Rumshevich Leonid Vladimirovich
Leonid Vladimirovich Rumshevich (1905.13.5, Peterburg — 1953.30.5, Toshkent) — seleksioner olim. Oʻrta Osiyo paxtachilik va ipakchilik institutini tugatgan (1932). SoyuzNIXI Markaziy seleksiya st-yasining "Paxtalikoʻl" tayanch punkti mudiri (1932— 37), SoyuzNIXI ning Fargʻona qishloq xoʻjaligi tajriba st-yasi (hozirgi Oʻzbekiston paxtachilik ilmiy tadqiqot institutining L. V. Rumshevich nomidagi Andijon filiali)da ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari va ayni vaqtda gʻoʻza seleksiyasi boʻlimi mudiri (1938—53). Ilmiy faoliyati gʻoʻza seleksiyasiga bagʻishlangan. R. serhosil, viltga chidamli yuqori texnologik koʻrsatkichlarga ega boʻlgan oʻrta tolali gʻoʻza navlari (108F, 137F, 147F, 152F, 153F, 159F)ni yaratdi. U yaratgan 108F navi (qarang Bir yuz sakkiz F) jahon paxtachiligida eng yaxshi hosildor, kasalliklarga chidamli va yuqori sifatli tola beradigan nav sifatida qabul qilingan va hozir ham koʻpgina mamlakatlar (Suriya, Xitoy, Eron, Afgʻoniston va boshqalar)da ekiladi.
Manbalar
uz.wikipedia.org