Qutbiddin O'zloqshoh
Oʻzloqshoh , Qutbiddin Oʻzloqshoh (1200 — 1221) — Muhammad Xorazmshohning kenja oʻgʻli. Onasi bayot qabilasidan boʻlgan. Turkon xotunning sevimli nabirasi. Uning istagi bilan Muhammad Xorazmshoh Oʻzloqshohni oʻziga valiahd qilib belgilab, Xorazm, Xuroson va Mozandaronni bergan edi. Biroq moʻgʻullar istilosi davrida Xorazmshoh oʻlimi oldidan Jaloliddin Manguberdini taxt vorisi etib tayinlaydi. Oʻzloqshoh va akasi Oqshoh Jaloliddin bilan Gurganjni mudofaa etish uchun kelishganda Oʻzloqshoh tarafdori boʻlgan amirlar Jaloliddinni tan olmay unga suiqasd tayyorlaydilar. Jaloliddin 300 navkari bilan shaharni tark etgan, uch kundan soʻng moʻgʻullar yaqinlashib kelayotgani uchun Oʻzloqshoh va Oqshoh u yerdan qochgan. Moʻgʻullar ularni Xabushon viloyatidagi Ustuvogacha taʼqib etadilar va Vashta qishlogʻida ularga yetib oladilar. Oʻzloqshoh qoʻshinini jangovar safga tizadi. Qattiq jangda moʻgʻullar yengilib, chekinadilar. Oʻzloqshoh va uning safdoshlari gʻalabadan mast boʻlib hushyorlikni yoʻqotadilar. Moʻgʻullarning boshqa bir qoʻshini toʻsatdan hujum qilib ularni tormor keltiradi. Oʻzloqshoh va Oqshohlar jangda halok boʻlishadi.
Manbalar
uz.wikipedia.org