Rameshbabu Praggnanandhaa
Rameshbabu Praggnanandhaa (2005-yil 10-avgustda tugʻilgan) – hindistonlik shaxmat grossmeysteri, shaxmat vunderkindi. U 10 yoshida xalqaro shaxmat ustasiga aylangan. 2022-yil 22-fevralda, 16 yoshida u Airthings Masters Rapid Chess turnirida Carlsenni magʻlub etib, oʻsha paytdagi jahon chempioni Magnus Carlsenni magʻlub etgan eng yosh oʻyinchi boʻldi. Gukesh Dommaraju tomonidan 2022-yil 16-oktyabrda qayta oʻrnatilgan.
Shaxmatdagi faoliyati
Praggnanandhaa 2013-yilda shaxmat boʻyicha 8 yoshgacha boʻlgan yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatida gʻolib chiqdi. Unga FIDE ustasi unvonini berdi. Praggnanandhaa 2015-yilda 10 yoshgacha boʻlganlar orasida ham sovrindorlar qatoridan joy oldi.
2016-yilda Praggnanandhaa 10 yosh 10 oy va 19 kunligida tarixdagi eng yosh xalqaro shaxmat ustasiga aylandi. U 2017-yil noyabr oyida oʻtkazilgan shaxmat boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempionatida 8 ochko bilan toʻrtinchi oʻrinni egalladi. Shunda ilk grossmeysterlik normasini bajardi. U 2018-yil 17-aprelda Gretsiyada boʻlib oʻtgan Heraklion Fischer Memorial GM turnirida ikkinchi normani ham bajardi. 2018-yil 23-iyun kuni Italiyaning Urtijei shahrida boʻlib oʻtgan Gredine Open turnirida ishtirok etdi. Turnirning sakkizinchi raundida Luca Moroni ustidan gʻalaba qozonib, 12 yosh 10 oy va 13 kunligida oʻsha paytdagi ikkinchi eng yosh grossmesteriga aylandi. Eng yosh grossmeysterlik unvoniga Sergey Karjakin 12 yoshu 7 oyligida erishgan. U hozirda Abhimanyu Mishra, Sergey Karjakin, Gukesh va Javoxir Sindarovdan keyin grossmeyster (GM) unvoniga erishgan eng yosh beshinchi shaxmatchiga aylanib turibdi (2023-yil avgust holatiga koʻra).
2018-yilda Praggnanandhaa Ispaniyadagi Magistral de León Masters musobaqasiga Wesley Soga qarshi toʻrt oʻyindan iborat tezkor oʻyinga taklif qilindi. U birinchi oʻyinda Soni magʻlub etdi. Lekin uchta oʻyindan soʻng hisob 1½–1½ ga tenglashdi. Soʻnggi oʻyinda So Praggnanandhani magʻlub etib, 2½–1½ hisobida gʻalaba qozondi.
2018-yil yanvar oyida Charlotte Chess Center Winter 2018 turnirida Praggnanandhaa GM Alder Escobar Forero va IM Denys Shmelovlarga qarshi bahslarga kirishadi. Shimoliy Karolina shtatining Sharlotta shahrida boʻlib oʻtgan ushbu uchrashuvlarda Praggnanandhaa 5,0/9 ball bilan uchinchi oʻrinni egalladi.
2019-yil iyul oyida Praggnanandhaa Daniyada boʻlib oʻtgan Xtracon Chess Open turnirida 8½/10 ball (+7–0=3) toʻplagan holda gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. 2019-yil 12-oktabr kuni 18 yoshgacha boʻlgan shaxmatchilar oʻrtasida oʻtkazilgan Jahon chempionatida 9/11 ball toʻplab birinchi oʻrinni egalladi. 2019-yil dekabr oyida u 2600 reytingini qoʻlga kiritgan ikkinchi eng yosh shaxmatchiga aylandi. U bu natijani 14 yosh 3 oy va 24 kunligida qayd etgan.
2021-yil aprel oyida Praggnanandhaa Julius Baer Group va Chess24.com tomonidan yosh isteʼdodlar uchun tashkil etilgan tezkor onlayn turnir – Julius Baer Challengers Chess Tourning gʻolibiga aylandi. U 15,5/19 ball toʻplagan holda eng yaqin raqobatchilardan 1,5 ochko koʻp natijani qayd etdi. Bu gʻalaba unga 2021-yil 24-aprelda navbatdagi Meltwater Champions Chess Tour turniriga yoʻllanma olishiga yordam berdi. U yerda 7/15 (+4-5=6) natija bilan 10-oʻrinni egalladi. Teimour Radjabov, Jan-Krzysztof Duda, Sergey Karyakin va Yoxan-Sebastian Christiansen, shuningdek, jahon chempioni Magnus Karlsenga qarshi natijani qayd etdi.
Pragnanandhaa shaxmat boʻyicha 2021-yilgi Jahon kubogiga reytingiga koʻra 90-raqam sifatida qoʻshildi. U 2-raundda GM Gabriel Sargissianni 2:0 hisobida magʻlub etdi. 3-raundda tezkor tay-breykda GM Michal Krasenkowni magʻlub etib, 4-raundga yoʻl oldi. Pragnanandhaa toʻrtinchi raundda Maxime Vachier-Lagrave tomonidan magʻlub etildi.
Praggnanandhaa Tata Steel Chess Tournament 2022ning Masters guruhida oʻyin olib bordi. Andrey Esipenko, Vidit Gujrathi va Nils Grandeliusga qarshi oʻyinlarda gʻalaba qozondi va yakunda 5½ ball bilan 12-oʻrinni egalladi.
2022-yil 20-fevralda u Champions Chess Tour 2022 onlayn Airthings Masters tezkor turnirida istalgan vaqt formatida Jahon chempioni Magnus Carlsenga qarshi oʻyinda 15+10 hisobida gʻalaba qozongan uchinchi hindistonlik shaxmatchiga aylandi (Anand va Xarikrishnadan keyin).
2022-yil may oyida Chessable Masters onlayn tezkor shaxmat turnirida Carlsenni yana bir bor magʻlubiyatga uchratib, 3 oy ichida u ustidan ikkinchi marta gʻalaba qozonib, finalga yoʻl oldi.
Praggnanandhaa FTX Crypto Cup 2022 musobaqasida Carlsenni 3 marta magʻlubiyatga, yakuniy reytingda Karlsendan keyin ikkinchi oʻrinni egalladi.
2023-yil yanvar oyida Praggnanandhaa Tata Steel Chess Masters 2023 musobaqasida oʻynadi. U 2800 reytingdan yuqori grossmeyster Ding Lirenni magʻlubiyatga uchratdi. Umumiy natijada 6/13 ball bilan turnirni 9-oʻrinda yakunladi.
Shaxmat boʻyicha 2023-yilgi Jahon kubogida 18 yoshli Praggnanandhaa shaxmat boʻyicha Jahon kubogi finaliga chiqqan dunyodagi eng yosh shaxmatchiga aylandi. Praggnanandhaa turnir yarim finalida Fabiano Caruanani tay-brekda magʻlub etdi. Shuningdek, shaxmat boʻyicha Jahon kubogi tarixida Viswanathan Ananddan keyin finalga chiqqan ikkinchi hindistonlik boʻldi. Finalda shaxmat boʻyicha sobiq klassik jahon chempioni Magnus Carlsenga qarshi oʻyinda tezkor tay-breklarda magʻlubiyatga uchradi. Shu tariqa ikkinchi oʻrinni va 2024-yilgi Candidates turniriga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.
Shaxsiy hayoti
Praggnanandhaa 2005-yil 10-avgustda Tamil Nadu shtatining Chennay shahrida tugʻilgan. Uning otasi Rameshbabu TNSC Bankda menejer boʻlib ishlaydi. Onasi Nagalakshmi uy bekasi boʻlib, tez-tez milliy va xalqaro musobaqalarda oʻgʻliga hamroh boʻladi. Uning opasi Vaishali ayol grossmeyster va xalqaro sport ustasi.
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org