Qosimov Begali
Begali Qosimov (1942-2004) — adabiyotshunos, filologiya fanlari doktori.
Hayoti
Begali Qosimov 1942-yil 19-dekabrda Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumani Devov qishlogʻida tugʻilgan.
Taʼlimi
Begali Qosimov oʻrta maktabini oʻz qishlogʻida tamomlaydi.
1958-yilda Oʻzbekiston Milliy universiteti oʻzbek filologiyasi fakultetiga oʻqishga qabul qilinadi. U yerni 1963-yilda tamomlaydi. Keyinchalik, 1963-yilda aspiranturaga kiradi.
Faoliyati
Olim 1964-yildan matbuotda ham faoliyat yuritadi. Uning ilk maqolasi 1964-yilda „Sirdaryo haqiqati“ gazetasida chop etilgan. Birinchi risolasi „Mirmuhsin Shermuhamedov“ nomi ostida, 1967-yilda keng ommaga namoyish etilgan.
Aspiranturani nihoyalaganidan soʻng, 1966-yildan oʻqituvchi, dotsent, professor, kafedra mudiri lavozimlarida faoliyat yuritadi.
1968-yili „Mirmuhsin Shermuhamedov (Fikriy) va uning adabiy muhiti“ mavzusidagi nomzodlik, 1984-yili „XX asr boshi oʻzbek poeziyasi (inqilobiy sheʼriyatning shakllanishi va taraqqiyoti) masalalari. 1905-1917“ mavzusidagi doktorlik dissertatsiyalarini himoya qiladi.
1980-yilda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga aʼzo boʻladi.
Begali Qosimov oʻzbek mumtoz va yangi adabiyoti muammolari boʻyicha tadqiqotlar yaratgan. Lekin ijodining mohiyatini milliy uygʻonish, maʼrifatchilik adabiyoti muammolari, siymolari ijodi, taqdiri masalalari qiziqtiradi. Bu hol uning ilmiy asarlarida yaqqol koʻrinadi.
U turkiy olamdagi uygʻonish, adabiy aloqalararo bogʻliqlik masalalarini mufassal oʻrgangan. Begali Qosimov 1997-yilda Turkiya Otaturk kultur markazi faxriy aʼzosi, 1998-yilda Turkiya Otaturk Arashtirma markazi muxbir aʼzosi boʻladi. Anqarada nashr etilayotgan 33 jildlik „Turk dunyosi adabiyoti“ nashrining oʻzbek adabiyoti boʻyicha mutasaddisi ham hisoblanadi.
Shuningdek, 1998-2002-yillar oraligʻida Oʻzbekiston OAK filologiya boʻyicha, 1995-1999-yillarda Respublika fan va texnika Davlat komiteti ijtimoiy-gumanitar fanlari ekspert kengashi raisi, 1995-1996-yillar va 2002-2004-yillar oraligʻida Oʻzbekiston Milliy universiteti huzuridagi filologiya fanlari boʻyicha ixtisoslashgan kengash raisi sifatida ham faoliyat yuritadi.
U koʻplab respublika „Maʼrifat“ gazetasi, „OʻzMU xabarlari“ jurnali hamda Turkiya va Qozogʻistonda chop etilgan yana bir qator jurnallarning tahririyat aʼzosi ham edi.
Ilmiy ishlari
Begali Qosimov Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi (1999-yil), oʻndan ortiq darslik va qoʻllanmalar, 10 nomda alohida asarlar, 300 ga yaqin ilmiy maqolalar muallifi hisoblanadi. Oʻzbekiston Milliy universiteti Milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti kafedrasi asoschisi (1993-yil), mudiri sifatida faoliyat olib borgan. Kafedraning keng xalqaro ilmiy-pedagogik aloqalari mavjud. Olimning asarlari rus, turk, fransuz va tatar tillariga tarjima qilingan.
U 1986-yilda professorlik unvoniga ega boʻldi.
Mukofotlari
Begali Qosimov koʻplab nufuzli mukofotlarni qoʻlga kiritgan. Jumladan, 1993-yilda „Yassaviy nomidagi xalqaro mukofot“ sovrindori boʻladi.
Asarlari
Matnshunoslik ishlari
Vafoti
Begali Qosimov 2004-yilning 25-sentyabr sanasida vafot etgan.
Adabiyotlar
Manbalar
uz.wikipedia.org