Quyosh toji nima?



Kechasi nur sochadigan yulduzlar va kunduzi olamni munavvar etadigan Quyosh bir xil ekaniga ishonish qiyin.

Quyosh ham Yerga eng yaqin yulduzdir. Yerdagi hayot Quyoshga bog’liq ekanini hammamiz yaxshi bilamiz. Quyosh nuri taftisiz Yerda hayot vujudga kelmas edi. Quyosh nuri taftisiz o’simliklar ham, hayvonlar ham, odamlar ham bo’lmas edi.

Quyosh diametri – ko’ndalang o’lchami 1 400 000 km.lik yulduzdir. Bu ko’rsatkich Yerning diametridan 109 marta katta.

Quyosh bilan Yer o’rtasidagi masofa 150 000 000 km.dir. Quyoshning massasi Yernikidan 1 300 000 marta og’irdir. Lekin, qizig’i shundaki, Quyosh Yer singari qattiq jism emas.

Buni isbot qilish oson: Quyosh yuzasidan temperatura Tselsiy shkalasi bo’yicha 6000 darajaga yetadi. Bunday issiqlikda har qanday metal yoki tosh gazga aylanib ketadi, shuning uchun Quyoshning tarkibi gazdan iborat!

Ilgari olimlar quyosh nuri, taftish yonish natijasida paydo bo’ladi, deb hisoblashar edi. Ammo Quyosh yuzasi yuz millionlab yillardan beri haddan tashqari issiq bo’lib kelayotgani inobatga olinsa, hech narsa bu qadar uzoq yonmasligi ma’lum bo’ladi.

Bugungi kunda olimlar Quyosh atom bombasidagi kabi holatda issiqlik ajratib chiqaradi, degan xulosaga kelishdi. Quyosh materiyani energiya – quvvatga aylantirib beradi.

Bu jarayon yonishda farq qiladi. Yonish vaqtida materiya bir holatdan ikkinchi bir holatga o’tadi. Katta miqdordagi energiyani hosil qilish uchun juda oz miqdordagi materiya kifoya qiladi. 28 gramm materiya ajratib chiqaradigan energiya 1 million tonnadan oshiq tog’ jinslarini eritish uchun yetarlidir.

Agar fanning fikri to’g’ri bo’lsa, Quyosh materiyaning energiyaga aylanish jarayoni doimiy bo’lgani uchun ham nur sochadi. Quyosh massasining bir foizigina u 150 mlrd yil davomida hozirgiday issiq bo’lib turishi uchun yetadi! Baribir, Quyosh ko’rinib turadigan yulduzlar ichida eng kattasi emas. Hisob-kitoblarga qaraganda, o’ta katta yulduz Betelgeyzening diametri Quyoshnikidan 850 barobar kattadir. Vaholanki, munajjimlarning fikricha, u ham eng katta yulduz emas. Quyoshga nisbatan kichikroq yulduzlar “mittivoylar” deb ataladi. Eng kichik yulduzlar esa oq mittivoylardir.

Hoynahoy, “uchar likobchalar” va o’zga dunyolardan kelgan g’ayrioddiy mavjudotlar to’g’risida eshitgan bo’lsangiz kerak. Ularning haqiqatan ham mavjudligi dargumon, biroq bunday hodisalar ro’y berishi ehtimoldan uzoq emas. Gap shundaki, Quyosh sistemasi unga o’xshash millionlab sistemalar bo’lishi ehtimoldan xoli bo’lmagan Koinotning uvoqqina bir zarrasidir.

Quyosh sistemasi o’z ichiga Quyosh va uning tortish kuchi natijasida atrofida aylanadigan barcha jismlarni qamrab oladi. Bizning Quyosh sistemamiz tarkibiga uning tortish kuchi ta’sirida bo’lgan sayyoralar, yo’ldoshlar, asteroidlar va kometalar kiradi. Yer to’qqiz sayyoraning biridir.

Sayyoralar o’lchami va boshqa ko’rsatkichlari bo’yicha bir-biridan farq qiladi va Quyoshdan turli xil uzoqlikda joylashgandir. Merkuriy Quyoshga eng yaqin va eng kichik sayyoradir. U 88 kecha-kunduz davomida Quyosh atrofida bir marta aylanib chiqadi. Undan keyingi sayyora Venera – Cho’lpon bo’lib, Quyoshdan 108 mln km uzoqlikda joylashgan va uning atrofida 225 kecha-kunduzda bir marta aylanibb chiqadi. Uchinchi sayyora Yer esa Quyoshdan 150 mln.km uzoqlikda joylashgan. Keyingi sayyora Mars – Mirrix bilan Quyosh o’rtasidagi masofa – 228 mln.km. Uning Quyosh atrofida bir marta aylanib chiqish vaqti 687 kundir. So’ngra Quyosh sistemasidagi eng katta sayyora – Yupiter – Mushtariy keladi, uning to’liq aylanib chiqish vaqti – 12 yil, Saturn – Zuhalniki esa – 29,5 yil. So’ngra uch sayyora – Uran, Neptun va Pluton Quyoshdan shu darajada olisdaki, ularni oddiy ko’z bilan ko’rib bo’lmaydi.

Biz Quyosh sistemasi nega aynan shunday ko’rinishga ega ekanligidan bexabarmiz. U Koinotdagi mutlaqo boshqa ko’rinishga ega bo’lgan quyosh sistemalari kabi boshqacha ham bo’lishi mumkin edi. Bu ularning qanday paydo bo’lgani bilan bog’liq. Lekin inson kashf etgan tabiat qonunlari Quyosh sistemasining nega aynan hozirgiday joylashuvini tushuntirish imkonini beradi.

Boshqa sayyoralar qatori Yer ham Quyosh atrofidagi orbitagi orbita bo’ylab aylanadi. Yerning Quyosh atrofida bir marta aylanib chiqish vaqti yil deb ataladi. Boshqa sayyoralar orbitasi Yernikidan katta yoki kichikdir.

Quyosh sistemasi qanday paydo bo’lgan? Nega sayyoralar bunday o’lchamga ega? Nega ular o’z orbitasi bo’ylab harakat qiladi? Munajjimlar haligacha bu savolga javob topisha olgani yo’q. Ular ikki xil nazariyani ilgari surishadi. Birinchi nazariyaga ko’ra, Quyosh va sayyoralar aylanayotgan ulkan issiq gazlar bulutidan paydo bo’lgan. Aylanayotgan ulkan gaz va chang buluti o’simtalaridan sayyoralar bunyodga kelgan.

Boshqa bir nazariyani mualliflari esa Quyosh o’tmishda boshqa bir yulduz bilan yaqinlashgan, deb hisoblashadi. Natijada katta “bo’laklar” ajralib chiqib, uning atrofida aylana boshlagan va Quyoshning ushbu bo’laklari sayyoralarga aylangan. Biz uchun qaysi nazariya to’g’ri ekani muhim emas. Nima bo’lganda ham, Quyosh sistemasining hozirgi shakli tasodifan yuzaga kelgan. Nega bu shakl o’zgarmayapti? Keplerning sayyoralarning harakati qonuniga ko’ra, barcha sayyoralar Quyosh atrofida ellips (cho’zinchoq) orbita bo’ylab aylanadi; sayyoralar Quyoshga qanchalik yaqin borsa, ularning tezligi shunchalik ortadi; to’la aylanib chiqish vaqti Quyoshgacha bo’lgan masofaga bog’liq. Nyutonning tortish qonunida aytilganidek (Keplerning uch qonuni uning tarkibiy qismlaridir), ikkita predmet o’zaro tortishadi. Quyosh sistemasining hozirgi shakli muqimligiga sabab, bir qancha tabiat qonunlariga asosan, Quyosh va sayyoralar o’rtasida o’zaro harakat bog’liqligi bor.

Biror marta Quyoshning tutilgandagi suratini ko’rganmisiz? Suratdaa Quyoshning qora gardishi atrofida olov tillariga o’xshsh narsa ko’zga tashlanadi va u toj deb ataladi.

Quyosh ham yulduzdir. Boshqacha aytganda, u o’zidan nur taratadi. Albatta, buning uchun katta miqdordagi energiya – quvvat talab qilinadi. Quyosh bu quvvatni qayerdan oladi? Olimlarning fikricha, Quyoshning markaziy, eng issiq qismida joylashgan vodorod atomlari o’sha quvvat manbaidir. Ular osha qismda birlashib, termoyadro reaksiyasi natijasida geliy atomlariga aylanadi. Oqibatda katta miqdordagi energiya ajralib chiqadi va u Quyosh yuzasiga chiqib, yorug’lik bo’lib, fazoga tarqaladi. Quyosh, to vodorod zahiralari tugamaguncha, sizu bizning boshimiz uzra porlab turaveradi.

Bizning tasavvurimizda Quyosh nuri hamisha birday yorqinday tuyuladi. Aslida shundaymikin? Bu savolga javob shuki, Quyosh tuzilishi o’ziga xos xususiyatga ega.

Avvalo, u Yer singari qattiq jism emasligini unutmaslik kerak. U o’z o’qi atrofida aylansa-da, uning turli qismlari turlicha tezlik bilan harakat qiladi. Uning ekvatoridagi nuqta o’q atrofida 29 kecha-kunduzda bir marta aylanib chiqsa, qutbdagi nuqtaga buning uchun 34 kecha-kunduz kerak bo’ladi.

Quyoshning toj deb ataladigan tashqi qatlami yengil va siyrak gazlardan iborat. Uning tashqi qismi oq tusda bo’lib, shu’lalari taralib turadi. Bu shu’lalar millionlab kilometrlarga cho’zilgan bo’lib, Quyosh yorqinligiga, oz bo’lsa-da, sezilarli ta’sir ko’rsatadi.

Toj ostida Quyosh atmosferasining boshqa bir qatlami – xromosfera mavjud. Uning qalinligi 15 000 kilometrdir. Bu qatlam, asosan, vodorod va geliydan iborat. Unda vaqti-vaqti bilan protuberanslar – to’satdan sovib ketgan ulkan modda oqimi paydo bo’ladi va Quyosh tojiga yorib chiqadi. Protuberanslar, odatda, balandligi 1 500 000 kilometrlik ark ko’rinishiga ega bo’ladi. Ular ham Quyoshning nechog’li yorqin nur sochishiga ta’sir ko’rsatadi. Quyoshning o’rab turgan qatlamlarning tavsifi, asosan, shudir. Ularning ostida nima borligi hozirgacha jumboq bo’lib qolmoqda.


Manba



Mo’jiza kitobning 1-jildi


Uzpedia.uz