Robert Avakyan




Robert Petrosovich Avakyan (1932-yil 18-iyul — 2002-yil 14-iyun) — sovet rassomi, grafik boʻyicha rassom va haykaltarosh. SSSR Rassomlar uyushmasi a’zosi (1968). Hamza nomidagi Oʻzbekiston SSR Davlat mukofoti laureati (1983).

Tarjimai hol



Robert Avakyan 1932-yil 18-iyulda Shimoliy Osetiyaning Orjonikidze (hozirgi Vladikavkaz) shahrida xizmatchi oilasida dunyoga keladi. Boshlangʻich badiiy ta’limni A. S. Pushkin nomidagi shahar rassomlik badiiy maktabida olgan. 1957-yilda Orjonikidze shahar rassomlik-pedagogika bilim yurtini tugatib, Chermen qishlogʻidagi oʻrta rassomlik maktabida chizmachilik va rasm oʻqituvchisi boʻlib ishlagan.

1958-1964-yillarda I.E.Repin nomidagi Leningrad davlat rassomchilik, haykaltaroshlik va arxitektura institutining rangtasvir (I.E.Repin nomidagi Sankt-Peterburg davlat akademik rassomlik, haykaltaroshlik va arxitektura instituti) fakultetida tahsil oladi. Uning ustozlaridan biri Iosif Aleksandrovich Serebryaniy edi.

Ushbu ta’lim dargohinii tamomlagach, ish taqsimoti boʻyicha Oʻzbekistonning Qoʻqon shahriga yuboriladi. 1964-yildan Qoʻqon davlat pedagogika institutida talabalarga saboq beradi. Shahar, respublika va umumittifoq koʻrgazmalarida ishtirok etadi. Robert Avakyan 1965-1971-yillarda Qoʻqon shahar viloyat Badiiy kengashi a’zosi boʻladi. U 1966-yilda inqilob jangchilariga haykal yaratgani uchun Qoʻqon shahar komitetining faxriy yorligʻi bilan taqdirlangan.Avakyan 1968-yilda SSSR Rassomlar uyushmasi a’zoligiga qabul qilindi, 1969-1971-yillarda Qoʻqon rassomchilik pedagogika bilim yurtida oʻquvchilarga dars berdi.

Haykaltarosh 1972-yilda oilasi bilan Toshkent shahriga koʻchib keladi. Badiiy jamgʻarmaning Haykaltaroshlik va monumental san’at kombinati va Oʻzbekiston Madaniyat vazirligining eksperimental kombinatida ishlaydi. Bir qator monumental asarlar yaratadi. Respublika va Butunittifoq koʻrgazmalarida, xalqaro haykaltaroshlik tanlovlarida faol ishtirok etadi.

Robert Petrosovich 1986-yilda “Ikar” yodgorlik haykalini yaratgani uchun Hamza nomidagi Oʻzbekiston SSR Davlat mukofoti laureati boʻldi.

Haykaltarosh 1988-yilda Ashxobodda boʻlib oʻtgan birinchi Butunittifoq tosh haykaltaroshlik simpoziumida ishtirok etadi.

1991-yildan - Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi a’zosi boʻlgan.

U 1988-2002-yillarda Toshkent, Buxoro, Nukus, Yangibozor shaharlarida yodgorlik asarlar yaratish boʻyicha faol ishlar olib boradi.

Robert Avakyan 2002-yil 14-iyunda vafot etdi. U Toshkentdagi 1-shahar qabristoniga (ushbu hudud “kommunistlar qabristoni” deb yuritilardi) dafn etilgan.

Rangtasvir musavviri boʻlishiga qaramay, uning noyob iste’dodi grafik boʻyicha asarlar yaratishda yaqqol namoyon boʻldi, Robert Avakyan, shuningdek, haykaltarosh va yodgorlik kompozisiya yaratuvchisi sifatida mashhur edi.

Adabiyotlar




Manbalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz