Renesans nima?



Adabiy tilimizda ko’pincha uyg’onish deb ham yuritiladigan renesans (taxminan 1450— 1650) turli-tuman badiiy shakllarda — me’morchilik, haykaltaroshlik, rassomchilikda namoyon bo’ldi. Renesans uslubining xususiyatlari italyan san’atida, yanada to’la-to’kis, basharti rassomchilik va haykaltaroshlikda eng yorqin tarzda o’z aksini topdi. “Renesans” so’zining o’zi, boya aytib o’tilganidek, “uyg’onish”ni anglatadi. Bu davr me’morlari o’z asarlari uchun g’oyalarni yunon va xususan qadimgi rim san’ati bag’ridan topdilar. Me’morlar zikr etilgan uslub unsurlarini jamoatchilik inshootlari me’morchiligiga, shuningdek badavlat savdogarlar uchun qurilgan koshonalar me’morchiligiga ham qtatbik etdilar. Ularning nazdida muhimi odamzot o’zini bemalol his qiladigan imorat bunyod etish edi. Gotiy san’atida vertikal-tik tarhlar alohida mavqe kasb etadi. Renesans me’mori uchun imoratning umumiy o’lchamiy mutanosibligi va uning inson jussasi nisbatlariga mosligi edi. Jome’ga kiraverishdagi bosh yo’lakning yuqorisida kupincha o’yma to’g’riburchakli gardish joylashgan. Derazalar va eshiklarning tepa qismi ham munazzam lo’ndalanuvchi qirralarga ega uchburchakchalar bilan ziynatlangan. Derazalar va eshiklar o’rtasida pilyastrlar –ustunlar ko’rinishidagi sidirg’a yoki nimdumaloq bezaklarga o’xshash bir tomoni devorga singishib ketgan me’moriy unsur joylashgan. Bu pilyastrlar yuqoridagi qavatlarning og’ir yukini o’zida tutib turgandek tuyuladi. Aslida esa ular tamomila naqsh ahamiyatiga egadir. Renesans davri yodgorliklari odamzot figuralari yoxud gullar va nabotiy naqshlar bilan ziynatlangan. Gullardan yoki yaproqlardan bezaklar egma gorizontal-sathiy hoshiyani — yaproqli novdani — girlyandani hosil qiladi. Renesans uslubi antik madaniy merosni sidqidildan o’rganish va o’zlashtirish samarasi sifatida vujudga keldi. Hamma joyda eski qo’rg’onlar qaytadan qurildi, ularning yonida yangi uyg’un imoratlar bunyod etildi. Shambore va Fontenblo, Blua va Anetdagi qo’rg’onlar, nihoyat, Parijdagi Luvr ana shular jumlasiga kiradi.


Manba



Mo’jiza kitobning 3-jildi



Uzpedia.uz