Qotil asalarilar qayerda paydo bo’lgan?
1956 yili genetik olim Uorvik Kerr mo’may foyda olishga intilayotgan braziliyalik asalarichilarning topshirig’iga ko’ra, bu mamlakatga serasal arilarning Afrikada yashaydigan turini olib keladi. U juda mehnatkashligi bilan boshqalaridan farqlanib turadi. Bu tur asalarilar tez uchadi, ishni erta boshlaydi va kech tugatadi, Braziliyada parvarish qilinadigan Yevropa asalarilaridan ikki hissa ko’p asal beradi. Shu barobarda ular darg’azab, serjahl va tajovuzkordir, zahri esa toksinlidir. Olim o’z “afrikaliklarini” qat’iy ajratib qo’yishning barcha tadbirlarini ishga soldi. Shu maqsadda u asalarichilik tajriba xo’jaligini qishloqlardan uzoqrohda, o’rmonda joylashtirdi. O’sha yerda u tropik Janubiy Amerika sharoitiga moslashgan shaklini yaratish uchun ularni Yevropa asalarilari bilan chatishtiradi. U Yevropa asalarilariga nisbatan ellik foiz ko’p asal beradigan duragay nasl olishga muvaffaq bo’ldi, ularning yana bir xususiyati —tropik va subtropik sharoitlarda ekinlarni juda yaxshi changlatardi. Shunisi achinarliki, duragaylarga Afrika asalarisining g’ayratchanlik, mehnatkashlik, serasallik fazilatlari barobarida ularning tajovuzkorligi ham ko’chib o’tdi. G’ayriixtiyoriy ko’ch paydo bo’lmasligi, ishchi asalarilar kirib-chiqishi va urg’ochilari bilan erkaklari o’tolmasligi uchun arixona ko’ziga maxsus qopqoq qo’yildi. Ammo kunlarning birida kutilmagan hol yuz beradi. Asalari tajriba xo’jaligiga mahalliy asalarichi kirib qoldi va qopqoqni surib qo’ydi. Yigirma oltita asalari oilasi erkinlikka chiqib ketdi. Bu voqeani unutib yuborishdi, ammo Braziliyaning har tomonidan asalari odamlarga, mollarga, uy hayvonlariga behad talofat etkazayotgani xususidagi tashvishli xabarlar kela boshlagach, o’sha tajribani eslab qolishdi. Ma’lum bo’lishicha, “tajovuzkorlar” tajriba xo’jaligidagi asalari oilalaridan uchib kelganlar ekan. Mahalliy aholi o’zlariga vahima solgan uchuvchi yirtqichlarga “qotil asalari” degan nom beradi. Olimlar esa uni “afrikalashgan asalari” deyishadi. Odam yoki hayvon tomonidan biror bezovtalik sezishi bilan bu asalarilar o’sha dilozorga ko’ch bo’lib tashlangan. Bu aksariyat hollarda fojiali yakun topgan. 1969 yili Braziliyada ikki yuzdan oshiq odam asalari chaqishidan vafot etgan, jarohatlanganlar soni bir necha yuz mingdan oshib ketgan. Minglab ot va sigirlar qotil asalarilarga qurbon bo’lgan. Natijada asalarilarga qarshi kurash olib boruvchi maxsus guruhlar tashkil etilgan. O’tgan vaqt mobaynida yangi nasl butun Braziliyaga yoyildi, so’ng Janubiy Amerikani bosib oldi va yil sayin shimol sari oshiqmoqda. Ayrim olimlar 2000 yilda AQSh chegaralariga yetib keladi, degan fikrni ilgari surmoqdalar. Amerika hukumati hatto qotil asalarilarning tasodifan kirib qolishining oldini olish maqsadida qat’iy karantin choralarini ko’rdilar. Asalarilarning yo’li to’silishiga umid bor, bu — Meksika sahrolaridir. Yana bir yo’li sof biologik usuli: “qotillarni” sulhparvar asalarilar bilan chatishtirishdir. Bunday tajribalar esa o’tkazilgan. “Qotil asalarilarning” darg’azab xulq-atvorini “jilovlash” maqsadida ajoyib g’ayrati, noyob sulhparvar tabiati bilan ajralib turadigan Alp asalari urg’ochisi tanlandi. Braziliya, Argentina, Venesuelada o’tkazilgan tajribalar ijobiy natijalar berdi; mahalliy gajirlar o’z mehnatkashligini saqlab qolgan holda asalarichilarni o’zining yumshoq xulqi bilan ham hayron qoldirdi.
Manba
Mo’jiza kitobning 1-jildi
Uzpedia.uz