Rus ipak turlari nimasi bilan mashhur?



Rossiyada ipak to’rlar to’qish san’ati bir necha asrlik tarixga ega. Avvalo, XVI asrdayoq tilla ipak to’rlar to’qish urf bo’lgan. Ular podshohlar va boyarlarning bayram kunlarida kiyadigan liboslarini bezagan, shuningdek Patriarx va oliy martabali ruhoniylarning ridolari ham shunday to’rlar bilan hashamat kasb etgan. Oltin to’rlarni bezash uchun turli rangdagi qimmatbaho toshlardan yasalgan marvaridlar va munchohlar ishlatilgan. Biroq XVIII asrning boshlariga kelib, sof metall to’rlar qo’llanilmay qoldi, zero metall iplar zig’ir yoki ipak iplar asoslariga omuxta qilinadigan bo’ldi. Bunday to’rlar bayramlarda kiyiladigan kostyumlarda, sarafanlar, issiq nimchalar, bosh kiyimlarini bezaklashda keng qo’llanildi. Rossiyada ipak to’r to’qishning uch san’ati paydo bo’ldi. Bular — miqdoriy, juft va ipakli to’r to’qish san’atlaridir. Miqdoriy to’r to’qish betakror naqshlardan iborat bo’lib, u ustaning oldindan biror-bir andozaga bezak chizmagan hollarida namoyon bo’ladi. Bezakning zarur miqdorda aniq takrorlanishi uchun har bir ishdagi qaviqlar miqdorini yodda saqlashga to’g’ri kelardi. Miqdoriy to’r to’qishdan kiyim-kechakning tor va pishiq qismlarini tayyorlashda qo’llanilgan. Juft to’r andozaga ko’ra to’qilgan. Andoza sirtiga bezak chizilgan. Muayyan joylarda mahkamlangan to’g’nag’ichlar ipning zarur birikmalarini birlashtirishga ko’maklashgan. Juft to’r istalgan en va shaklga ega bo’lishi mumkin. Ipakli to’r yirik narsalarni tayyorlashda qo’llanilgan. Ish maxsus jiyakni tayyorlashdan boshlangan. Mazkur jiyak tayyorlanajak narsaning barcha nozik burmalarini takrorlagan. Ipak va halqalar yordamida unga alohida tayyorlangan qismlar mahkamlangan. Ipakli to’rlar mayin iplarining bir-biriga tutashib ketmasligi uchun aksariyat qoramtir yoki rangli taglikka mahkamlangan. Rus to’rlari naqsh va bezaklarining turli-tumanligi bilan hamisha ajralib turgan. Juft to’rlarda geometrik shakllar — romblar, siniq chiziqlar, uchburchaklar ko’p bo’lib, ular “o’rgimchaklar” va “yulduzchalar” yordamida o’zaro tutashtirilgan. Bir qarashda ular kichik marvarid bilan terib chiqilgan kashtani eslatadi. Eles shahri ularni tayyorlaydigan markaz sanalardi. Vologdaning ham ipak to’rlari eng mashhur bo’lgan. Vologdaliklarning naqshlarida o’simlik va hayvonlar-tovuslar va ertaklardagi xo’rozlarning tasvirlari ko’plab aks ettirilgan. Pishiq qavariq gullar jimjimador panjara yordamida ko’zga tashlanib turgan. Har bir nahshning o’z nomi bo’lgan. Bular “tovuq oyoqchalari”, “tuyoqchalar”, “xo’roz toji” kabilardir. Ba’zan ustalar oq to’rga qizil, tilla yoki kumush iplarni qirqib tikkanlar. Bugun to’r to’qish tag’in odat tusiga kirmoqda, uni an’anaviy soha ustalarigina emas, ushbu san’at bilan qiziquvchilar yoki ana shu qadimiy san’atni qayta tiklashni istovchilar ham rivojlantirib kelmoqdalar.


Manba



Mo’jiza kitobning 3-jildi


Uzpedia.uz