Salima Sulton Begim




Salima Sulton Begim (1539-yil 23-fevral — 1613-yil 2-yanvar) Boburiylar hukmdori Akbarning uchinchi xotini va Boburning nabirasi.

Salima Akbarning xolasi Gulrux Begim va uning eri Kannauja noibi Nuruddin Muhammad Mirzoning qizi edi. Dastlab u Akbarning regenti Bayramxonga amakisi Humoyun tomonidan unashtirilgan edi. Kelin, ehtimol, Bayramning Humoyunga qilgan xizmatlari uchun mukofot boʻlgan boʻlishi mumkin. Taxminan qirq yosh farqiga ega boʻlgan bu juftlik 1557-yilda oila qurishgan. Bayramxon hech qanday farzand koʻrmagan bu qisqa ittifoq 1561-yilda Bayramxon afgʻonlar guruhi tomonidan oʻldirilganicha, yaʼni bor-yoʻgʻi uch yil davom etdi. Oʻlimidan keyin Salima birinchi amakivachchasi Akbarga turmushga chiqdi. Biroq, u ikkala nikohda ham farzand koʻrmadi, lekin turmushining birinchi yillarda Akbarning ikkinchi oʻgʻli Murod Mirzoni tarbiyaladi.

Salima Akbarning yuqori martabali rafiqasi boʻlib, eri va uning voris oʻgli Jahongir ustidan katta taʼsirga ega edi. Genri Beverijning taʼkidlashicha, unga Akbar tomonidan musulmon haramini boshqarish ishonib topshirilgan. Begim erining hukmronligi davrida ham, uning vorisi (Jahongir) davrida ham boburiylar saroyida katta siyosiy taʼsirga ega boʻlgan. Biroq uning nomi tarixiy manbalarda Maxfiy taxallusi bilan ijod qilgan shoir sifatida uchraydi. U donoligi uchun.
Xadicha-uz-Zamoniy nomi bilan mashhur edi.

Oilasi



Salima Sulton Begim boburiy malikasi Gulruh Begim va uning eri, Kannauja noibi Nuruddin Muhammad Mirzoning qizi edi. Begimning otasi Xoja Hasan Naqshbandning nabirasi boʻlib, oʻgʻli Sulton Mahmud mirzo orqali Temuriylar saltanatining Sulton Abu Said Mirzo bilan qarindosh boʻlgan mashhur Naqshbandiy xojalar naslidan hisoblangan.

Salimaning onasi Gulruh begim birinchi Boburiy imperatori Boburning qizi boʻlgan. Gulruh Begimning onasining shaxsi bahsli. Ayrim manbalarda onasining ismi Soliha Sulton Begim nomi bilan tilga olinadi, biroq Boburning oʻzi yozgan „Boburnoma“da ham, Gulbadan begim qalamiga mansub „Humoyunnoma“da ham bu ism tilga olinmagan va shuning uchun bunday ayolning borligi shubhali. Begimning onasi Dildor begimning qizi ham boʻlishi mumkin, u Soliha Sulton Begim bilan bir xil nomdagi ayol boʻlishi mumkin.

Shunday qilib, Gulrux podsho Humoyunning oʻgay singlisi, Dildorning qizi boʻlsa, Humoyunning kenja ukasi Hindol Mirzo bilan bir onasining farzandi edilar.

Demak, Salima podsho Akbarning amakivachchasi edi. Podsho xonadonida oʻzining goʻzalligi va yutuqlari bilan tanilgan Gulruh begim qizini tugʻganidan toʻrt oy oʻtib vafot etgan.

Taʼlimi va yutuqlari



Salima oliy maʼlumotli va yetuk ayol boʻlgan. Koʻpincha nihoyatda isteʼdodli va xushmuomala boʻlgan. Fors tilini yaxshi bilgan. U isteʼdodli yozuvchi va oʻz davrining taniqli shoiri edi. U Maxfiy taxallusi bilan yozgan, bu taxallusni keyinchalik oʻzi kabi isteʼdodli oʻgay nevarasi, iqtidorli shoira, malika Zebuniso qabul qilgan. Salima ham kitobga ishqiboz, oʻqishni juda yaxshi koʻrardi. U nafaqat oʻzining ajoyib kutubxonasini yuritgan, balki Akbar kutubxonasidan ham bemalol foydalangan.

Akbarning saroy tarixchisi Badouniy oʻzining „Muntaxab-ut-tavorix“ kitobida Salimaning kitobga boʻlgan muhabbatini yoritib turadigan parchalar qoldirgan.

Bayramxonning uylanishi (1557-1561)




18 yoshida Salima Begum 1557-yil 7-dekabrda Panjob shtatining Jalandhar shahrida ancha yoshi kattaroq Bayramxonga (ellik yoshlardagi) turmushga chiqqan. Bayram Boburiylar qoʻshinining bosh qoʻmondoni va podsho saroyida qudratli davlat arbobi boʻlib, oʻsha paytda Akbarning regenti vazifasini bajargan. Salimaning amakisi Humoyun Bayramga Hindiston zabt etilishi bilanoq jiyanini unga turmushga berishni vaʼda qilgan edi (bu vaʼda Akbar hukmronligi davrida amalga oshirilgan). Kelin, ehtimol, Bayramning Humoyunga qilgan xizmatlari uchun mukofot boʻlgan boʻlishi mumkin. Nikoh Bayramxonning barcha zodagonlar orasidagi obroʻsini oshirdi, chunki bu uni podsho oilasining aʼzosiga aylantirdi.

Aytilishicha, nikoh hammada katta qiziqish uygʻotgan. Bu Ali Shukr begimdan boʻlgan ikki oqimni, yaʼni Bayramxon tomondan Qoraqoʻyinli turkmanlarni va Salima tomondan Temuriylarni birlashtirgan. Chunki Salima temuriylardan boʻlgan, Salima ona tomondan bobosi Bobur va uning bobolaridan biri Mahmud orqali Amir Temurga bogʻlangan. Salima Bayramning ikkinchi xotini boʻlgan. Mevatlik Jamol Xonning qizi uning birinchi xotini va oʻgʻli Abdul Rahimning onasi edi. Salima va Bayramxonning qisqa umr koʻrgan nikohlaridan farzand boʻlmagan.

1561-yilda vafot etishidan sal oldin, Bayram Xon imperiyadagi obroʻli mavqeini yoʻqotdi, chunki uni vayron qilmoqchi boʻlgan fitnachilar uni Akbarga qarshi isyon koʻtarishga undadilar. Bayramxonning qoʻzgʻoloni Akbar tomonidan ikki marta bostirildi va Bayramxon Akbarga boʻysundi. Uning qoʻzgʻolonlari uchun jazo sifatida Bayram barcha imtiyozlardan mahrum qilindi va Akbar uning oldiga uchta yoʻl qoʻydi: Kalpi va Chanderi yerlaridan yaxshi jogir, podshoning maxfiy maslahatchisi lavozimi va Makkaga sayohat. Bayram Xon oxirgi variantni tanladi.

Akbar bilan turmush qurish (1561-1605)



Makkaga ketayotib, Bayramxon 1561-yil 31-yanvarda Gujaratning Patan shahrida otasi 1555-yilda Machchivara jangida Bayramxonga qarshi jangda halok boʻlgan Muborakxon ismli kishi boshchiligidagi afgʻonlar guruhi tomonidan hujumga uchradi. Bayramxonning qarorgohi ham talon-toroj qilindi va beva qolgan Salima Begim oʻgay oʻgʻli Abdul Rahim (toʻrt yoshli) bilan koʻp qiyinchiliklardan soʻng Ahmadobodga yetib keldi. Akbar sobiq xonbobosi va vasiysining vafoti haqidagi qaygʻuli xabarni eshitib, hayratda qoldi. Uning buyrugʻiga koʻra, Salima va Abdul Rahim katta hurmat va eʼtibor bilan saroyga olib kelindi. Akbarning oʻzi 1561-yil 7-mayda Salima begimga marhum eri tomonidan boburiylar imperiyasiga koʻrsatgan zukko xizmatlari uchun uylandi va uni oʻzining nasl-nasabiga oʻtkazdi. Salima Akbardan taxminan uch yarim yosh katta edi va uning uchinchi xotini boʻldi.

Boy isteʼdod egasi Salima Akbarning Ruqiya Sulton Begimdan keyingi ardoqli xotini edi, lekin undan ulugʻ naslga ega boʻlgan. Onalik avlodi boʻyicha imperator Boburning nabirasi edi. Shunday qilib, Salima Akbarning martabali, bosh xotinlardan biriga aylandi. Salima butun turmushi davomida farzand koʻrmadi. Biroq baʼzi manbalar uni Akbarning oʻgʻli Sulton Murod Mirzoning onasi deb xato qilib koʻrsatishadi. „Jahongirnoma“da Murod podshoh xizmatkorining oʻgʻli ekanligi aytiladi. Ammo baʼzi manbalarda Mariam-uz-Zamoniy Murodning tuqqan onasi sifatida tilga olinadi. Biroq, Murod dastlabki yillarda Salima Sulton Begimning qaramogʻiga ishonib topshirilgan va keyinchalik Salima Begim 1575-yilda Hajga joʻnab ketganligi sababli onasining qaramogʻiga qaytgan.

Salima kitobxon boʻlganligi sababli, u imperator bilan boʻlgan uchrashuvlari va ishlarning ahvoli haqida hisobot olib borgan. Shunday qilib, Salima Akbar saroyidagi eng muhim ayollardan biriga aylangan. 1575-yilda Salima xolasi Gulbadan begim va boshqa koʻplab temuriy xonimlar bilan birga haj ziyoratini ado etish uchun Makkaga boradi. Salima ziyoratchilarga hamrohlik qilgan Akbarning yagona xotini edi. Akbarning oʻzi faqat Abul Fazlning iltimosi bilan sayohat qilishdan qaytgan. Akbarning homiyligida yuqori martabali ayollar guruhi 1575-yil 15-oktyabrda Fatehpur Sekrini tark etdi va dengizga borish uchun bir yil vaqt oʻtkazib, 1576-yil 17-oktyabrda Makkaga suzib ketdi. Aytishlaricha, ular uch yarim yil Arabistonda boʻlib, toʻrt marta hajga borib, 1582-yilning martida uylariga Agraga qaytib kelishgan.

Saroydagi siyosiy taʼsiri



Salima Akbar va uning voris oʻgʻli Salimga katta taʼsir koʻrsatgan va ota-oʻgʻilning hukmronligi davrida boburiylar saroyida katta siyosiy taʼsirga ega boʻlgan. Salima 1600-yillarning boshlarida ota-oʻgʻilning munosabatlari yomonlashganida, Akbar va Salim oʻrtasidagi kelishuv boʻyicha muzokaralarda hal qiluvchi rol oʻynadi va oxir-oqibat Salimning taxtga oʻtirishiga yordam berdi. 1601-yilda Salim Ollohobodda hukm yuritib, otasi tirikligida „Salimshoh“ imperator unvonini olishi orqali Akbarga qarshi qoʻzgʻolon koʻtardi. Salim Akbarning sodiq maslahatchisi va yaqin doʻsti Abul Fazlning oʻldirilishini ham rejalashtirgan va amalga oshirgan edi.

Bu holat juda ogʻir boʻlib, oxir-oqibat Salima Sulton begim va Hamida Bonu Begim Akbardan kechirim soʻrashdi. Akbar ularning tilaklarini bajo keltirdi va Salimga podsho huzuriga kelishga ruxsat berildi. Salima begim shahzodaga kechirim xabarini yetkazish uchun Ollohobodga bordi. U Fote Lashkar ismli fil, maxsus ot va faxriy libos bilan bordi. Salim uni iliq kutib oldi va u bilan birga Agraga qaytishga rozi boʻldi. Shahzoda nihoyat 1603-yilda oʻgay onasi va buvisi Hamida Bonu Begimning saʼy-harakatlari bilan avf etilgan.

Jahongir davrida (Salim taxtga oʻtirgach, oʻziga shu nomni tanlagan) Salima begim oʻzining siyosiy taʼsirini bir necha bor namoyon etgan. 1605-yilda Akbar vafotidan keyin Salima Sulton Mariam-uz- Zamoniy va Shaxriniso begim birga Jahongirning toʻngʻich oʻgʻli Xusrav Mirzoni otasi oʻrniga oʻtqazmoqchi boʻlganlarni Jahongirni oldiga olib keldi. U, shuningdek, qudratli Xon-i-Azam Mirzo Aziz Koʻkani avf ettirtirdi. Aziz Koʻka Akbarning eng yaqin kishisi boʻlgan, shuning uchun oʻnlab yillar davomida haramda katta lavozimlarni egallagan. Koʻkaning qizlaridan biri Jahongirning toʻngʻich oʻgʻli Xusrav Mirzoga turmushga chiqqan va Xusrav 1606-yilda otasiga qarshi qoʻzgʻolon koʻtarganda, Aziz Koʻka boshidanoq bu fitnada boʻlgani maʼlum boʻldi. Salima Sulton Begim avf tilamaganda Aziz Koka albatta oʻlim jazosini olgan boʻlardi.

Jahongir shu tariqa haramning moʻtabar keksa ayollari tomonidan qilingan bosim tufayli, nihoyat, uni afv etgan.

Vafoti



Salima 1613-yilda Agra shahrida kasallikdan vafot etdi. Jahongirning buyrugʻi bilan Salimaning jasadi Agradagi Mandarkar bogʻiga qoʻyildi.

Jahongir Salimani ham tabiiy fazilatlari, ham oʻrganganlari uchun maqtab, „uni barcha yaxshi fazilatlar bilan ziynatlangan edi. Ayollarda bunday mahorat va qobiliyat kamdan-kam uchraydi“ degan. Salima oʻzini koʻrkam va madaniyatli ayol sifatida tarixga muhrladi.

Ulugʻlanishi



1. Salima Sulton Begim — Indu Sundaresanning mukofotga sazovor boʻlgan "Yigirmanchi xotin" tarixiy romanidagi qahramon (2002).

2. Salima Zee TVning Jodha Akbar dramasida Manisha Yadav tomonidan ijro etilgan.

3. Riya Dipsi Sony TVning Bharat Ka Veer Putra — Maharana Pratap tarixiy dramasida Salima rolini ijro etgan.

4. Parvati Seghal „ Colors“ telekanalining Daastan-E-Mohabbat Salim Anarkali filmida Salimani tasvirlagan.

Manbalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz