Qunduzcha Jangi
Qunduzcha jangi — Amir Temur qoʻshinlari bilan Oltin Oʻrda xoni Toʻxtamish qoʻshini oʻrtasida hozirgi samara bilan Chistopol shaharlari oraligʻida, Volga daryosining sharqiy sohilida joylashgan Qunduzcha (hozirgi Kondurcha) mavzeida sodir boʻlgan jang (1391.18.6); oʻrta asrlardagi eng yirik janglardan biri.
Sohibqironning Eron, Kavkazortidagi mavqei ortib borayotganini gʻarazgoʻylik bilan kuzatayotgan Toʻxtamish Amir Temurga qarshi Misr bilan ittifoq tuzishni rejalashtirgan. U Sohibqironning Erondaligidan foydalanib, hatto Movarounnahrga ham bosqinlar uyushtiradi. Amir Temur Toʻxtamishxonning gʻanimlik harakatlariga chek qoʻyish maqsadida 1391-yil unga qarshi yurishga jazm etadi va umumiy safarbarlik eʼlon qiladi. 200 ming kishilik qoʻshin Oʻtror tomon yoʻl oladi. Qozo-gʻistondagi Ulugʻtogʻ qoyalarida Sohib-qironning bu yurish haqida yozib qoldirgan xotira yozuvi saqlangan. Unda jumladan shunday deyilgan: „Tarix yegti yuz toʻqson uchta, qoʻy yil yozning ora oy Turonning sultoni Temurbek 200 ming cherik bila islom uchun Toʻxtamishxonni(ng) xonigʻa yoʻridi. Bu yerga yetib, belgu boʻlsun teb bu yoʻbani koʻpardi. Tangri nisfat ber-gay, inshaolloh, Tangri el kishiga rahmat qilgʻay, bizni duo bila yod qil-gʻay“.
Sharafuddin Ash Yazdiynnng yozishicha, Toʻxtamishxon qoʻshini Amir temurnikidan ancha koʻp boʻlgan. Qunduzcha jangida har ikki tomondan 500 mingga yaqin jangchi ishtirok etgan.
Amir Temur qoʻshinni anʼanaviy tartib — markaz, soʻl va oʻng qanot holidan oʻzgacha tartibda tuzishga ahd qiladi va jangovar tartibning yangi usulini qoʻllaydi, qoʻshin 7 qoʻlga taqsim etiladi. Markazdagi qoʻlga amalda amir Sulaymonshoh qoʻmondon boʻlgan. Uning ortidan Muhammad Sulton bosh boʻlgan qoʻl joylashgan, bu qoʻl ketidan Sohibqiron qoʻl ostida boʻlgan 20 qoʻshin (boʻluk) zaxiradagi qism sifatida borgan. Barongʻarga Mironshoh mirzo, qunbul (qanot)ga amir Xoji Sayfuddin barlos, juvongʻarga Umar-shayx mirzo, unga qunbul sifatida amir Berdibek, Saribugʻo qoʻllari joylashgan. Oʻgʻruq va zaxira qismlarga qoʻmondonlikni Amir Temur oʻz zimmasiga olgan. Uning maqomi markaz ortida boʻlib, kim yordamga muhtoj boʻlsa oʻshanga koʻmak yuborishga tayyor turgan. Keyinchalik maʼlum boʻlishicha jang taqdirini ushbu harbiy qism hal etgan.
Toʻxtamishxon qoʻshinini 5 qoʻlga taqsimlab, ularga Joʻji xonadoniga mansub shahzodalar hamda eng oliy dara-jadagi amirlarni qoʻmondon qilib tayinlaydi. Ikki tomon qoʻshini bir-birini koʻra oladigan masofaga kelganda Amir Temur dushman koʻz oʻngida oʻtov, chodirlar oʻrnatishni, gilamlar yozishni buyuradi. Bunday namoyishkorona sovuqqonlik dushman ruhiyatiga salbiy taʼsir etib, uni esankiratib qoʻyishi lozim edi.
Jang kuni erta tongda (18-iyun) Sohibqiron qoʻshini koʻz oʻngida otdan tushib Allohdan madad tilab ikki rakaat namoz oʻqigan. Bayroq va tugʻlarni koʻtargan qoʻshin nogʻora chalib, suron aytib, ulkan jang karnaylari sadolari ostida jangni boshlaydilar. Umarshayx qoʻmondonligi ostidagi soʻl qanot Toʻxtamish tomonidan berilgan zarba natijasida mushqul ahvolda qoladi, raqib qoʻshini soʻl qanotni yorib oʻtib orqa tomondan hujum uyushtirishga erishadi. Amir Temur bu paytda qipchoqlarning asosiy qismini taʼqib etmoqda edi, lekin u zaxiradagi qism bilan oʻzining soʻl qano-tiga yordamga keladi va dushman uloqti-rib tashlanadi. Shundan soʻng Toʻxtamish asosiy zarbani Shayx Temur Sulduz rah-barligidagi qismlarga qaratadi va uning favjini yakson etib oʻrtani yorib chiqadi, lekin qarshisidan Umarshayx mirzo qoʻshini chiqib muhorabaga kirishadi. Shu tariqa Hoji Sayfuddin barlos boshchiligidagi qanot qoʻshinlari gʻanimning juvangʻariga hujum qilishi boshlanadi, bu hujum dushman juvangʻari qarshiligini sindiradi. Toʻxtamish Hoji Sayfuddinga qarshi quch tashlaydi, biroq ularga qarshi amir Jahon-shoh qismi tashlanadi. Shayx Temur Sulduz qatorlarining yorib oʻtilishi ham toʻxtatilgan. Ibn Arabshohning yozishicha, Toʻxtamish qoʻshinining bir qismi ikki lashkarboshi oʻrtasida chiqqan nizo tufayli jang maydonidan qochgan. Qunduzcha jangi Sohibqiron foydasiga hal boʻlgan. Toʻxtamish qochgan, uning ketidan amirlar, sarkardalar va qolgan-qutgan qoʻshini ham ergashgan. Sohibqiron nihoyat otdan tushib Allohga hamdu sano aytgan. Amir Temur har oʻn otlikdan yettitasini dushmanni taʼqib etishga joʻnatgan. Volga daryosigacha taʼqib etilgan Oltin Oʻrda jangchilari oʻldirilgan yoxud asir olingan. Bir oyga yaqin dam olgan Sohib-qiron katta oʻlja bilan Movarounnahrga qaytgan.
Adabiyot
uz.wikipedia.org