Sadritdin Turobjonov




Sadritdin Maxamatdinovich Turobjonov (1965-yil 7-mart, Toshkent, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbekistonlik muhandis-texnolog olim, texnika fanlari doktori (1999), professor.

Biografiyasi



Sadritdin Turobjonov 1965-yil 7-mart Toshkent shahrida tugʻilgan. 1989-yilda Toshkent politexnika institutini muhandis-texnolog mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan. 1996—2013-yillarda Toshkent Davlat texnika universitetining o‘quv ishlari boʻyicha prorektor, 2013—2017-yillarda Toshkent kimyo-texnologiyalari instituti rektori lavozimida ishlagan. 2017-yildan Toshkent davlat texnika universiteti rektori.

Ilmiy faoliyati



Sadritdin Turobjonov ilmiy ishlari ogʻir organik sintez mahsulotlari texnologiyalari sohasida ilmiy-amaliy tadqiqotlarni olib borish, piridin, atseton, atsyetilen va uning hosilalari asosidagi murakkab efirlar hosil qilishning chiqindisiz texnologiyalarini yaratishga oid. 1994-yilda „Atsetilen, etilen
birikmalar va aminlardan piridinli asoslarni katalitik sintezi va texnologiyasini yaratish“ mavzusida nomzodlik ishini, 1999-yilda „Atsetilen va uning hosilalari asosida piridinlar, atseton va murakkab efirlar olishning kam chiqindili texnologiyalarini yaratish“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib, texnika fanlari doktori ilmiy darajasini olgan. Sadritdin Turobjonov 6 ta patent, 6 ta darslik, 5 ta oʻquv qoʻllanma, 1 ta monografiya, 20 ta oʻquv-uslubiy ishlanmalar, 250 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi. Olim Qozogʻiston Respublikasi Xalqlar doʻstligi universiteti, Belarus milliy texnika universiteti, Moskva energetika instituti faxriy professori, Belarus davlat texnologiya universiteti faxriy fan doktori.

Mukofotlari



2023-yil 26-avgustda „Doʻstlik“ ordeni bilan mukofotlangan.

Manbalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz