Safadiy
Xalil ibn Aybak as-Safadiy yoki
Salohiddin as-Safadiy , to‘liq ismi-sharifi - Salohiddin Abu as-Safo Xalil ibn Aybak ibn Abdulloh al-Albakiy al-Safariy ad-Dimashqiy ash-Shofeiy (1296 – 1363). U turkiy mamluklar davri yozuvchisi va tarixchisi bo’lgan. Tarixchi va shofeiy olim Imom Zahabiydan tahsil olgan.
Safadiy mamluklar hukmronligi davrida Falastinning Safad shahrida tug‘ilgan. Uning boy oilasi unga Qur’on yodlash va hadis kitoblarini o‘qish kabi mukammal ta’lim olish uchun barcha imkoniyatlarni yaratib bergan. U grammatika, filologiya va xattotlik kabi fanlarda yuksak natijalarga erishgan. Safadiy matoga rasm chizar, ayniqsa adabiyotga ishtiyoqi baland edi. U arab she’riyati, uning tizimlari va mashhur shoirlar ijodini o‘rgangan.
Ustozlari
Safadiyning Damashq, Qohira va Halabda ta’lim olgan ustozlari orasida quyidagilar uchraydi:
1) Hofiz Fathuddin ibn Sayyidunnos (vaf. 734/1333), undan Qohirada adabiyotdan tahsil olgan.
2) Ibn Nabata Muhammad ibn Muhammad al-Farqiy al-Masriy (vaf. 768/1367).
3) Abu Hayyon G‘arnotiy (vaf. 745/1345), undan grammatika va filologiyani o‘rgangan.
4) Mahmud ibn Salmon ibn Fahd (vaf. 725-hijriy/1325-26), “Husn al-tavassul ila ṣinaʻat at-tarassul” asari muallifi.
5) Qozi Badriddin ibn Jamot, Muhammad ibn Ibrohim ibn Sa’d al-Kattoniy (vaf. 733/1333-34).
6) Taqiuddin as-Subkiy (vaf. 756/1356-57).
7) Abu an-Nun Yunus ibn Ibrohim al-Dabusiy (vaf. 729/1329-30).
8) Hofiz Jamoliddin Yusuf ibn Abdurahmon al-Mizziy (vaf. 742/1342).
9) Hofiz Shamsuddin Ahmad ibn Muhammad ibn Usmon az-Zahabiy (vaf. 749/1347-48), undan hadis va tarix ilmini o‘rgangan.
Asarlari
1. “Ixtiro’ al-xuro” - satirik asar;
2. “Kitob al-Vofiy bil-vafayot” (كتاب الوافي بالوفيات) (29 jild); taniqli shaxslar haqidagi biografik lug‘at;
3. “Nakt al-humyon fi nukat al-umyon”, taniqli ko‘r odamlarning tarjimai holi, ularning ko‘rlik sabablari haqida;
4. “Al-g‘ays al-musajam fi sharh lamiyyat-ajam”, Tog‘aroyining “Lamiyat al-ajam” asariga qomusiy sharh;
5. “Al-Husn aṣ-ṣariḥ fi mi’at maliḥ”;
6. “Al-Ravz al-basim val-arf an-nasim”;
7. “Alxan as-savaji’ bayn al-badi va-l-muraji”;
8. “Kashf al-hol fi vasf al-xol”;
9. “Rashf al-zulol fi vasf al-hilol”;
10. “Lazzat as-samʼ fi vasf al-dam” (“Kitob tashnif as-samʼ bi-nsikab ad-damʼ” nomi bilan ham mashhur boʻlgan).
Eslatma
“Kitob al-Vofiy bil-vafayot” kitobini quyidagi link orqali yuklab olish mumkin: https://archive.org/details/FP49931
Manbalar
uz.wikipedia.org