Romesko




Romesko (ispancha: romesco) — pomidor asosidagi sous, uning vatani Kataloniyaning Tarragona provinsiyasi (Ispaniya). Mahalliy baliqchilar birinchi marta sousni baliq va dengiz mahsulotlari uchun ishlata boshlagan, deb hisoblanadi. Romesko goʻshtdan tortib sabzavotgacha, pishirilgan kartoshka boʻlaklari va qaynatilgan tuxumgacha(va hatto, gamburger) boʻlgan boshqa taomlar bilan ham yaxshi ketadi. Oddiy sous sifatida ham, dip sifatida ham foydalanish mumkin.

Romeskoni baʼzan Tarragonada keng tarqalgan koʻkpiyozli salsa turidagi souslar bilan adashtirishadi.

Sanoatda ishlab chiqarish



Romesko anʼanaga koʻra uyda tayyorlanadi. Biroq, Ispaniyada sanoat miqyosida ham ishlab chiqariladi va uni supermarketlardan sotib olish mumkin, ammo, aytishlaricha, taʼmi anʼanaviy sousnikiga yetmaydi. Romesko xalqaro onlayn platformalarda ham mavjud. Oʻzbekistonning yirik savdo doʻkonlarida uchramaydi.

Masalliqlari va tayyorlanishi



Romeskoning asosini pomidor va sarimsoq tashkil qiladi. Sous shuningdek, piyoz, bodom (va/yoki boshqa yongʻoqlar), shirin va achchiq qalampir (qovurib konservalangan shirin qalampir koʻp ishlatiladi), zaytun yoki kungaboqar yogʻi va qizil vino sirkasini oʻz ichiga oladi. Quyuqroq chiqishi uchun sousga oq non etini qoʻshish tavsiya etiladi (ammo, bunaqada saqlash muddati kamayadi). Baʼzan arpabodiyon yoki yalpiz bargi ham qoʻshiladi.

Pomidor, sarimsoq va shirin qalampir qovuriladi yoki toblab pishiriladi (tandirda yoki grilda), shundan soʻng archiladi (qalampir urugʻi oldinroq olinmagan boʻlsa, olib tashlanadi). Yongʻoqlar qovuriladi va koʻpincha, darhol tozalanadi va eziladi. Yakuniy bosqichda barcha masalliqlar, shu jumladan, avvalroq namlab qoʻyilgan oq non ham aralashtiriladi.

Yana qarang




Manbalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz