Sardor Rahimxon
Sardor Rahimxon (asl ismi sharifi:
Sanjar Mirahmedovich Rahimov ; 1981-yil 3-sentabr, Toshkent, Oʻzbekiston SSR) – taniqli oʻzbek qoʻshiqchisi, radio boshlovchi (2002—2005). Shou-biznes sohasida faoliyat yuritgan (2005—2018). Nihol mukofoti sovrindori (2006). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist (2009).
Xonanda koʻpgina davlat tadbirlariga qatnashib, konsertlar bergan. Oʻzbekkonsert tomonidan uyushtirilgan bir tadbirga qatnashmaganligi sababli litsenziyasidan mahrum etilgan. Keyinchalik, u shou-biznesni tark etganini eʼlon qilgan va litsenziyasini tiklatish uchun „Oʻzbekkonsert“ga qayta murojaat qilmagan.
2019-yildan xayriya-insonparvarlik ishlariga boshchilik qilib kelmoqda. Uning boshchiligida „Yurak amri“ insonparvarlik loyihasi tashkil etilgan.
2020-yilda „Mehr-saxovat“ koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.
2023-yil 1-noyabrda „Vaqf“ xayriya jamoat fondi rahbari oʻrinbosari – xayriya ishlari boʻyicha direktori etib tayinlandi.
Sanʼat sohasidagi faoliyati
Sardor Rahimxon sanʼatga kirib kelganida unga avval Saidazim Murodxonov, soʻngra Iqbol Muhammadjonov sanʼat sohasidan saboq berib, ustozlik qilishgan. Iqbol Muhammadjonov uning koʻpchilik qoʻshiqlarining muallifi hamdir.
Uyushtirgan piarlari
Xonanda oʻzining Instagramdagi sahifasida tagida "Muhammadiso Abdulhairov – eng yaxshi koʻrgan aktyorim. Ming bor uzr, akajon" deb yozilgan rolikni joylashtirgani "muxlislar va internet nashrlarining eʼtiborini tortish uchun atayin uyushtirilgan" deya baholangan boʻlsada, bu holat Muhammadiso Abdulhairovni ranjitgan. Videoda Muhammadiso Abdulhairov Sardor Rahimxonning konsert dasturiga undan ikkita chipta berishini soʻragan. Xonanda esa konsertga chiptalar qolmaganini aytib, aktyorning iltimosini rad etgan.
Litsenziyadan mahrum qilinishi
Xonanda koʻpgina davlat tadbirlariga qatnashib, konsertlar bergan. Keyinchalik, 2018-yil 31-mayda boʻlib oʻtgan "Milliy estrada sanʼatining yoshlar maʼnaviy, axloqiy tarbiyasidagi oʻrni va sanʼatkor odobi" mavzusidagi yigʻilishda Oʻzbekkonsert rahbari Odiljon Abduqahhorov, boshqa sanʼatkorlar qatorida, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Sardor Rahimxonni tadbirga kelmaganini hurmatsizlik deya baholab, uni litsenziyadan mahrum qilish toʻgʻrisidagi buyruqni tayyorlashni topshirib, yigʻilish soʻnggida uni oʻqib eshittirgan. Shundan soʻng Sardor Rahimxon shou-biznesni tark etganini eʼlon qilgan. Odiljon Abduqahhorov soʻzlariga koʻra, Sardor Rahimxon litsenziyasini tiklatish uchun Oʻzbekkonsertga qayta murojaat qilmagan.
Xayriya-insonparvarlik tadbirlaridagi ishtiroki
Sardor Rahimxon soʻnggi yillarda xayriya-insonparvarlik ishlariga boshchilik qilmoqda. Yaqin yillarda uning boshchiligida Yurak amri insonparvarlik loyihasi tashkil etilgan. Loyiha koʻplab ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarga ehsonlar yetkazib berishni oʻz oldiga maqsad qilib olgan. 2020-yilning bahorida tarqalgan maʼlumotlarga koʻra, bu davrga kelib loyiha davomida 3000 ga yaqin oilaga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgan. U 2020-yilning kuzida Mehr-sahovat koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.
Oilasi
Sardor Rahimxon hozirda 3 farzandning otasi. 2 qizi va 2015-yil 9-oktyabrda tugʻilgan Muhammad Ali ismli 1 ta kenja oʻgʻil farzandi bor. Otasi olamdan oʻtgan.
Nashidalari
Manbalar
uz.wikipedia.org