Qrim boʻhroni
Qrim anneksiyasi yoki
Qrim (krizisi) boʻhroni — Ukraina va Rossiya oʻrtasida sodir boʻlgan boʻhron. Qrim boʻhroni markazida Qrim yarimoroli turdi. Bu yarimorol 2014-yil fevralgacha Qrim Muxtor Respublikasi sifatida Ukraina tarkibida boʻlgan. Hozirda esa bu hududni Qrim Federal Okrugi sifatida Rossiya boshqaradi.
Qrim boʻhroni Ukraindagi 2013-2014-yilgi siyosiy boʻhron natijasida boshlandi. Qrimda aholining yarmidan koʻpi rus millatiga mansubdir. 2014-yil fevral oyida Ukraindagi Rossiyani qoʻllab-quvvatlovchi hukumat agʻdarildi va uning oʻrniga Yevropa Ittifoqi bilan yaqinroq aloqada boʻlish tarafdorlaridan tuzilgan hukumat oʻrnatildi. Yevropa tarafdorlarining Yevromaydon va Rossiya tarafdorlarining anti-maydon siyosiy harakatlari orasida keskinlik kuchaydi. Bunda Rossiya ommaviy axborot vositalarida yangi Ukraina hukumatini oʻng qanot siyosatchilarni va Svoboda partiyasini nazarda tutib „fashist“ va „aksil-Rossiya“ deb tasvirlanishi rol oʻynadi. Biror mamlakatga tegishliligini koʻrsatuvchi belgilarsiz qoʻshinlar Rossiya spetsnazi qurol-aslahalaridan foydalanib Qrim yarimorolini qoʻlga oldi. Rossiya bu kuchlarni mahalliy oʻz-oʻzini himoya qilish kuchlari deb atadi. Bundan soʻng koʻp vaqt oʻtmay Rossiya qoʻshinlari Qrimga kiritildi.
Ukraina boshliqlari diplomatik yechim topishga urinishdi. Ular tomonidan koʻrsatilgan harbiy javob mamlakatning armiyasini mobilizatsiya qilish bilangina cheklanib qoldi. Rossiya esa vaziyat yaxshilangunicha qoʻshinlari Qrimda qolishini aytdi. Xalqaro miqyosda AQSH, Birlashgan Qirollik, Fransiya, Germaniya, Italiya, Polsha, Kanada va Yevropa Ittifoqi Rossiyani qoraladi va mamlakatni xalqaro qonunlarni va Ukraina mustaqilligini buzishda aybladi. Rossiya esa Ukrainadagi yangi hukumatni tan olmadi va mamlakat shunchaki Viktor Yanukovich hududda tartib oʻrnatishga chaqirib qilgan iltimosiga javob berganini aytdi. Agar bu iddao chin boʻlsa, Rossiya oʻz harakatlarini Qora Dengizdagi flot statusi haqidagi mavjud kelishuvlarga asoslanib qonuniy deb hisoblashiga olib kelgan boʻlishi mumkin.
2014-yil 6-mart kuni Qrim oliy kengashi Rossiyadan birlashish haqida soʻrashga ovoz berdi. Agar Rossiya buni qabul qilsa, 16-mart kuni bu masala Qrim referendumida oʻrtaga tashlanadigan boʻldi. Ukrainadagi yangi hukumat esa bu qadamni qonunga zid deb hisoblaydi. Associated Press kabi baʼzi ommaviy axborot vositalari bu referendumni bir tomonlama mustaqallik eʼlon qilishga qiyoslashdi.
16-mart kuni Qrimda Rossiya tarkibiga qoʻshilish haqida referendum boʻlib oʻtdi. Qrim rasmiylari referendumda ovoz berganlarning 95,5 foizi Rossiyaga qoʻshilishni qoʻllagani haqida xabar tarqatishdi. Saylov rasmiylari ovoz berishga kelganlar soni juda yuqori boʻlganini aytishdi. Shunday boʻlsa-da, qrim tatarlar va referendumga qarshilar ovoz berishdan bosh tortishdi. 17-mart kuni Qrim parlamenti rasman mustaqillik eʼlon qildi va Rossiyaga qoʻshilishni soʻrandi.
Ukraina parlamenti referendumni noqonuniy deb hisoblashini aytdi. Rossiya boʻlsa referendumni tan oldi va vaziyat yaxshilangunicha qoʻshinlari hududda qolishini bildirdi. AQSH va Yevropa Ittifoqi referendumni noqonuniy deb hisoblashlarini va Rossiyaga qarshi chora qoʻllashlari mumkinligini aytishdi, Rossiya va Qrimlik ayrim siyosatchilarga qarshi sanksiyalar eʼlon qilishdi.
Rossiya hukumati boʻlsa Qrimni Rossiyaga tezkorlik bilan toʻliq integratsiya qilish uchun choralar koʻrishda davom etdi. Qrimliklarga Rossiya fuqaroligi berila boshlandi, mamlakat Rossiya vaqtini qabul qildi. Referendumdan soʻng Rossiya hukumati mamlakat tarkibida ikki yangi subyekt — Qrim Respublikasi va federal ahamiyatga ega Simferopol shahri tuzish haqidagi qarorlarni qabul qildi.
Yana qarang
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org