Saʻy




Saʻy - Safo va Marva tepaliklari orasida chopish, umra va haj marosimlari shartlaridan
biri. Saʻy tavofdan soʻng bajariladi. Saʻy taxminlarga koʻra, Safo va Marva tepaliklarida
turgan Isofa va Noʻila maʻbudlariga sajda qilishning mustaqil marosimi boʻlgan.
Musulmon anʻanasida Saʻyning kelib chiqishi haqida bir necha fikrlar bor. Shulardan biriga
koʻra, nomi zikr etilgan tepaliklar Odamato va Momohavoning dam olish joylari boʻlgan
ekan, shuning xotirasi sharafiga Saʻy bajo etiladi. Boshqa bir fikrga binoan Ibrohim (as)Saʻyni bajo etib Allohga ibodat qilish marosimini ado etgan. Uning yoʻliga Iblis turib olgan va Ibrohim (as) qochishga majbur boʻlgan. Hojar va uning oʻgʻli Ismoil (as)ning azob-uqubatlari haqidagi fikr eng koʻp tarqalgan. Chanqoqlikdan nobud boʻlayotgan Ismoil (as)ni kutqarish uchun Hojar suv izlab yetti marta Safo va Marva oraligʻida chopgan.
Tavof qilgach, ziyoratchi Masjid al-Haromdan chiqib chap oyogʻi bilan qadam bosishni
boshlab Safo tepaligiga koʻtariladi, yuzini Kaʻbaga oʻgiradi, Allohga iltijo qilib, oʻziga
shafqat qilishni va balo-qazolardan saqlashni soʻraydi, soʻngra tepalik etagiga oʻrnatilgan
ustun (mil)gacha pastga tushadi, u yerdan Marva etagidagai boshqa bir ustungacha
chopadi, shundan keyin shu tepalikka koʻtariladi. U yerda Kaʻbaga qarab duo oʻqiydi va
Safoga qaytadi. Saʻy yetti marta bajariladi. Agarda ziyoratchi "kichik haj" (umra)ni ado
etayotgan boʻlsa, unda Saʻydan soʻng ehrom holatidan chiqadi. Agar umradan soʻng haj
qilinadigan boʻlsa, ziyoratchi haj tugaguncha ehrom holatida qoladi. Saʻy haj marosimining
muhim sharti (rukn al-haj) hisoblanadi, uni bajarish vojibdir. Biroq Saʻyni bajarmaslik
hajni bekor qilmaydi, kafforat uchun kurbonlik qilinsa bas.

uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz