Qutuz
Sayfiddin Qutuz (arabcha: سيف الدين قطزقطز), shuningdek,
Kutuz ,
Kotuz va toʻliq ismi
Al-Malik al-Muzaffar Sayf ad-Din Qutuz ( الملك المظفر سيف الدين قطز), harbiy boshliq va Misrdagi turkiy Mamluk sultonlarining uchinchisi yoki toʻrtinchisi boʻlgan. U 1221-yil 2-noyabrda tugʻilgan, 1260-yil 24-oktabrda vafot etgan va 1259-yildan 1260-yilda oʻldirilguniga qadar bir yildan kamroq vaqt mobaynida Sulton sifatida hukmronlik qildi, lekin yigirma yil davomida amalda hukmdor boʻlib xizmat qildi.
Dastlab u Misrga qullikka sotilgan va 20 yil davomida Sulton noibi darajasiga koʻtarilib, taxt ortidagi kuchga aylandi. U 1249—50 yillarda Misrga bostirib kirgan Yettinchi Salib yurishlarini magʻlub etishda koʻzga koʻringan edi. 1259-yilda Misr moʻgʻullar tomonidan tahdid qilinganda, u harbiy jihatdan yetakchilikni oʻz qoʻliga oldi va keyin hukmronlik qilayotgan 15 yoshli sulton Al-Mansur Alini taxtdan agʻdardi. Suriya va Bagʻdoddagi islomiy kuch markazlari moʻgʻullar tomonidan bosib olindi va Islomiy kuchlarning markazi Misrga koʻchirildi va bu moʻgʻullarning navbatdagi nishoniga aylandi. Qutuz Misrning azaliy dushmani salibchilar bilan shartnoma tuzib, moʻgʻullarga qarshi chiqish uchun shimolda Misr mamluk qoʻshinini boshqargan.
Ayn-Jalut jangi 1260-yil 3-sentyabrda Jalilaning janubi-sharqiy qismida Misr mamluklar qoʻshini bilan moʻgʻullar oʻrtasida boʻlib oʻtgan. Moʻgʻullar Qutuz qoʻshinlari tomonidan qattiq magʻlubiyatga uchradi, bu tarixiy burilish nuqtasi hisoblanadi. Qutuz Qohiraga zafarli qaytish paytida Mamluklar yetakchisi Beybars tomonidan oʻldirildi. Qutuzning saltanati qisqa boʻlsa-da, u islom olamidagi mashhur Mamluk sultonlaridan biri boʻlib, islom tarixida yuksak mavqega ega boʻldi.
Tarjimayi holi
Qutuz Forsdan kelgan turkiy shahzoda edi. Xorazmshohlar saltanati qulashi davrida moʻgʻullar tomonidan asirga olingan tax. 1231-yilda u Suriyaning Damashq shahriga olib ketilgan va u erda Misrlik qul savdogariga sotilgan va keyin uni Qohiradagi Mamluk sultoni Aybakga sotishgan. Baʼzi manbalarga koʻra, Qutuz oʻzining asl ismi Mahmud ibn Mamdud boʻlib, Xorazmshohlar Imperiyasi hukmdori Alovuddin Muhammad II avlodidan boʻlganini taʼkidlangan.
U Sulton Aybakning eng koʻzga koʻringan Muizi mamlukiga aylandi va 1253-yilda Sulton noibi boʻldi. Aybak 1257- yilda oʻldirilgan va Qutuz Aybakning oʻgʻli Al-Mansur Alining sulton noibi boʻlib qolgan. Qutuz Mamluklar qoʻshiniga boshchilik qiladi va Aybakning bevasi Shajar al-Durrni hibsga olgan va Al-Mansur Alini Misrning yangi sultoni etib tayinlagan. 1257-yil noyabr va 1258-yil aprel oylarida u Bahriyya mamluklari tomonidan qoʻllab-quvvatlangan va Shahrzuriya kurdlarini oʻz ichiga olgan Al-Karakning Al-Malik al-Mugʻiz boshchiligidagi kuchlarning bosqinlarini magʻlub etdi. Bosqinlar Al-Karakdagi Bahriyya Mamluklari oʻrtasida nizoga sabab boʻldi, chunki ularning baʼzilari Misrdagi oʻz izdoshlarini qoʻllab-quvvatlamoqchi edi.
1258-yil fevralda moʻgʻul qoʻshini Bagʻdodni talon-toroj qildi, uning aholisini qirgʻin qildi va Abbosiy xalifasi Al-Mustaʼsimni oʻldirdi. Keyin ular Hulokudan tahdidli xat olgan Ayyubiylar shohi An-Nosir Yusuf tomonidan boshqariladigan Suriya tomon yurdi. Sulton noibi Qutuz va Misr amirlari An-Nosir Yusufning Misrdan zudlik bilan yordam soʻrab murojaat qilgan xabaridan xavotirga tushishdi. Qutuz 15 yoshli sulton Al-Mansur Alining saroyiga yigʻilgan amirlarga vaziyat ogʻirligi uchun Misrda moʻgʻullarga qarshi kurasha oladigan kuchli va qobiliyatli sulton boʻlishi kerakligini aytdi. 1259-yil 12-noyabrda Al-Mansur Ali Qutuz tomonidan taxtdan tushirildi. Qutuz yangi sulton boʻlgach, amirlarga moʻgʻullar ustidan gʻalaba qozonganidan soʻng boshqa istalgan sultonni taxtga oʻtirishiga vaʼda berdi.
Qutuz amir Foris ad-Din Aqtay al-Mostarebni Misr qoʻshinining otabegi sifatida saqlab qoldi va jangga tayyorgarlik koʻra boshladi.
Moʻgʻul bosqini
Huloku va uning qoʻshinlari Damashqqa tomon yoʻl oldilar, u yerda Suriya amirlarining bir qismi An-Nosir Yusufga taslim boʻlishni va oʻzlarini va Suriyani qutqarish uchun eng yaxshi yechim sifatida Hulokuga boʻysunishni taklif qilishdi. Yigʻilishda hozir boʻlgan Mamluk Beybars bu taklifdan norozi boʻldi va mamluklar oʻsha kechada An-Nosir Yusufni oʻldirishga qaror qilishdi. Ammo u akasi bilan Damashq qalʼasiga qochishga muvaffaq boʻldi. Keyin Beybars va Mamluklar Suriyani tark etib, Misrga yoʻl olishdi va u yerda ularni Sulton Qutuz iliq kutib oldi ve Beybarsga Qalyub shahrini hadya qildi. An-Nosir Yusuf moʻgʻul qoʻshini Halabga yaqinlashayotganini eshitib, xotini, oʻgʻli va boyligini Misrga joʻnatadi. Damashq va Suriyaning boshqa shaharlari aholisi qochib keta boshlaydi. Moʻgʻullar Halabni yetti kun qamal qilgandan soʻng uni talon-toroj qilib, aholisini qirgʻin qilishdi. An-Nosir Yusuf Halabning qulaganini eshitgach, Damashqni qolgan aholisi bilan himoyasiz qoldirib, Misrga qochdi, lekin Qutuz uni Misrga kirishiga ruxsat bermadi. Shunday qilib, An-Nosir Yusuf Misr chegarasida qoldi, amirlari esa uni tark etib, choʻlga tomon ketishdi. Sulton Qutuz an-Nosir Yusufning xotini va xizmatkorlari bilan Misrga yuborilgan taqinchoqlari va pullarini tortib olishni buyurdi. Halab moʻgʻullar qoʻliga oʻtganidan 16 kun oʻtib Damashq jangsiz taslim boʻldi. An-Nosir Yusuf mamluklar tomonidan asirga olinadi va Hulokuga yuboriladi.
Suriya va Bagʻdoddagi islomiy kuch markazlarining zabt etilishi bilan Islom imperiyasining markazi Misrga oʻtdi va Misr Hulokuning navbatdagi nishoniga aylandi. Huloku Qohiraga tahdidli maktub bilan xabarchilar yuborib, Qutuzni taslim boʻlishga va moʻgʻullarga boʻysunishga undaydi. Qutuz javob sifatida elchilarni qatl ettirdi. Elchilarning boshlari Qohiradagi Bob Zuveyla darvozasiga osildi. Keyin Qutuz moʻgʻullarning hujumini kutish oʻrniga ularni Misrdan uzoqroqqa ketkizish uchun qoʻshin yigʻishga qaror qildi. Boshqalar esa hududdan qochib ketishgan edi. Misrda yashovchi marokashliklar gʻarbga, yamanliklar esa Yaman va Hijozga qochib ketishdi.
Qutuz As-Solihiyaga borib, moʻgʻullarga qachon hujum qilishni hal qilish uchun qoʻmondonlari va amirlarini yigʻdi. Ammo amirlar qoʻrqoqlik koʻrsatdilar. Qutuz ularni oʻziga qoʻshilishlari uchun uyaltirdi va shunday dedi: „Ey musulmonlarning amirlari, sizlar bir qancha vaqtdan beri mamlakat xazinasi bilan oziqlanasizlar va bosqinni yomon koʻrasizlar. Men yolgʻiz boraman, kim menga qoʻshilishni xohlasa, shunday qilsin, kim menga qoʻshilishni xohlamasa uyiga qaytsin, lekin qoʻshilmasa, ayollarimizni himoya qilmaslik gunohini oʻz zimmalariga oladi“.
Qutuz Beybarsga Gʻazoga u yerdagi kichik moʻgʻul garnizonini kuzatish uchun qoʻshin olib borishni buyurdi, Beybars ularni osongina magʻlub etdi. Gʻazoda bir kun oʻtkazgandan soʻng, Qutuz oʻz qoʻshinini qirgʻoq boʻylab Quddusdagi Salibchilar davlatining qoldigʻi boʻlgan Akre shahriga olib bordi. Salibchilar mamluklarning anʼanaviy dushmanlari boʻlib, moʻgʻullar ularga Frank-moʻgʻul ittifoqini tuzish haqida murojaat qilishgan. Biroq, oʻshanda salibchilar moʻgʻullarni eng katta xavf deb bilishdi. Qutuz salibchilarga bilan moʻgʻullarga qarshi harbiy ittifoq tuzishni taklif qildi, biroq salibchilar ikki kuch oʻrtasida betaraf boʻlishni afzal koʻrdilar. Biroq, ular Qutuz va uning qoʻshinlariga salibchilar hududi boʻylab bemalol foydalanishlariga va salibchilarning qal’asi Akre yaqinida qayta taʼminot uchun qarorgoh qurishlariga ruxsat berishdi. Qutuz va uning qoʻshini u yerda uch kun qolib, moʻgʻullar Iordan daryosidan oʻtganini eshitgani zahoti, Qutuz va Beybars oʻz qoʻshinlarini Ayn-Jalutga moʻgʻullarni kutib olish uchun boshlab kelishdi.
Ayn-Jalut jangi
1260-yil 3-sentabrda boʻlib oʻtgan Ayn-Jalut jangi tarixdagi eng muhim janglardan biri va burilish nuqtasi boʻldi. 1250-yilda, Ayn-Jalut jangidan atigi oʻn yil oldin, xuddi shu Bahriyya Mamluklari (Qutuz, Beybars va Qalavun) Misrni Fransiya qiroli Lyudovik IXning Yettinchi Salib yurishiga qarshi boshqargan. Ayn-Jalutdagi moʻgʻul qoʻshiniga turkiy nayman qabilasidan boʻlgan nestoriyan nasroniy Kitbuqa boshchilik qiladi va Kilikiya Armanistonining nasroniy shohi va Antioxiya nasroniy shahzodasi hamrohlik qiladi. Xorazm, Bagʻdod va Suriya qulagandan soʻng, Misr Yaqin Sharqdagi Islomning soʻnggi qalʼasi boʻlib qoldi va Levant qirgʻoqlari boʻylab salibchilarga tegishli sohillarining mavjudligi Islom olami uchun jiddiy xavf tugʻdirayotgan edi. Islom olami va Xristian gʻarbining kelajagi Oʻrta asrlarning eng qudratli ikki jangchilari hisoblangan va baʼzi xristian salibchilar tomonidan qoʻllab quvvatlangan mamluklar va moʻgʻullar oʻrtasida boʻlgan aynan ushbu jangga bogʻliq edi.
Ayn-Jalutda Qutuz boshchiligidagi Misr qoʻshinining avangardini tezkor qoʻmondon sifatida tanilgan Beybars boshchilik qildiva uning moʻgʻul qoʻshiniga qarshi qoʻllagan harbiy hiyla-nayranglari muvaffaqiyat olib keldi. Misrliklar dastlab moʻgʻullar hujumiga qarshi tura olmadilar va qoʻshinlarining chap qanoti qattiq shikastlanganidan soʻng tarqalib ketishdi, lekin Qutuz oʻrnidan turib, dubulgʻasini osmonga uloqtirib, „Ey Islom“ deb baqirdi va oʻzining zarar koʻrgan boʻlinmasi tomonga oʻtib hujumni davom etadi. Moʻgʻullar Qutuz qoʻshinidan hujumidan ortga chekinishdi va Bayt-Shean yaqiniga qochishdi ammo ular birlashishga muvaffaq boʻldilar va ortga qaytib, jang maydonida muvaffaqiyatli qarshi hujum qilishdi. Qutuz uch marta baland ovozda: „Ey Islom! Yo Alloh quling Qutuzga moʻgʻullar ustidan gʻalaba qozonishni nasib et“ deb baqirdi. Moʻgʻullar nasroniy va musulmon ittifoqchilari bilan Qutuz armiyasi tomonidan butkul magʻlub etildi va Suriyaga qochishdi hamda u yerda mahalliy aholi tomonidan talandi. Qutuz askarlari oʻlja yigʻayotgan paytida yerni oʻpdi va namoz oʻqidi. Moʻgʻul qoʻshini qoʻmondoni Kitbuqa oʻldirildi va uning boshi Qohiraga yuborildi.
Bu moʻgʻullarning islom olamiga hujum qilganidan keyingi birinchi magʻlubiyati edi. Ular butun shimoliy Levantdan soʻng esa Damashqdan qochishdi. Qutuz moʻgʻullarni yoʻq qilishni nihoyasiga yetkazish maqsadida qoʻshini bilan Damashqqa kirib, qolgan moʻgʻullarni yoʻq qilish uchun Beybarsni Homsga yubordi. Qutuz tomonidan Damashqdagi sulton noibi etib Alam ad Din Sonjar, Halab amirligi esa Al-Malik al-Said Alaʼad-Dinga berildi va Qutuz tomonidan yangi Abbosiy xalifasi tayinlanishi arafasida edi. Levantdan Misr chegarasigacha va Furot daryosigacha boʻlgan barcha hududlar moʻgʻullardan ozod qilindi. Bu gʻalabadan soʻng mamluklar oʻz hukmronligini Levantgacha kengaytirdilar va Ayyubiylar va boshqalar tomonidan qonuniy hukmdorlar sifatida tan olindi. Huloku moʻgʻul qoʻshinlarining magʻlubiyatini eshitgach, Tabriz yaqinida An-Nosir Yusufni qatl qildi. Ammo Huloku Mamluklar sultonligiga raxna solib turardi, lekin tez orada Yevrosiyo dashtlari gʻarbining yarmini egallagan va islomni qabul qilgan Oltin Oʻrda moʻgʻullari bilan jiddiy toʻqnashuvlarga duchor boʻldi(qarang Berka-Huloku urushi). Huloku 1265-yilda vafot etdi. U hech qachon moʻgʻullarning Ayn-Jalutdagi magʻlubiyati uchun qasos olmadi.
Ayn-Jalut jangi, shuningdek, portlovchi qoʻl toʻplari (arabchada midfa) ishlatilgan eng qadimgi jang boʻlganligi bilan ham eʼtiborlidir. Bu portlovchi moddalar moʻgʻul otlari va otliq qoʻshinlarini qoʻrqitish va ularning saflarida tartibsizliklar keltirib chiqarish uchun Misrlik mamluklar tomonidan ishlatilgan. Ushbu toʻplarning portlovchi porox tarkibi keyinchalik XIV asr boshlarida arab kimyoviy va harbiy qoʻllanmalarida tasvirlangan.
Suiqasd
Qutuz Qohiraga qaytib ketayotib, Solihiyadagi ov ekspeditsiyasi paytida oʻldirildi. Ham zamonaviy, ham oʻrta asr musulmon tarixchilarining bergan maʼlumotlariga qaraganda, Beybars suiqasdda ishtirok etgan, Al-Maqriziyning fikricha, u ham Beybarsning aloqasi bor deb hisoblagan, Qutuzni haqiqatda yakson qilgan amirlar esa amir Badr ad-Din Baktut, amir Ons va amir Bahodir Al-Muizziylar deb taʼkidladilagan. Gʻarb tarixchilari fitnaga Beybarsni ham qoʻshib, unga bevosita suiqasdni amalga oshirgan deb hisoblashadi. Mamluklar davridagi musulmon yilnomachilari Beybarsning maqsadi Sulton Aybak davridagi doʻsti va Bahriylar yetakchisi Foris ad-Din Aqtoyning oʻldirilgani uchun qasos olganligini yoki Qutuzning Avn-Jalut jangidan oldin unga vaʼda qilgan Halabni Mosul amiri Al-Malik as-Saidga bergani sabab boʻlganini taʼkidlaganlar..
Qutuz dastlab Al-Qusayr shahrida dafn etilgan, keyin Misrning Qohira shahridagi qabristonga qayta dafn etilgan. Beybars bezatilgan Qohiraga qaytib keldi moʻgʻullar ustidan qozonilgan gʻalabani nishonlagan va u oʻzini yangi sulton deb eʼlon qildi. Qutuzning joriy qilgan urush soliqlarini bekor qilgan Beybars tez orada xalqning nazariga tushdi.
Tangalar
Qutuz tangalarida uning ismlari va unvonlaridan boshqa hech qanday nom yoʻqligi uchun ham Mamluk tangalari tarixida noyob hisoblanadi: al-Malik al-Muzafar Sayf al-Donya va al-Din ("Gʻolib podshoh, eʼtiqod va oʻtkinchi dunyo qilichiʼʼ) va al-Muzafar Sayf ad-Din („Iymonning gʻolib qilichi“).
Yana qarang
Manbalar
Izohlar Manbalar Adabiyotlar
Havolalar
uz.wikipedia.org