Ruqiya Sultonbegim
Ruqiya Sulton Begim (muqobil imlo:
Ruqayya ,
Ruqayyah ) (tax. 1542 – 1626) uchinchi Moʻgʻul imperatori Akbarning birinchi va bosh xotini edi. U qariyb ellik yillik muddat davomida eng uzoq vaqt hukmronlik qilgan Moʻgʻul malikasi lavozimiga ega edi.
Ruqiya erining amakivachchasi boʻlib, tugʻilishidan Mugʻal malikasi boʻlgan. Uning otasi Hindal Mirzo, Akbarning otasi Humoyunning kenja ukasi edi. U Akbarga toʻqqiz yoshida unashtirilgan va 14 yoshida unga turmushga chiqqan, biroq butun turmushi davomida farzandsiz oʻtgan. U „Zan-i-Kalan“ nomi bilan tanilgan birinchi ayol va Akbarning yuqori martabali xotini edi. Hayotining oxirgi yillarida u Akbarning nabirasi Xurramni (boʻlajak imperator Shoh Jahon) tarbiyalagan.
Oila va nasli
Ruqiya Sulton Begim temuriylar sulolasida moʻgʻul malikasi sifatida tugʻilgan, u Moʻgʻul shahzodasi Hindal Mirzoning yagona qizi, birinchi Moʻgʻul imperatori Boburning xotini Dildor Begimdan kenja oʻgʻlining qizi edi. Ruqiyaning onasi Sultonam Begim Muhammad Muso Xojaning qizi va imperator Boburning kuyovi boʻlgan Mahdi Xojaning (singlisi Xonzoda Begimning eri) singlisi edi. Ruqiya islom paygʻambari Muhammadning qizi Ruqayya binti Muhammad sharafiga nomlangan.
Ruqiyaning eng keksa amakisi ikkinchi moʻgʻul imperatori Humoyun (keyinchalik uning qaynotasi boʻlgan), uning eng taniqli ammasi esa " Humoyunnoma " („Humoyun kitobi“) muallifi mugʻullar malikasi Gulbadan Begim edi.
Ruqiya eri Akbar singari Temur yoki Buyuk Temurning avlodi boʻlgan-oʻgʻli Mironshoh orqali.
Akbarga turmushga chiqishi
1551-yil 20-noyabrda Hindal mirzo Humoyun uchun oʻzlarining oʻgay ukasi Kamron Mirzo qoʻshinlariga qarshi jangda qahramonlarcha halok boʻldi. Humoyun avvalgi itoatsizligi uchun oʻz qoni bilan kaforat qilgan kenja ukasining vafotidan gʻamga toʻladi, ammo amirlari ukasi shahanshoh xizmatida shu tariqa shahid boʻlganidan baxtiyor ekanini aytib, tasalli berdilar.
Humoyun akasining xotirasiga mehr qoʻygani uchun Hindalning toʻqqiz yoshli qizi Ruqiyani oʻgʻli Akbarga unashtirdi. Ularning nikoh marosimi Afgʻonistonning Kobul shahrida, Akbar Gʻazni viloyatiga birinchi marta noib etib tayinlanganidan koʻp oʻtmay boʻlib oʻtdi. Humoyun ularni unashtirish munosabati bilan qutlab imperator oilasiga, Hindalning barcha boyliklari, qoʻshinlari va tarafdorlarini topshirdi. Hamda Hindalning jagirlaridan biri boʻlgan Gʻazni Akbarga berildi, Akbar noib etib tayinlandi va amakisining armiyasi uning boshqaruvi ostiga oʻtdi.
1556-yilda Humoyun vafotidan keyin siyosiy noaniqlik davrida Ruqiya va imperator oilasining boshqa ayol aʼzolari Kobulda qolishgan. 1557-yilda Ruqiya Hindistonga keldi. Sikandarshoh magʻlubiyatga uchragan va Moʻgʻullarga boʻysunganidan koʻp oʻtmay, Panjobda Akbarga qoʻshildi. Unga qaynonasi Hamida Banu Begim, xolasi Gulbadan Begim va imperator oilasining boshqa koʻplab ayollari hamroh boʻlgan. Ruqiyaning Akbar bilan nikohi Panjob shtatining Jalandhar shahri yaqinida, ikkalasi ham 14 yoshda boʻlganida tantanali ravishda oʻtkazilgan. Panjobda taxminan toʻrt oy dam olgandan soʻng, imperator oilasi Dehliga yoʻl oldi. Moʻgʻullar nihoyat Hindistonga joylashishga tayyor edilar.
Xurramga mas’ulligi
Ruqiya eri 1556-yilda taxtga oʻtirganidan keyin oʻn toʻrt yoshida Moʻgʻullar imperiyasining imperiatritsasi boʻldi. U nikohi davomida farzandsiz oʻtdi, lekin Akbarning nabirasi shahzoda Xurramni (kelajak imperator Shoh Jahon) tarbiyalash unga ishonib topshirildi. Akbarning talabiga binoan Jagʻat Gosaynning oʻgʻli Xurram Salim saroyidamas uning qaramogʻida- Akbarning saroyida tarbiyalangan. U Akbarning haramida yashovchi birinchi rafiqasi Ruqiya sultonning qaramogʻida boʻlgan va u Xurramni mehr bilan tarbiyalagani aytiladi.
Jahongir oʻz xotiralarida Ruqiya Xurramni „oʻzining [oʻgʻli] boʻlganidan ming karra koʻproq sevganini“ qayd etgan. Xurram qariyb 14 yoshga toʻlganga qadar u bilan qoldi. 1605-yilda Akbar vafot etgach, yosh shahzoda nihoyat otasining xonadoniga qaytishga ruxsat oldi va shu tariqa oʻzi gʻamxoʻrlik qilgan va juda yaxshi koʻrgan onasi Jagat Gosainning qaramogʻiga qaytdi. Xurram oʻz tarjimai holi va saroy yilnomalarida onasi Bilqis Makoniyni " Hazrat " laqabi bilan tilga olgan. Jahongir Shoh Jahonning birinchi qizi Parhez Bonu begimni tarbiyalashni ham unga topshiradi.
U 1557-yilda turmush qurganidan to 1605-yil Akbarning vafotigacha bosh turmush oʻrtoqlaridan biri boʻlib qoldi. Bu, birinchi navbatda, uning yuksak nasl-nasabi, Mirza Hindalning qizi, moʻgʻul malikasi va Akbarning birinchi xotini boʻlganligi bilan bogʻliq edi.
Bir marta Ruqiya va uning qaynonasi Hamida Banu Begim birgalikdagi saʼy-harakatlari bilan Lahorda shialarni faqat diniy aqidaparastlik tufayli oʻldirgan sunniy musulmonni afv eta olmadilar.
1607-yilda Jahongir oʻz harami hamrohligida Kobulga ov safarini uyushtirdi. Ruqiya shu safar davomida birinchi marta otasi Hindal Mirzoning maqbarasini ziyorat qilgan, keyinchalik u ham shu Kobuldagi Bobur bogʻiga dafn etilgan. Oʻsha yili Burdvonning jagirdori Sher Afgʻonxon vafot etadi va uning beva xotini Mehr-un-Nissa(keyinchalik imperator Nur Jahon)ni himoya qilish uchun Jahongir Agraga chaqirdi va Ruqiya Sultonga kanizak qilib tayinlaydi. Sher Afgʻonning oʻlimidan oldin xavfli siyosiy aloqalarini hisobga olgan holda, uning oilasi katta xavf ostida edi va shuning uchun uni himoya qilish uchun Mehr-un-Nissa Agradagi Moʻgʻallar saroyida boʻlishi kerak edi. Eri sharmanda boʻlganligi sababli, u faqat eng ogʻir jazo kutishi mumkin edi. Mehr-un-Nissa ikki yildan ortiq vaqt davomida Ruqiya begimga kanizaklik qilgan. Ruqiya va Mehr-un-Niso oʻrtasida yaqin munosabatlar paydo boʻlgan. Gollandiyalik savdogar va sayohatchi Pieter van den Broek oʻzining „Hindustan yilnomasi“da ularning munosabatlarini shunday tasvirlaydi: „Bu Begim [Ruqoiya] Mehr-un-Nissaga (Nur Jahon) juda mehr qoʻygan; u uni boshqalardan koʻra koʻproq sevar va doimo unga mehr bilan muomala qilardi“.
Oʻlimi
Ruqiya 1626-yil 5-fevralda Agra shahrida sakson toʻrt yoshida vafot etdi, u eridan yigirma yildan ortiq umr koʻrdi. U Jahongirning buyrugʻi bilan Afgʻonistonning Kobul shahridagi Bobur bogʻida (Bogʻi Bobur) oʻn beshinchi qavatda otasi Hindal Mirzo qabri yoniga dafn etilgan. Bobur bogʻlari uning bobosi imperator Bobur, shuningdek, uning otasi Hindal Mirzoning soʻnggi dam olish maskanidir.
Ommaviy madaniyatda
Manbalar
Adabiyotlar
uz.wikipedia.org