Qovun Pashshasi




Qovun pashshasi — tangaqanotlilar oilasiga mansub hasharot, qovoqdoshlarga mansub oʻsimliklar (qovun, tarvuz, bodring, qovoqvab.) zararkunandasi. Oʻrta dengiz atrofi, Osiyoda tarqalgan. Ichki karantin obʼyekti. Tanasining uz. 5–6 mm, och sariq, qanotlarida 3 ta sariq yoʻli bor. Urgʻochilari tuxumlarini (120 tagacha) qovun gulbandlariga, oʻsimlik poyalariga kesaklar ostiga yakka-yakka qilib qoʻyadi. 3—5 kun oʻtgach, oqish rangli lichinkalar tuxumdan chiqib qovun xamaklarini teshib kiradi va urugʻlarini kemiradi. 10—15 kun qovun ichida yashagan katta yoshli lichinka qovunni teshib chiqib, tuproq tagida 5—7 sm chuqurlikda gʻumbakka aylanadi. Qovun pashshasining lichinkalari teshgan qovunlarda uzun chuqur yoʻllar paydo boʻladi va ular chiriydi. Qovun pashshasi 2—3 (5) km gacha uchib boradi, bundan tashqari, ular qovun mevalari bilan ham tarqaladi. 4—5 marta avlod beradi.

Kurash choralari: zararlangan qovunlar va oʻsimlik qoldiqlari tezlikda yigʻib, koʻmib yuboriladi, yer kech kuzda chuqur haydaladi, qish oylarida sugʻorib muzlatiladi. Ekishdan oldin urugʻlar dorilanadi. Urugʻlar unib chiqishi, gullashi va xamaklash davrida insektitsidlar eritmalari purkaladi.

Abdulaziz Abbosov.

uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz