Ravzat ar-rizvon




Ravzat ar-rizvon  – tarixiy asar. Muallifi tarixchi va adib Badriddin Kashmiriydir. Asar Buxoro xonligida hukmronlik qilgan Shayboniylar sulolasi davri va Joʻyboriy xoʻjalari haqida maʼlumot beruvchi manbalardan biri. Mazkur asar 1590-yilda yozib tugatilgan.

Tarixchi olim Halim Toʻrayev Badriddin Kashmiriyni XVI asrning ikkinchi yarmida Joʻyboriy xoʻjalari tarixshunosligi asoschisi sifatida taʼriflagan. Uning fikriga koʻra asar Joʻyboriy xoʻjalari ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy va xoʻjalik faoliyatini aks ettiruvchi „shoh asar“dir. Badriddin Kashmiriy ushbu asari baʼzi masalalarda „Abdullanoma“ asari bilan
raqobatlasha oladi.
Asarning yagona qoʻlyozma nusxasi OʻzR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida mavjud.
Ravzat ar-rizvon asaridan M. A. Abduraimov, Boʻriboy Ahmedov, I.Saidahmedov, L.Rahmonova, B.Bobojonov kabi olimlar tadqiqotlarida keng foydalanishgan.
Asar muallifi Badriddin Kashmiriy asli kashmirlik boʻlib, 1553-yil Buxoroga keladi va shu yerda Joʻyboriy Xoʻja Islomga shogirt tushadi. U Joʻyboriylar xonadoni shaxsiy kotibiga aylanadi va Xoʻja Islom tomonidan 500 tanga va Xoja Saʼd tomonidan yana 500 tanga bilan taqdirlangan.
Asar yettida bobdan iborat va Joʻyboriy xoʻjalari vakillari Xoʻja Islom va Xoʻja Saʼd faoliyati haqida maʼlumotlar keltirilgan. Asarda Joʻyboriylar oʻrtasidagi yozishmalar, tarixiy voqealar va sheʼriy parchalar mavjud.
Asar muallif tomonidan oʻzi koʻrgan voqealar asosida yozilgan. Birinchi bobda Joʻyboriy xoʻjalardan Xoʻja Islom faoliyati va avlodlari haqida maʼlumotlar mavjud. Ravzat ar-rizvon asarida shayboniy Iskandarxon va Xoʻja Islom oʻrtasidagi munosabatlar ham keltirilgan.

Manbalar




Adabiyotlar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz