgan qahramonliklari uchun I darajali „Shuhrat“ ordeniga tavsiya etiladi. Urush yakunlangach, oilasi bilan Oʻzbekistonga koʻchirtirib yuboriladi. 1946-yil 15-mayda SSSR Oliy Soveti Prezidiumi farmoniga asosan I darajali „Shuhrat“ ordeni bilan taqdirlanadi. Shu tufayli uchala darajadagi „Shuhrat“ ordeni sohibi aylanadi, ammo bu haqida yigirma besh yil oʻtib, xabardor boʻlgan. Namangan shahrida yashagan. Uzrempriborning Andijon zavodida ishlagan. Abduramanovning 2 nafar Nariman va Mustafa Abduramanovlar ismli oʻgʻillari boʻlgan.
Vafoti
Abduramanov 1987-yil 15-dekabr kuni Namangan shahrida vafot etgan. Shahardagi qabristonlarning biriga dafn etilgan.
Mukofotlari
Xotira
Seitnebi Abduramanov xotirasiga oʻzi tavallud topgan qishlogʻida 2017-yili xotira yodgorligi oʻrnatilgan.
Manbalar
uz.wikipedia.org