Safter Nagayev




Safter Ablyamitovich Nagayev (1941-yil 1-yanvar — 2009-yil 2-iyul) — sovet, oʻzbek va ukrain, qrim-tatar yozuvchisi, publisist, adabiyotshunos, tarjimon va oʻqituvchi hamdir. Yozuvchilar uyushmalari a’zosi SSSR (1982-yilda), Oʻzbekiston (1991-yilda) va Ukraina (2002-yilda), shuningdek, SSSR Jurnalistlar uyushmasi (1967-yilda) a’zosi, OʻzSSRda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi (1991-yilda). Adib 1998-yilda Oʻzbekiston Respublikasining “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlangan.

Tarjimai hol



1941-yil 1-yanvarda Qrim ASSRning Kyuchuk-Ozeniy (hozirgi Malorechensk) qishlogʻida tugʻilgan. Oilasi surgun qilingach, yosh Nagayev 4 yoshida OʻzSSR Fargʻona viloyatiga kelgan.

1963-yilda Toshkent davlat universitetini bitirgach, dastlab oʻqituvchi boʻlib ishladi. 1965-1987-yillarda "Lenin bayrogʻi" respublika gazetasining adabiy xodimi, boʻlim mudiri boʻlgan. 1987-2000-yillarda Saftar Nagayev Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining milliy adabiyot boʻyicha adabiy maslahatchi, soʻng mas’ul kotibi boʻlgan. 2000-2002-yillarda “Sogʻlom avlod uchun” jurnali bosh muharriri oʻrinbosari edi.

2002-yildan boshlab, Ukrainaga (Qrim) qaytgach va umrining oxirigacha Qrim muhandislik-pedagogika universitetida katta oʻqituvchi lavozimlarida ishladi, qrim-tatar adabiyotidan saboq berdi.

Safter Nagayev 2009-yil 2-iyulda Simferopol shahrida vafot etdi. U rafiqasi Shukronaga ikki farzandi: oʻgʻli Dilovar va qizi Sevilni qoldirib ketdi.

Ijodiy faoliyati



Safter Nagayev bir qancha maqola, hujjatli film, qrim-tatar adabiyoti muammolariga oid ilmiy tadqiqotlar muallifi. U 20 dan ortiq kitob va koʻplab tadqiqot hamda esselarni nashr etgan.

Yozuvchi hamkasbi Rizo Fozil bilan hamkorlikda “Qrimtatar edebiyatin tarixi” (“Qrim-tatar adabiyoti tarixi”) kitobini tayyorlab nashr ettirdi.

Hujjatli filmlar sohasida samarali mehnat qilib, milliy mumtoz adabiyotlari, xususan, Ismoil Gasprinskiy, Bakir Choʻponzoda, frontchi shoirlar, urush qatnashchilari, partizanlar haqida ocherklar yozdi. Binobarin, “Gurbetlikte qolgan ejdatlarimizning xatyrasi” (“Begona yurtda qolganlar ajdodlar xotirasi”) kitobi ana shu koʻp yillik mehnati samarasi hisoblanadi.

“Asar va zamon” va “Inkishaf elunnen” (“Taraqqiyot yoʻli”) monografiyalari ham adib qalamiga mansub.

Bundan tashqari, Saftar Nagayev qrim-tatar yozuvchilarning koʻpgina asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

Bibliografiya




Manbalar




Adabiyotlar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz