Qutlug'murod inoq madrasasi




Qutlugʻmurod inoq madrasasi  – Xivadagi meʼmoriy yodgorlik (1804—1812); Ichan qalʼa tarkibida. Olloqulixonning togʻasi Qutlugʻmurod inoq qurdirgan; vasiyatiga binoan miyonsaroy zamini tagiga dafn etilgan.

Tavsifi



1858-yilda ushbu ilm dargohida 95 talaba tahsil olgan. Ularga 2 ta oxund taʼlim bergan. Bundan tashqari bu madrasada mutavvalli (madrasa mutasaddisi), imom, muazzin (azonchi), uni supurib-sidiradigan farrosh va talabalarni soch-soqolini oluvchi sartarosh lavozimlari ham mavjud boʻlgan. Madrasaning old tomoni keng maydon va uning yaqinida savdo rastalari, kichkina bozor boʻlgan. Madrasani tamomgan toliblar imtihondan oʻtishgan. Imtihon uchun xon tomonidan „maxsus hay’at“ tuzilgan. Hay‘at tarkibiga baʼzan xonning oʻzi, koʻp hollarda valiahd, Xivaning qozi-kaloni (bosh qozi), Qozi oʻrda (shahar qozisi) va boshqa bir nechta ulamolar boʻlgan. Imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgan toliblarga muftiy, aʼlam, oxund, muqarrar (madrasa kitobdori) kabi unvonlar berilgan. Madrasani tugatgan toliblar orasida shoirlar, muarrix-tarixchilar, xattotlar, olim-u fuzalo kishilar yetishib chiqqan.

Ushbu madrasada qoraqalpoq shoiri Berdaq, ilm va marifat kuychisi shoir Avaz Oʻtar oʻqigan. Hozirgi kunda madrasaning hovlisida hunarmandlar ishlab ishlagan mahsulotlar koʻrgazmasi tashkil etilgan.

Meʼmorchiligi



Madrasa toʻrtburchak tarhli (57x44 m), masjid va darsxona (tarhi 5x5 m), hujralar (3x3 m), hovli (31,8x27,8 m) hamda hovli oʻrtasidagi sardoba (diametri 7,15 m)dan iborat. Q.Qutlugʻmurod inoq madrasasi Xivada dastlab qurilgan 2 qavatli madrasa boʻlib, Xiva madrasalariga xos boʻlmagan 2 qavatli, 3 ochiq ravoqli, bosh tarzi ochiq va mahobatli qilib bunyod etilgan; bino gʻishtdan loy bilan terilgan, poydevori devoridan yogʻoch toʻsinlar (sardobaniki marmar) bilan ajratilgan. Bosh tarzidagi peshtoq va uning 2 D. yoni 3 ravoqli, burchaklariga guldastalar ishlangan; peshtoq orqali miyonsaroyga kiriladi. Miyonsaroy 3 xonali, 2 yonida madrasa va darsxona joylashgan; masjid va darsxona gumbazi qalqonsimon bagʻallarga bogʻlangan, yozgi masjid pastak gumbaz bilan, hujralar balxi gumbaz bilan yopilgan; sardobaning gumbazi silindrsimon poygumbazga oʻrnatilgan, poygumbaziga ravoqli aylana yoʻlak (balandligi 1,65 m, eni 0,6 m) ishlangan.

Q.Qutlugʻmurod inoq madrasasi Xivadagi sirlanmagan va bosma usulida yaratilgan boʻrtma bezaklar qoʻllangan yagona yodgorlikdir; peshtogʻi, miyonsaroy rangli oʻyma ganch bilan ziynatlangan, ravoqlari muqarnaslar bilan toʻldirilgan; sirli koshin va parchinlar bilan qoplab beza-tilgan; derazalariga ganch panjaralar ishlangan; oʻymakori eshiklari amaliy sanʼatning nodir namunasidir (naqshlar orasida bino qurilgan sana bitilgan). Madrasa hovlisida yer osti suv ombori qurilgan boʻlib, undan butun Ichan qal’a aholisi ichimlik suvi olgan. Madrasa hududida yozgi masjid ham qurilgan.

Qutlugʻ Murod Inoq vafotidan keyin uni oʻzi qurgan madrasaga koʻmishlarini vasiyat qilib qoldirgan. Ushbu davrning qonun-qoidalariga koʻra, shahar tashqarisidan shahar ichiga jasad olib kelinishi taʼqiqlangan. Qutlugʻmurod inoqni dafn etish uchun esa madrasa qarshisida qal’a devori yiqitilgan. Natijada madrasaga boradigan yoʻl ochilib, jasad shu yoʻl orqali olib kirilgan va madrasa darvozasi ostiga dafn etilgan. Qal’a devori esa qaytadan taʼmirlangan. Baʼzi taxminlarga koʻra oʻlik madrasa oldida joylashgan maydonning chap tarafidagi goʻrxonaga dafn etilgan boʻlishi ham mumkin.

Manbalar





uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz