Qulja arvohkapalagi
Qulja arvohkapalagi (Sphingonaepiopsis kuldjaensis) — arvohkapalaklar (Sphingidae). oilasiga mansub tungi kapalak turi.
Tavsif
Bunday kapalaklarning qanoti kengligi 30-34 mm. Tana va oldingi qanotlari kulrang-jigarrang. Oldingi qanotlarda qanotning markazi bo‘ylab jigarrang chiziq mavjud bo‘lib, ularda ochiq ko‘ndalang va quyuq uzunlamacha chiziqlari ajratib turadi. Orqa qanotlarining maydoni keng.
Tarqalishi
O‘zbekistonda (Gʻarbiy Tyan-Shan, Zarafshon tizmasida), Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Xitoy (Sinszyan)da tarqalgan.
Kapalaklar o‘rta tog‘li (dengiz sathidan 1000-2500 metr balandlikda) daraxt va buta o‘simliklari bo‘lgan quruq aralash o‘tli dashtlarda, yaxshi isitiladigan quruq joylarda yashaydi. Asosan populyasiyasi mahalliy tartibda.
Hayot tarzi
Yiliga bir marta to‘la, ikkinchi marta qisman nasl beradi. Kapalaklar oqshom va tunda faol. Parvoz vaqti aprel-iyun (birinchi nasl) va iyul-sentyabr oylarida, ba’zan oktyabrda (ikkinchi nasl). Qurtlar may-iyun oylarida va avgust-sentyabr oylarida rivojlanadi. Qurtlar ozuqa o‘simliklari - chaqamiq (Galium) o‘simligida rivojlanadi. Tuproqning yuqori qatlamida g‘umbakka aylanadi. Birinchi nasl qisman va ikkinchi nasl g‘umbaklari to‘liq qishlaydi.
Muhofaza etish
Hamma joyda kam. Lokal populyasiyalarida mavsumda 10–20 donagacha hisobga olinadi, uzluksiz kamayib bormoqda. O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan (2-toifa – zaif turlar: soni kamayib borayotgan, tabiiy ravishda kam uchraydigan).
Cheklovchi omillar
Yashash makonlarida daraxt va butalarning kesib tashlanishi, pichan tayyorlash va chorvachilikda yaylovdan haddan tashqari ko‘p foydalanish.
Maqomi
2(VU:D): Turkistonning zaif, qisqarib borayotgan, mozaik tarqalgan endemik turi.
Ko‘payish holati
Ko‘paytirilmagan.
Muhofaza choralari
Kitob, Chotqol qo‘riqxonalari va Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘ida muhofaza ostiga olingan.
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org