Quva tumani
Quva tumani — Oʻzbekiston Respublikasining Fargʻona viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentabrda tashkil etilgan. Janubiy-gʻarbdan Fargʻona, shimoliy-gʻarb va gʻarbdan Toshloq tumanlari, shimol va sharqdan Andijon viloyatining Boʻz, Shahrixon, Asaka, Marhamat tumanlari, janubiy-sharq va janubdan Qirgʻizistonning Oʻsh viloyati bilan chegaradosh. Maydoni 440 km². Aholisi: 261,000 kishi (2021). Tumanda 65 ta mahalla fuqarolari yigʻini bor. Markazi — Quva shahri.
Tabiati
Yer yuzasi adir va adir oldi tekisliklaridan iborat. Janubdan shimolga pasayib boradi. Iqlimi kontinental; qishi yumshoq, yozi issiq. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi −2,5° dan −3,2° gacha, iyulniki 27-29°, eng past temperatura −26°, eng yuqori temperatura 42°. Yillik yogʻin 170-230 mm.
Vegetatsiya davri 210-220 kun. Sovuqsiz kunlar 204 kun davom etadi.
Tuproqlari boʻz, oʻtloqi-boʻz, oʻtloqi va togʻ-oʻtloqi tuproqlar. Hududining koʻp qismi oʻzlashtirilgan, yovvoyi oʻsimlik kam saqlangan. Tumanning sugʻoriladigan qismida ajriq, shoʻra, terak, tol, jiyda va boshqa; adirlarda qoʻngʻirbosh, rang, qatron, betaga, chalov, shuvoq va boshqa oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan tulki, quyon, jayra, toshbaqa; qushlardan bedana, kaklik, kaptar, qargʻa, qaldirgʻoch, suvlarda har xil baliqlar bor.
Aholisi
Asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tojik, qirgʻiz, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km²ga 543 kishi. Quva tumanida Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Ibrohim Rahim, Oʻzbekiston xalq artistlari Tavakkal Qodirov, Abdulhoshim Ismoilov va juda koʻplab mashhur shahslar tavallud topishgan.
Iqtisodiyoti
Asosan, qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan. 2500 dan ortiq kichik korxona, mikrofirma va boshqa korxonalar mavjud. Sanoat korxonalaridan paxta tozalash zavodi, don mahsulotlari kombinati, avtokorxona, „Issiqnon“ korxonasi, mebel kombinati, mevani qayta ishlash korxonasi, qandolatchilik fabrikasi, toʻqimachilik korxonalari ishlab turibdi. Savdo, madaniy va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari aholiga xizmat koʻrsatadi. 3 qoʻshma korxona bor.
Qishloq xoʻjaligining yetakchi tarmogʻi — paxtachilik, gʻallachilik. Shirkat, fermer xoʻjaliklari bor. Tuman xoʻjaliklari Oxunboboyev nomidagi kanal, Janubiy Fargʻona kanali tarmoqlaridan va Karkidon suv ombori, shuningdek, shimoliy qismi U.Yusupov nomidagi Katta Fargʻona kanalida 29,7 ming qoramol, 34,8 mingdan ziyod qoʻy va echki, 48,2 mingdan ortiq parranda, 417 yilqi boqiladi. Pillachilik bilan ham shugʻullaniladi.
Taʼlim
Tumanda 67 umumiy taʼlim, bolalar musiqa maktablari, 3 litsey, 3 gimnaziya, 2 kasb-hunar kolleji, klub muassasalari, madaniyat uyi, 70 ga yaqin kutubxona, madaniyat va istirohat bogʻi bor. Tuman markaziy kasalxonasi, poliklinika, dorixonalar va boshqa tibbiy muassasalar aholiga xizmat koʻrsatadi. Tuman hududidan Fargʻona vodiysining aylanma temir yoʻl (temir yoʻl bekati xalq tilida „Stantsiya“ deb ataladi), shuningdek, Quva shahri orqali Fargʻona — Andijon, Andijon — Margʻilon — Qoʻqon va boshqa avtomobil yoʻllari oʻtgan.
Manbalar
uz.wikipedia.org