Rashid madrasasi
Rashid madrasasi (Abdurashid madrasasi) — Oʻzbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro shahrining tarixiy markazida joylashgan 2 qavatli madrasa inshooti. Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan.
Madrasani tiklash va taʼmirlash uchun 2010-yilgi davlat dasturiga koʻra mablagʻlar ajratilganligiga qaramay, u hozirga qadar taʼmirtalab ahvolda qolib ketgan.
Tarixi
Madrasa XIX asrning 2-yarmida Buxoro amirligi poytaxtining Mextar Shafeʼ (keyinchalik Hovuzi Rashid deb nomlangan) guzarida, oʻzbek hukmdori Muzaffarxon (1860–1885) hukmronligi davrida, Abdurashid (Rashid) ismli afgʻonistonlik boy savdogar mablagʻlari evaziga bunyod etilgan. Abdurashid afgʻon Muzaffarxon davrida Buxoroda choy bilan ulgurji savdo qiladigan katta savdogarlardan biri boʻlgan U madrasa oldida marmardan ishlangan katta hovuz ham qurdirgan.
Sovetlar hukmronligi oʻrnatilganidan soʻng madrasada talabalarning oʻqitilishi tugatilgan.
2010-yilda ishlab chiqilgan Davlat dasturiga binoan, madrasani 2013-yilda tadqiq qilish, favqulotda qismlarini boʻlaklarga ajratish, tozalash, konstruktiv mustahkamlash, tiklash, restavratsiyalash va konservatsiyalash, zamonaviy foydalanish uchun hozirlash ishlari rejalashtirilgan va bu ishlarni amalga oshirish maqsadida 50 million soʻm mablagʻ ajratilganligiga qaramay, hozirda inshoot holati taʼmirtalab ahvolda qolib ketgan.
Madrasa inshooti, Buxoro shahri meʼmoriy yodgorligi sifatida, 2019-yilda tasdiqlangan Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan.
Buxoro shahridagi Hamid Olimjon MFYga qarashli Bahouddin Naqshband nomidagi koʻchada joylashgan.
Meʼmorchiligi
Madrasa inshooti pishiq gʻishtdan 2 qavatli qilib qurilgan. 25 hujradan tashkil topgan.
Rivoyatlar
Naql qilinishicha, savdogar Abdurashidning bir tantiq xotini boʻlgan ekan. U har kuni turmushidan nolib: «Uni olib ber, buni olib ber» — deya janjal qilaverib erini holi-joniga qoʻymabdi. Bunday injiqliklardan bezor boʻlgan Abdurashid bir kuni xotinining taqib yurgan taqinchoqlarini shartta olib qoʻyibdi va ularni sotib, puliga oʻzi bunyod ettirgan madrasa oldiga marmardan ishlangan katta hovuz qurdirgan ekan.
Manbalar
Havolalar
Adabiyotlar
uz.wikipedia.org